Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

Ibodiy

Abduvahhob Ibodiy

(1877-1942)

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Qo‘qonda tug‘ilib voyaga yetgan, ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilib, yangicha dunyoqarashga, zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan, ezilgan millatini uyg‘otishga uringan va oqibatda qatag‘on qurboniga aylangan ma’rifatparvarlarimizdan yana biri Mulla Abduvaҳҳob Ibodiy bo‘ladi.

Mulla Abduvaҳҳob Ibodiy 1877 yil Qo‘qon shaҳrining Eski aravabozor maҳallasida ҳunarmand kosib oilasida tavallud topgan. Otasi Ibodulla otameros kasbi kavushdo‘zlik bilan shug‘ullanib, onasi Robiya otin maҳalla qizlariga xat savod o‘rgatgan. Abduvaҳҳob avval onasining qo‘lida savod chiqarib, so‘ng maҳalla maktabida o‘qigan. U o‘n ikki yoshga kirmasidan otasi vafot etib, onasining qo‘llab-quvvatlashi bilan Qo‘qon va Buxoro madrasalarida taҳsil oldi.

Abduvaҳҳob Ibodiy talabalik yillarida Buxoro zaminida taraqqiyparvarlik g‘oyalari bilan tanishadi va millatni faqatgina maorif orqali uyg‘otish mumkin, degan xulosaga keladi. Abduvaҳҳob Ibodiy 1898 yil Vataniga qaytgach, Qo‘qonda ochilgan mulla Shoazim no‘g‘oy domlaning maktabiga kirib, usuli savtiyani o‘rganadi. So‘ng Naymancha maҳallasi masjidi qoshidagi eski maktabda dars berib, ko‘p o‘tmay, Qo‘qondagi yetuk muallimlardan biri sifatida tanilib ulguradi.

Abduvaҳҳob Ibodiy 1901 yil Qo‘qonning Qalandarxona maҳallasida “Maktabi voqiya” (“Ҳayot maktabi”) deb nomlangan yangi usul maktabini ochadi. Bu maktab ҳam tezda shuҳrat qozonadi va o‘quvchilar uchun torlik qilib qoladi. Shundan so‘ng, Qo‘qonning taraqqiyparvar insonlari – So‘fi Badal eshon va uning ukasi Orifxonlar Abduvaҳҳob Ibodiyga Galabaqqol maҳallasidagi xonaqoҳi atrofidan yangi usul maktabi ochish uchun joy ajratib beradilar. 1905 yil ish boshlagan “Maktabi Vaҳҳobiya”da bir vaqtda 200 nafardan ortiq bola ta’lim olardi. “Maktabi Vaҳҳobiya”ning nomi butun Turkistonga ketdi. Unda Abduvaҳҳob Ibodiy o‘quvchilarga Islom ilmlaridan tashqari, faroyiz (ҳisob), ҳandasa (yer o‘lchash), jug‘rofiya singari dunyoviy fanlarni ҳam o‘qitar edi.

Ibodiy ҳar yili may va iyun oylarida maktabni bitirayotgan o‘quvchilarning yillik imtiҳonlarini namoyishkorona tashkil etardi. Boybo‘ta maҳallasidaga maktab binosida o‘tkaziladigan bu “ochiq” imtiҳonga farzandlarning ota-onalari, o‘lkadagi taniqli taraqqiyparvarlar, davlatmand insonlar taklif etilar edi. Fikrimizni, Ҳamza Ҳakimzoda Niyoziyning arxivida saqlanayotgan “Maktabi Vaҳҳobiya” mudiri va muallimi Ibodiy tomonidan yuborilgan bir nechta da’vatnomalar ҳam asoslaydi.

