Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

“Markaziy Osiyoda jadidchilik fenomeni: shaxslar va taqdirlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o’tdi.

2024-yilning 15-noyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida Qozog’iston Respublikasi “Adolat” tarixiy-ma’rifiy jamiyati, Olmaota muzeylar birlashmasining Siyosiy qatag’onlar muzeyi, Olmaota viloyati Madaniyat, arxivlar va xujjatlar boshqamasi hamkorligida Jadid ma’rifatparvari Qo’ng’irxo’ja Xojikovning 145-yilligiga bag’ishlangan “Markaziy Osiyoda jadidchilik fenomeni: shaxslar va taqdirlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o’tdi.

XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida Turkistonda vujudga kelgan jadidlik harakatining asosiy bosh maqsadi jamiyat taraqqiyoti uchun lozim bo’lgan barcha sohalarda innovasion g’oyalarni joriy qilish edi. Bu bilan jadidlar Turkiston xalqining yashash tarzini o’zgartirishni, ularning ma’naviy ongini rivojlantirishni shu bilan birga milliy davlatchilikka ega bo’lishlikni asosiy maqsadlaridan biriga aylantirgan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyulda qabul qilingan “Siyosiy qatag’on qurboni bo’lgan vatandoshlar hayoti va faoliyatini o’rganish, xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to’g’risida”gi qarorida jadid taraqqiyparvarlari hamda qatag’on qurbonlarining xotirasini abadiylashtirish yo’lida bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu xalqaro konferensiyada Markaziy Osiyo taraqqiyparvarlik harakatida muhim o’rin tutgan Qo’ng’irxo’ja Xojikovning hayoti va faoliyati hamda jadidchilik harakati namoyondalari va ularning qatag’on etilishiga bag’ishlangan O’zbekiston va Qozog’iston Respublikalarining davlat va jamoat arboblari, taniqli tarixchi, adabiyotshunos olimlar tomonidan ma’ruzalar qilindi.

Scroll to Top
Skip to content