Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

«Tarixning noma’lum sahifalari» to’plamining 11-jildi va “Tarix: xotira, xulosa va saboqlar” kitoblari nashr etildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi “Siyosiy qatag’on bo’lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o’rganish, targ’ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to’g’risida”gi PQ-270-sonli qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan «Tarixning noma’lum sahifalari» to’plamining 11-jildi va O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “Tarix: xotira, xulosa va saboqlar” kitoblari nashr etildi.

Bugun 2024-yilning 22-oktabr kuni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamda O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda mazkur kitoblarni taqdimoti bo’lib o’tdi.

Taqdimotning kirish qismini ochib berish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor, Baxtiyor Hasanov, Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyodagi vakili Andre Algermissen, Ichki ishlar Vazirligi kasaba uyushmasi bosh mutaxassisi, yuridik fanlar doktori, professor Abdug’affor Sattarov so’z berildi.

Qolaversa o’z ma’ruzalari bilan Michigan davlat universiteti, professor (AQSh) Temur Xo’ja o’g’li, Zonguldak Bulen Ejevit universiteti, professor (Turkiya) Nuretdin Xatin o’g’li, O’zbekiston Xalqaro Islom Akademiyasi, tarix fanlari doktori, professor Saidakbar Agzamxodjaev, O’zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori tarix fanlari doktori, professor Ismailova Jannat Hamidovna ishtirok etdilar.

Mazkur kitoblarda O’zbekiston tarixining mustamlaka va totalitar tuzum davrida ro’y bergan, ammo tarixchi olimlar tomonidan kam o’rganilgan muhim masalalariga oid ilmiy maqolalar, hujjat va materiallar, shuningdek, o’z taqdirida murakkab tarixiy davrning fojiali voqealarini ifodalagan shaxslar haqidagi xotiralar o’rin olgan.

Kitoblar O’zbekiston tarixining mustamlakachilik davri bilan shug’ullanuvchi tarixchi, adabiyotshunos, faylasuf va yurist olimlar, aspirantlar hamda oliy o’quv yurtlari tarix fakultetlarining talabalariga mo’ljallangan. O’quvchilarga taqdim etilayotgan ushbu kitoblar Yangi O’zbekiston tarixining o’ta muhim, ayni paytda, dramatik sahifalariga bag’ishlangan.

Scroll to Top
Skip to content