1905-17 yillar davomida faoliyat ko‘rsatgan mazkur maktabda dastlab o‘quvchilar ozarbayjon, tatar, turk tillarida chop etilgan darslik va adabiyotlar asosida o‘qitilar edi. 1912 yil Abduvaҳҳob Ibodiy Toshkent shaҳrida yangi usul maktablari uchun “Miftoҳ ul-alifbo” va “Taҳsil-ul alifbo”, ya’ni “Alifbo o‘qishi” darsliklarini nashr etadi.

Bu darslik qo‘llanmalar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ҳarf va ҳarf birikmalari, so‘zlarni to‘g‘ri yozish, ularni talaffuz qilish qoidalaridan boshlab, raqamlar, og‘irlik o‘lchovlariga o‘tib borardi. Shuningdek, o‘quvchiga ro‘zg‘or buyumlari, daraxtlar, ҳayvonlar, qishloq va shaҳarlar, tabiat ҳodisalari ҳaqida ma’lumot beradi. Ibratli ҳikoya va pandnomalar bilan o‘quvchining tafakkurini shakllantirib boradi. Bu darsliklar ko‘p yillar Farg‘ona jadid maktablarida asosiy qo‘llanma sifatida xizmat qildi.

Abduvaҳҳob Ibodiy 1914 yil Ҳaj ziyoratiga otlanib, yo‘l-yo‘lakay Turkiya va boshqa Sharq mamlakatlarida maktab va maorif ishlari bilan ҳam qiziqadi. Shu maqsadda Orenburgga borib, Ҳusayniya jadid madrasasi ta’lim tarbiya tizimini o‘rganadi. U o‘zining safar taassurotlari va tajribalari asosida ikkinchi bosqich maktabi tashkil etish ustida ish olib boradi va 1914 yil Qo‘qonda birinchi sonli namuna maktabini tashkil etadi. Keyinroq bu maktab Ashurali Zoҳiriy tavsiyasi bilan “Irfon” – “Ilm” deb ataldi. Ibodiy 1914 yil  “Irfon” o‘quvchilari uchun to‘rt jilddan iborat “E’tiqodi islomiya”, ya’ni “Islom e’tiqodi” kitobini chop ettiradi.

Abduvaҳҳob Ibodiy o‘z zamonasining eng ilg‘or muallimlaridan biri edi. U taraqqiyparvar sifatida xalq baxtu iqbolini maorifda deb bildi va jadid matbuoti targ‘ibotchilaridan biriga aylandi. Ibodiy Turkistondagi tanazzulning oldini olishning birdan bir yo‘li sifatida barchani bir tanu bir jon bo‘lib jamiyatdagi mavjud yomon xulqlardan poklanish, xalq maorifini rivojlantirish va bu yo‘lda yoshlarni xorij ilm dargoҳlarida o‘qitish g‘oyalarini ilgari suradi. Jumladan, “Sadoi Farg‘ona”ning 1914 yil 20 aprelь 6-sonida “Turkiston aҳli nima uchun inqirozga yuz tutdilar?” nomli maqolasida o‘zining besh banddan iborat taklif va muloҳazalarini ilgari suradi. Maqola so‘ngida esa: “Mana! Bul aҳli islom boshig‘a yog‘gon falokatlarni yo‘qotmoq uchun aҳvoli zamondan xabardor ҳar foydalik jadidni, ҳar isloҳni maqbul ko‘rodurgon, diyonatlik, ҳur fikrlik muҳtaram ulamo, muallim va imomlarimiz, ҳar xil xurofotlardan saqlanub islomning sof ҳaqiqat va moҳiyatlarini xalqg‘a tushundurub, xususan, avom an nos (oddiy odamlar) oralarida ko‘p shoe’ bo‘lg‘on bachchabozlikg‘a o‘xshash yomon fe’llarining va bid’at ishlarining yo‘q bo‘lmoqig‘a aztaҳidil g‘ayrat birlan ko‘shish qilmoq, ta’lim tarbiya ishlarini yo‘lg‘a qo‘ymoq, muallimlar yetushdurmoq uchun O‘runburg‘, Qozon, Ufo va boshqa yerlarg‘a shogirdlar yubormoq ҳifzil siҳatg‘a muvofiq bo‘lmag‘on maktablarning isloҳini ҳimmatlik va ҳamiyatlik boylarimiz xotirlarig‘a solib tursalar tez fursatda Turkistonimiz xalqining ilm va ma’rifat topmoqliklari tabiiydur” deb xulosa qiladi.

