Sivilizasiyalararo muloqotni rivojlantirish va tarixiy xotirani mustahkamlash, ma’naviy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, xalq diplomatiyasi vositalaridan foydalangan holda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash O’zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi faoliyatining ustuvor yo’nalishlari sifatida belgilangan.
Har bir millatning tarixida o’ziga xos buyuk insonlar borki, ularning hayoti va faoliyati xalqning ma’naviy, ilmiy va madaniy rivoji uchun beqiyos ahamiyat kasb etadi. O’zbekistonning betakror va boy tarixida ham shunday yorqin shaxslar mavjudki, o’z davrida ular ma’rifatparvarlik g’oyalarini targ’ib qilib, xalqni ilmga, ma’rifatga, ezgulikka va adolatga undagan.
Milliy o’zlikni anglash va boy tariximizni tiklash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgan bugungi davrda, shavqatsiz qatag’on siyosatining qurbonlari bo’lgan davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va san’at namoyondalarining nomlari va xotiralarini abadiylashtirish, ularning jasorati va matonati misolida yosh avlodni Vatanga va xalqimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifa hisoblanadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 19 iyuldagi “Siyosiy qatag’on qurboni bo’lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o’rganish, targ’ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to’g’risida” PQ-270-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Bugun – 2025-yilning 29-aprel sanasida Markaz tomonidan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bilan hamkorlikda “O’zbek ma’rifatparvarlari tarix zarvaraqlarida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbirda yurtimizda, xususan, Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Diplomat University, O’zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti, Toshkent shahridagi Vebster universitetilarida tahsil olayotgan xorijiy talabalar ishtirok etishdi.
Seminarga taklif etilgan tarixchilar, mutaxassislar o’z ma’ruzalarida ajdodlarimizning boy merosini o’rganish va ularning ma’rifatparvarlik g’oyalari, buyuk xizmatlariga hurmat va ehtirom ko’rsatish har birimizning burchimiz ekanligini ta’kidlab o’tishdi.
Markaz rahbari Q.Sobirov bugungi seminar xalqimizning boy ma’naviy merosini o’rganish va uni jahon hamjamiyatiga yetkazish yo’lida muhim qadamlardan biri bo’lganligini, shu bilan birga Prezidentimiz tashabbuslari va qarorlari bilan buyuk shaxslar xotirasini tiklash, ulug’lash, yosh avlod qalbida vatanparvarlik ruhini mustahkamlash ustuvor vazifaga aylanganligini alohida ta’kidladi. Shu o’rinda, ushbu tadbirning Qatag’on qurbonlari xotirasi muzeyi bilan hamkorlikda va turli millatga mansub yoshlar ishtirokida tashkil etilgani – xalqlar o’rtasidagi do’stlik va madaniy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga alohida to’xtalib o’tdi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori B.Xasanov o’z ma’ruzasida nohaq qatag’onga uchragan ma’rifatparvar ziyolilar xotirasini tiklash va abadiylashtirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar mazmuni, ushbu jarayonda tarixiy adolatni tiklash, ma’naviy merosni asrab-avaylash va yosh avlod ongiga milliy o’zlikni mustahkamlashdek ustuvor vazifalarni singdirish muhimligi haqida fikr va mulohazalarini bayon etdi.
Ushbu tadbirni o’tkazish orqali yoshlar ma’rifatparvarlik harakatining namoyondalari bo’lgan, siyosiy qatag’on qurboniga aylangan o’zbek ziyolilarining hayoti va faoliyati bilan tanishtirildi, ma’rifatparvarlar jasorati va fidoyiligi orqali yoshlar ongida tarixga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg’ularini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhit yaratildi. O’zbekistonda tahsil olayotgan xorijiy talabalar o’zbek ma’naviyati, tarixiy shaxslar, qatag’on siyosati oqibatlari va ma’rifatparvarlik harakatining mohiyati haqida to’liq ma’lumotga ega bo’lishdi. Tadbir doirasida turli millat vakillari o’rtasida muloqot va tajriba almashinuvi amalga oshirildi.
Anjumanda ishitirok etgan xar bir xorijiy talaba uchun bugungi tadbir o’z xalqini ilm, ma’rifat va zamonaviy tafakkur sari yetaklashga undadi desak mubolag’a bo’lmaydi. Shu o’rinda Toshkent davlat stomatologiya institutining Hindistonlik talabasi Murugadass Rohith seminar haqida o’z fikr-mulohazlarini bildirar ekan: “Bugungi tadbirda ishtirok etish men uchun juda katta sharaf bo’ldi. O’zbek jadid ma’rifatparvarlari haqida ma’lumotlar bilan yaqindan tanishar ekanmiz, ularning o’z xalqini ilm va ma’rifat sari yetaklash yo’lidagi fidokorona xizmatlari bizga ibrat bo’ldi. Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Mahmudxo’ja Behbudi kabi buyuk siymolar nafaqat o’z davrida, balki bugungi kunda ham yoshlar uchun ibrat manbai bo’lib xizmat qilmoqda. O’zbek jadidchilari va Hindistondagi ma’rifatparvarlik harakatlari o’rtasida o’xshash jihatlar ko’pligini ko’rdim. Jadidlar kabi hind ma’rifatparvarlari ham ta’limni isloh qilishni millat kelajagi deb bilganligiga yana bir bor amin bo’ldim”- deb ta’kidlab o’tdi.
Ushbu tadbir O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorida belgilab berilgan siyosiy qatag’on qurbonlari xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan vazifalar ijrosi bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir davomiga aylandi.

















