Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

“Muhammadsharif So‘fizoda tavalludining 155 yilligiga bag‘ishlangan tadbir

Turkistonda vujudga kelgan jadidlik harakatining asosiy bosh maqsadi jamiyat taraqqiyoti uchun lozim bo’lgan barcha sohalarda innovatsion g’oyalarni joriy qilish edi. Bu bilan jadidlar Turkiston xalqining yashash tarzini o’zgartirishni, ularning ma’naviy ongini rivojlantirishni shu bilan birga milliy davlatchilikka ega bo’lishlikni asosiy maqsadlaridan biriga aylantirgan. Shu boisdan ham “Bu ma’naviy xazinani qancha ko’p o’rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko’p savollarga to’g’ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ’ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.

Masalaga shu jihatdan yondoshganda, XX asr boshlaridagi jadid adabiyotining yirik vakili, shoir Muhammadsharif So’fizodaning faoliyati va adabiy merosini o’rganish va targ’ib etish ham yoshlarimiz tomonidan bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetishlarida ulkan ahamiyat kasb etadi.

Qolaversa, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi F-5598-sonli Farmoyishi hamda 2023-yil 31-avgust kuni “Shahidlar xotirasi” xiyobonida berilgan konseptual fikrlar va topshiriqlar asosida jadid taraqqiyparvarlarining xotirasini abadiylashtirish yo’lida bir qator vazifalar belgilab berilgan. Belgilangan vazifalarning ijrosi o’laroq 2024-yil 27-mart kuni O’zR VM huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Shahidlar xotirasi jamoat fondi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti, O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar Universiteti, O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi bilan hamkorlikda Muhammadsharif So’fizoda tavalludining 155 yilligiga bag’ishlangan “XX asr jadid adabiyoti: vujudga kelishi, yo’nalishi, namoyondalari, ahamiyati” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani o’tkazildi.

Anjuman doirasida jadid adabiyotining shakllanish va rivojlanish tarixining o’ziga xos xususiyatlari; jadid adabiyoti vakillarining badiiy merosida jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish g’oyasining aks etishi; jadid nasri va dramaturgiyasida erk va hurriyat hamda milliy taraqqiyot g’oyalarining ifodalanishi; jadid adabiyoti vakillarining qatag’on etilish tarixi va buning oqibatlari kabi masalalar muhokama etildi.

Ushbu anjumanda XX asr taraqqiyparvarlik adabiyotining yirik namoyondasi, shoir Muhammadsharif So’fizodaning hayoti, faoliyati va jadidchilik harakati hamda milliy-madaniy merosimizda tutgan o’rni va ahamiyatini yoritishga bag’ishlangan ushbu anjumanda Respublikaning davlat va jamoat arboblari, taniqli tarixchi, adabiyotshunos olimlar, hamda talaba yoshlarning ishtirok etdilar.

Tadbir so’ngida O’zR VM huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining viloyatlardagi hududiy muzey rahbarlari bilan yeg’ilish bo’lib o’tdi hamda yangi qurilgan ma’muriy bino bo’ylab ekskursiya o’tkazildi.

Scroll to Top
Skip to content