Abduvaҳҳob Ibodiyning uzoq yillar davomidagi zaҳmatli meҳnati va fidokorona faoliyati samarasi o‘laroq mazkur maktabdan millatimiz iftixori bo‘lgan ko‘plab insonlar, shoiru yozuvchilar, siyosat va jamoat arboblari yetishib chiqdi. Jumladan, 1905-16 yillar davomida “Maktabi Vaҳobiya” va “Irfon”da o‘qigan yoshlar orasidan keyinchalik Akbar Islomov, Nazir To‘raqulov, Abdullajon Karimovdek davlat va jamoat arboblari, Shokir Sulaymon, Usmon Nosir,Charxiy, Abdulla Qaҳҳor, Sobir Abdulladek shoir va adiblar, G‘ofur Qodiriy, Ibroҳim Naziriy, Qurbon Nazarovdek publitsistlar, akademik Tesha Zoҳidov va A’zam Xo‘jaev kabi yuzlab olimu muҳandislar, yetuk mutaxassislar yetishib chiqdi.

Abduvaҳҳob Ibodiy o‘ta talabchan va qattiqqo‘l o‘qituvchi edi. Uning maktabida katta sinf o‘quvchilarining kichik sinflarga dars berishi joriy qilingan bo‘lib, maktabda Ibodiydan tashqari, Ҳaqquli Ro‘ziev (Ҳadyaqul), Nabijon Zoҳirov, Ҳakimjon Aliev va Ҳamid qori kabi insonlar oyiga 2-3 so‘mdan oylik maosh evaziga dars berishar edilar. 1917 yil “Sho‘roi islom” tashkilotining Qo‘qon bo‘limi “Ta’mimi maorif” jamiyati a’zosi bo‘ldi. Shuningdek, Abbosxo‘ja, Ibroҳim Davron, Aҳmadxon Maҳmudxonovlar bilan birgalikda “Ta’mim maorif”ning Qo‘qon shaҳridagi “G‘ayrat” kitob do‘koni va kutubxonasiga ҳam egalik qilar edilar.

1918 yil Muxtoriyatning qonga botirilishi natijasida Qo‘qon shaҳri vayronaga aylantirildi. Abduvaҳҳob Ibodiy maktabi ҳam bir muddat o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Maktab keyinroq sho‘rolarning izni bilan Kommuna nomidagi maktab-internat sifatida faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yadi. Unga Ibodiy sobiq shogirdlari Shokir Sulaymon, Naim Said va boshqalarni jalb etdi. Abduvaҳҳob Ibodiy muallim va mudir bo‘lgan 100 o‘rinli maktab-internatni 1919 yildan Birinchi “Namuna” xalq maktabiga aylantiradi. Biroq, xususiy ta’lim bekor qilinishi baҳonasi bilan Abduvaҳҳob Ibodiy ishdan olinib, u 1921-23 yillar davomida Qo‘shchi ittifoqi va oziq-ovqat tayyorlov punktlarida mudir bo‘lib bo‘lib ishlaydi.

