Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

“Achchilik Abdusattor Qozining achchiq qismati” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi

2025-yil 18-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda muhim ilmiy-ma’rifiy tadbir, ya’ni O‘zbekiston yozuvchilar va jurnalistlar uyushmalari a’zosi, yuridik fanlari doktori, professor Abdug‘ofur Sattorov hamda mehnat faxriysi A’zam Shukurov hammuallifligida yaratilgan “Achchilik Abdusattor Qozining achchiq qismati” nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur asarda XX asrning murakkab va fojeali davrlaridan biri bo‘lgan siyosiy qatag‘on yillari, xususan, Jizzax vohasidan yetishib chiqqan ma’rifatparvar va millat fidoyisi Abdusattor Qozining hayoti, faoliyati hamda uning taqdirida aks etgan davr ijtimoiy-siyosiy jarayonlari tarixiy manbalar, hujjatlar va xotiralar asosida yoritilgan. Kitob o‘sha davrda xalq boshidan kechirgan sinovlar, adolatsizliklar va insoniy fojialarni anglashda muhim ilmiy va tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Xasanov Baxtiyor Vahapovich mazkur nashrning ilmiy qiymati, yosh avlodni tarixiy xotira ruhida tarbiyalashdagi o‘rni hamda qatag‘on qurbonlari hayotini chuqur o‘rganish zarurati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston tarixi telekanalida namoyish etilgan “Millatimiz fidoyilari” ko‘rsatuvining Jizzaxlik Abdusattor Shukurovning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan soni tomoshabinlarga havola etildi. Ushbu lavha tadbir ishtirokchilarida chuqur taassurot uyg‘otib, milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotirani asrab-avaylash va ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mazkur ilmiy-ma’rifiy uchrashuv qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, tarixiy adolatni tiklash hamda jamiyatda tarixiy ong va mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qiluvchi muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.

Scroll to Top
Skip to content