Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

“Jadid publitsistikasi va zamonaviy media tadqiqotlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Bugun Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi bilan hamkorlikda “Jadid publitsistikasi va zamonaviy media tadqiqotlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Mazkur ilmiy anjuman Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi, atoqli maʼrifatparvar adib, noshir va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 151 yilligini nishonlash doirasida tashkil etilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.

Konferensiya jadid publitsistik merosini zamonaviy media tadqiqotlari nuqtayi nazaridan tahlil qilish, jadid matbuotining ijtimoiy-siyosiy va maʼrifiy ahamiyatini ochib berish, shuningdek, Behbudiy ijodining bugungi jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar rivojiga taʼsirini ilmiy asosda yoritishga qaratildi. Tadbir davomida jadid publitsistikasi va hozirgi media makonidagi mafkuraviy, axloqiy hamda estetik uzviylik masalalari keng muhokama qilindi.

Anjumanda respublikamizning ilm-maʼrifat sohasi vakillari, taniqli yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos va tarixchi olimlar, ziyolilar, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, oʻz maʼruzalari orqali jadidchilik harakatining milliy uygʻonish jarayonidagi oʻrni va ahamiyatiga ilmiy baho berdilar. Xalqaro miqyosdagi konferensiya jadid merosini chuqur oʻrganish va uni zamonaviy ilmiy diskursga olib kirish yoʻlidagi muhim qadam sifatida eʼtirof etildi.

Konferensiya yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Vahapovich Hasanov Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Kengashining qaroriga muvofiq “Faxriy professor” unvoni bilan taqdirlandi. Ushbu eʼtirof professor Baxtiyor Hasanovning jadidchilik harakati, qatagʻon davri tarixi va milliy xotira masalalarini tadqiq etish borasidagi serqirra ilmiy faoliyati hamda yosh avlodni tarixiy ong va maʼnaviy meros ruhida tarbiyalashdagi xizmatlarining yuksak bahosi sifatida namoyon bo‘ldi.

Scroll to Top
Skip to content