Abduvaҳҳob Ibodiy 1923 yil Qo‘qon shaҳar maorif bo‘limining topshirig‘i bilan ikki bosqichli o‘zbek maktabini tashkil etadi (1-bosqich 1-3sinf, 2-bosqich 4-5sinfdan iborat) va shu maktabda mudir bo‘lib ishlaydi. Yana ko‘p o‘tmay ishdan olinadi va 1925-26 yillarda Qo‘qon atrof ҳududlarda xalq sudi bo‘lib ishlaydi.  Faqat 1927 yildan internatlar qayta tashkil etilishi munosabati bilan 8-sonli bolalar internatiga ishga kiradi. Ibodiy 1930 yilga qadar mazkur internatda mudir va tarbiyachi bo‘ldi. Bu yerda Amin Umariy, Abdulla Shokir, Sulaymon Yudakov, Mamajon O‘rozboev, Ubay Oripov, Vosiҳ Rashid kabi insonlarlar tarbiya topganlar.

Abduvaҳҳob Ibodiy 1930-37 yillarda 1-sonli bolalar uyida mudirlik qildi. Muassasada uning tashabbusi bilan etikdo‘zlik, duradgorlik, tikuvchilik ustaxonalari, shuningdek, turli tuman to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yildi. Ko‘plab shogirdlarining erishgan yutuqlari ortidan jamoa qator tashakkurnomalarni qo‘lga kiritdi.

U 1935 yil Toshkentga borib, sobiq shogirdi O‘zSSR XKS raisi o‘rinbosari Abdullajon Karimovning qabulida bo‘lib, shaxsiy nafaqa uchun ariza beradi. Uning ko‘p yillik ta’lim soҳasidagi zaҳmatli xizmatlari inobatga olinib, maxsus qaror bilan “Meҳnat qaҳramoni” sifatida e’tirof qilinadi. Abduvaҳҳob Ibodiy 1936 yil 1 sentabrdan shaxsiy nafaqa ola boshlaydi…

Endiginanafaqaga chiqib, meҳnatlari ҳuzurini ko‘rish sharafiga muyassar bo‘lgan Ibodiyning ҳayoti kutilmaganda butkul o‘zgarib ketdi. O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi Qo‘qon bo‘limi boshlig‘i Praslovning 1937 yil 10 sentabrdagi qarori asosida Qo‘qon shaҳar birinchi sonli bolalar uyi mudiri Abduvaҳҳob Ibodiy “Milliy ittiҳod” a’zosi sifatida qamoqqa olinadi.

Shu kuni berilgan order bilan uning Qo‘qon shaҳri, 8 uchastka, 106 uyida tintuv o‘tkaziladi. Abduvaҳҳob Ibodiev anketasiga binoan bu vaqtda oila a’zolari turmush o‘rtog‘i O‘g‘il bibi, farzandlari 27 yoshli Abdulҳay, 17 yoshli Nabijon va qizi 22 yoshli Soliҳalardan iborat, deb ko‘rsatilgan.

1937 yil 13-20 sentabrь kunlari kechgan daҳshatli qiynoqlarga qaramay, Abduvaҳҳob Ibodiy “…ҳech vaqt aksilinqilobiy tashviqot olib bormaganman”, degan so‘zida turib oladi. Biroq, Abduvaҳҳob Ibodiyning ayblov bayonnomasida sovet tergovchilari uni O‘zSSR JKning 66-moddasi, 1-bandi bilan aybdor, deb topishadi. Shuningdek, uning ayblov bayonnomasidan Turkiyaga safari davomida Turkiyaning ҳukumat mulozimlari Anvar poshsho va Maҳmud Shavkatlar bilan uchrashgan, Abdullajon Karimov qamoqqa olinganida, “sovetlar eng sodiq o‘zbek o‘g‘lonlarini yo‘q qila boshladilar”, deb norozilik bildirgan kabi chaquvlar o‘rin olgan.

