(1908-1938)
Abdurauf Muhammedov 1908 yil tug‘ilgan edi. U ham akasi kabi “Namuna” maktabida tahsil oldi. Rauf mehnat faoliyatini juda erta boshlab, 1920 yil 13 yoshida meva-choy ishlab chiqarish korxonasiga ishga kirgan edi.
Abdurauf 1924-26 yillarda esa Toshkentning eski shahar komsomol tashkiloti tuman qo‘mitasida tashkiliy bo‘lim mudiri va kotibi vazifalarida ishlaydi. 1926-27 yillarda davlat apparatini mahalliylashtirish komissiyasida mas’ul kotib, 1927-28 yillarda esa Toshkent okrugi chakana ishlab chiqaruvchilar ittifoqimadaniyat bo‘limida mudir lavozimlarida ishlaydi. U 1928-31 yillarda O‘rta Osiyoda ilk bor tashkil etilgan radio markazida direktor o‘rinbosari bo‘ldi.
Abdurauf Muhammedov 1931-32 yillar Moskvada tahsil olish bilan bir paytda talabalar stipendiya komissiyasi raisi va O‘zbekistonning doimiy vakili mas’ul kotibi vazifalarida ish olib boradi. Toshkentga qaytgach, 1932 yil sentabridan 1933 yil 15 aprelgacha O‘rta Osiyo davlat universitetida direktori o‘rinbosari bo‘ldi. Yosh Abdurauf Muhammedov rahbar sifatida kimlargadir yoqmay qoldi. U 1933 yil 15 aprelda Namanganning Yangi Qo‘rg‘on tumaniga ijroqo‘m raisi o‘rinbosari lavozimiga yo‘llanadi. Tashabbuskor va intiluvchan rahbar 1936 yil 26 yanvarda Namangan shahar soveti raisi lavozimiga saylanadi. 1937 yil 2 sentabr kuni Abdurauf Muhammedov qo‘qqisdan Namangan partiya qo‘mitasi tomonidan partiyadan o‘chiriladi va ishdan olinadi. 1937 yil 14 sentabr kuni esa order yozilib, u qamoqqa olinadi.
1937 yil 14 oktabr kuni o‘tkazilgan ilk so‘roqda Abdurauf Muhammedovning o‘tmishi bilan qiziqadilar.1937 yil 1 noyabr kuni so‘roqda esa Abdurauf Muhammedovning Namangandagi shaharsovetida raislik onlaridagi “aksilsovet faoliyati” ko‘pirtirildi. Rauf go‘yoki mahalliy troskiychi aksilinqilobiy tashkilot tuzgan deb, unga O‘zSSR JKning 58, 63, 64 va 67-moddalarini qo‘llaydi. Mash’um “uchlik” Abdurauf Muhammedovning ishini 1938 yil 14 oktabr kuni soat 13:55 dan 14:10 gacha ko‘rib chiqadi va u ham o‘sha kunning o‘zidayoq otib tashlanadi.
Totalitar tuzumning qatag‘on siyosatining begunoh qurboni Abdurauf Muhammedov 1956 yil 20 oktabrda SSSR Oliy sudining harbiy kollegiyasi tomonidan oqlandi. Ish qayta ko‘rilganida ma’lum bo‘ldi-ki, Murodov, Nurmatov, Raxmatov kabi guvohlar uning aksilinqilobiy faoliyati haqida hech qachon ko‘rsatma bermagan ekanlar. Yuldashev, Shakirov, Suliev va boshqalarning ko‘rsatmalari NKVD xodimlari tomonidan soxtalashtirilgani aniqlandi.
Totalitar tuzum o‘zbekning eng sara farzandlarini juvonmarg etdi. Ularning ichida aka-uka Muhammedovlar ham bor edi. Ikki lochinidan bir paytda ayrilgan onaizor Abduraufdan turmada olgan “narsalarni oldim” deb yozilganbir parcha qog‘ozini muqaddas bitikdek qayta-qayta o‘qib, yillar davomida saqladi, farzandlarining eski kiyimlarini “bolalarimning hidi qolgan” deb umr bo‘yi yostiq qilib boshida asradi…