2026- yil 26-yanvar kuni Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga Polsha Respublikasi Seymi va Polsha investitsiya hamda savdo institutlari vakillaridan iborat nufuzli delegatsiya tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibidan Polsha Respublikasi Seymi Tashqi ishlar bo‘yicha komissiyasi raisi Pavel Koval (Paweł Kowal), mazkur komissiya raisining maslahatchisi Kshishtof Kuboń (Krzysztof Kuboń), Polsha Investitsiyalar va savdo agentligi raisi Andjey Dyxa (Andrzej Dycha), agentlikning eksport bo‘limi direktori Machay Sredro (Maciej Sredro), shuningdek, Polsha Respublikasining O‘zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili Marian Pshezdzetski (Marian Przeździecki) o‘rin oldi.
Mehmonlarni muzey ma’muriy binosida muzey direktori Baxtiyor Hasanov, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Murod Zikrullayev hamda ekspozitsiya bo‘limi boshlig‘i Aziza Axrarova samimiy kutib oldilar.
Uchrashuv davomida tomonlar Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, so‘nggi yillarda erishilgan yutuqlar, xotira siyosati doirasida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Tashrif yakunida delegatsiya a’zolari muzey ekspozitsiyasi bilan yaqindan tanishtirildi. Xorijiy mehmonlar O‘zbekistonda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, tarixiy adolatni tiklash va kelajak avlodga haqqoniy tarixni yetkazish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga yuksak baho berib, ushbu yo‘nalishda kelgusida samarali va barqaror hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.