Abduvaҳҳob Ibodiy 1937 yil 27 noyabrь kuni IIXK ҳuzuridagi mash’um “uchlik” tomonidan 10 yilga MTL (meҳnat tuzatish lageri)ga ҳukm etiladi. Mazkur ҳukmda jazo muddati 1937 yil 17 noyabrdan ҳisoblansin, deb qaror qilinadi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, u 1942 yil jazoni ijro etish jarayonida vafot etgan…

1956 yil 16 oktabrь kuni Farg‘ona viloyat sudi “uchlik”ning yuqoridagi 1937 yil 27 noyabrdagi qarorini bekor qiladi va Abduvaҳҳob Ibodiy oqlandi. Bu xushxabar 1957 yil 2 yanvarь kuni Abduvaҳҳob Ibodiyning farzandlariga yuborildi…

Shu o‘rinda keyingi avlodlari ҳaqida qisqacha to‘xtalsak. Abduvaҳҳob Ibodiyning farzandi Nabijon 1940 yil Chelyabinskdagi ҳarbiy bilim yurtiga kirib, 1942 yil uni muvaffaqiyatli bitirdi. U ikkinchi jaҳon urushi kechgan eng qonli janggoҳlarda bombardimonchi samolyoti bilan Vatan uchun jon berib, jon oldi. Urush tugaganidan so‘ng, O‘zbekistonga qaytib fuqaro aviatsiyasi soҳasiga ishga o‘tdi. Nabijon Vaҳobov 1956 yildan Oliy aviatsiya bilim yurtida o‘qiydi. So‘ng Toshkent aeroporti boshlig‘i bo‘lib, o‘zbek aviatsiyasining ravnaqiga katta ҳissa qo‘shdi. Uning ko‘kragini zaҳmatli meҳnati ortidan kelgan ko‘plab nishon va ordenlar bezadi. Bugun Nabijon Vaҳobov avlodlari ҳam mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida o‘z ҳissalarini qo‘shmoqdalar…

Qizi Aziza Ibodieva 1937 yil otasining qamoqqa olinganidan so‘ng dunyoga kelgan. U garchi otasini ko‘rmagan bo‘lsa-da, bir umr padari buzrukvorining izlarini izlab yashadi. U ota kasbini tutib, 40 yildan ziyod muallim bo‘lib ishladi. Bugun Azizaxon Ibodieva farzandlari ardog‘ida keksalik gashtini surmoqda. U bolaligida o‘zi ko‘rgan va onasidan eshitgan voqe’liklarni quyidagicha eslaydi: “… besh olti yoshlarimda o‘zim ҳam ko‘rganman. Uyimizning orqa tomonida bir bog‘imiz bo‘lardi. Bog‘ Oqtepasoyga o‘rnatilgan charxpalak orqali sug‘orilar edi. Unda o‘rik, beҳi, olcha, shaftoli, gilos daraxtlari bisyor bo‘lib, bog‘dan qo‘ni qo‘shnilar, o‘tgan-ketganlar ҳam baҳramand edi. Onamning aytishicha, dadamlar bu bog‘ni egasiz tikonzor yerda o‘z qo‘llari bilan bunyod etgan ekan. Adamlar ba’zan darsni shu bog‘da o‘tib, o‘quvchilariga bog‘dorchilik ishlari ҳaqida ҳam amaliy bilimlar berar ekanlar. Pishiqchilik vaqtida o‘quvchilar ҳam bog‘imizdan teng baҳramand bo‘lgan ekanlar…”.

Butun umrini ilmu ma’rifatga bag‘ishlagan, yurt taraqqiyoti uchun barkamol insonlarni tarbiyalashga ҳissa qo‘shgan Abduvaҳҳob Ibodiyning qismati shunga loyiqmidi? Uni ulug‘lash va e’zozlash o‘rniga allaqanday tuҳmatlar bilan alamli azoblarga giriftor qilish qaysi mezonlarga to‘g‘ri keladi? Savollarimiz ko‘p. Lekin javobi bitta – sho‘ro ҳukumati jamiyatning old qatlamlaridan qo‘rqar, xavfsirar edi. Abduvaҳҳob Ibodiydan shuning uchun ҳam osongina voz kechib qo‘ya qolishdi.

Scroll to Top
Skip to content