Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

“Yaldo kechasi” nomli tarixiy roman kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

2025-yil 21-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, «Shahidlar xotirasi» jamoat fondida zamonaviy o‘zbek adabiyotidagi muhim hodisalardan biri – “Yaldo kechasi” nomli tarixiy roman kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur asar tarixiy hujjatlar asosida yaratilgan badiiy to‘qima bo‘lib, uning muallifi taniqli adib Xayriddin Sulton hisoblanadi. Yozuvchi roman yaratishda adabiy mistifikatsiya usulidan mahorat bilan foydalanib, asarni go‘yo Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romaniga ikkinchi kitob sifatida talqin etadi. Muallif o‘zini Qodiriyning fozil izdoshiga, uvays shogirdiga qo‘ygan holda, buyuk adib nomidan, go‘yo uning o‘zi qalamga olgandek badiiy nutq yuritadi. Qattol zamon sharoitida Qodiriyning ijod qilish imkoniyati cheklangani haqidagi tarixiy haqiqat asar konsepsiyasining muhim falsafiy asosini tashkil etadi.

dabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov ushbu roman haqida fikr bildirar ekan, uni “hech kimning xayoliga kelmagan fantastik bir orzuning ro‘yobga chiqishi” sifatida baholab, “Yaldo kechasi” yangi zamon o‘zbek adabiyotida tamomila kashfiyot, desa arzigulik asar ekanini alohida ta’kidlaydi. Asarda tarix va badiiy tafakkur, hujjat va xayol, an’anaviy roman va zamonaviy estetik izlanishlar uyg‘unlashgan.

Taqdimot tadbirida respublikamizning ilm-ma’rifat sohasi vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, ziyolilar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbir davomida asarning g‘oyaviy-badiiy ahamiyati, Qodiriy merosiga munosabati va bugungi adabiy jarayondagi o‘rni yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Scroll to Top
Skip to content