Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

“Tarixning noma’lum sahifalari. Ilmiy maqolalar. Hujjat va materiallar. Xotiralar” to’plamining 12-jildining taqdimoti bo’lib o’tdi.

🔶Bugun – 2025-yilning 12-avgust sanasida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi “Siyosiy qatag’on bo’lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o’rganish, targ’ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to’g’risida”gi PQ-270-sonli qaroriga asosan “Tarixning noma’lum sahifalari. Ilmiy maqolalar. Hujjat va materiallar. Xotiralar” to’plamining 12-jildining taqdimoti bo’lib o’tdi.

🔶Unda O’zbekistonning XІX asrning oxiri XX asrda siyosiy tarixini professional darajada o’rganuvchi mutaxassislarning ilmiy maqollari, qatag’on qurbonlarining o’zlari va o’sha fojiali voqealar guvohlari bo’lgan zamondoshlarining qimmatli xotiralari, ilgari tadqiqotchilar uchun yopiq bo’lgan arxiv fondlari hujjatlari, shuningdek, qatag’on qurboni bo’lgan bir qancha o’zbekistonliklarning hayoti, faoliyati hamda fojiali taqdiriga oid ma’lumotlar ilk bor ilmiy muomalaga kiritilgan va keng jamoatchilikka taqdim qilingan. Bularning barchasi kitobning ilmiy hamda ma’naviy-ma’rifiy qimmatini yanada oshiradi.

 🔷2025-yilda tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Hasanov mas’ul muharrirligida ushbu kitobning 12-jildi nashrdan chiqarildi. Kitob Konrad Adenauer nomidagi fondning (Germaniya) Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi Andre Algermissen bilan hamkorlikda “Akademnashr” nashryotida chop etildi.

🔷12-kitobdagi ilmiy maqolalar asosan Turkistondagi jadidchilik harakati tarixi, unining taniqli namoyondalari, qardosh qozoq millatiga mansub taraqqiyparvarlarning ibratli hayoti va fojeali taqdiriga oid yangi ma’lumotlar asosida yozilgan.

🔶Kitobda bir qator jabridiyda vatandoshlarimizning xotiralari va qatag’on tarixiga oid yangi arxiv hujjatlari tegishli izoxlari bilan berilgan.

🔷Taqdimotda O’zbekiston hamda Qozog’istonlik tarixshunos olimlar Xazrat Ali Tursun, Gavhar Tilavkulov, Saule Xodjikova, kitobdagi maqolalar mualliflari Murod Zikrullaev, Bahrom Irzaev, Mashhuraxon Darmonova, Muslimbek Alijonov, qatag’on qurbonlarining avlodlari Ramida Sodiqova, Nodira Xusanxodjaeva, Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi vakillari, O’zR Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari,  O’zbekiston Milliy kutubxonasi va uning Toshkent shahridagi tuman bo’limlari xodimlari, yosh tadqiqotchilar, harbiylar hamda talaba yoshlar ishtirok etdilar.                                                                                                                                                                                                       

Ushbu kitob taqdimoti 31 avgust – “Qatag’on qurbonlarini yod etish” kuni arafasida o’tkazilayotganligi ham bejiz emas. Zero Muzey, qolaversa, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondining birlamchi vazifalaridan biri qatag’on siyosatining paydo bo’lishi sabablari va oqibatlarini tadqiq etish va uni mamlakatimiz tarixining tarkibiy qismi sifatida aks ettirish, qatag’on qurbonlarining hayoti va faoliyatini o’rganish, ilmiy-ijodiy merosini to’plash, nashrga tayyorlash va chop etishdan iboratdir.

Bu vazifalarni amalga oshirish maqsadida Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi ilmiy xodimlari bundan keyin ham shunday hujjat, material va ilmiy axborotlardan iborat kitoblarni nashr etib boradi.

Scroll to Top
Skip to content