Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

'li

Abduvohid Abdurauf qori o‘g‘li

(1855-1938)

Avval rus mustamlakachilarining, so‘ngra Sovet hokimiyatining o‘zbek xalqiga yetkazgan zararlarining sanog‘iga yetib bo‘lmaydi. Ammo bolsheviklarning eng katta zarari – millatimiz yo‘lboshchilari, ziyolilarimizning yo‘qotilishi bo‘ldi. Ayniqsa, Stalin qatag‘onlari xalqimizning boshiga kelgan alamli kunlar edi.

Abduvohid qori Abdurauf qori o‘g‘li 1855 yili Toshkentda, Shayx Xovand Tohurning avlodlaridan bo‘lgan mashhur olim oilasida tavallud topdi. Avval o‘z oilasida savod chiqargach, shahardagi maktablardan birida ta’lim oldi.

Abduvohid qori Abdurauf qori o‘g‘li 1870-1880 yillarda Toshkentdagi Eshonquli dodxoh, 1880-88 yillarda Buxorodagi Ernazarboy madrasalarida tahsil olib, arab va fors tillarini, islomiy bilimlarni puxta egalladi. 1888-1906 yillarda Toshkent shahridagi Mir Abdullaboy masjid-madrasasida imom, mudarris, Shayx Xovandi Tohur dahasi qozisi kabi vazifalarni bajardi. U 1905 yilgi rus inqilobi ta’sirida zamonaviy bilimlarni, rus tilini ham o‘rgana boshladi.

Abduvohid qori Abdurauf qori o‘g‘li 1906 yil 2-Davlat Dumasiga saylovda mustamlakachilar ma’muriyati bilan yaqin bo‘lgan Sayidg‘ani Sayidazimbaev bilan raqobatda g‘olib chiqadi. 1907 yil Peterburgda o‘tkazilgan Butunrossiya musulmonlarining qurultoyida Volgabo‘yi, Qrim, Kavkaz musulmonlari vakillari bilan uchrashib, muloqotda bo‘ldi. Abduvohid qori deputatlikda kechgan ozgina davrda Rossiya imperiyasida musulmon siyosiy harakatida muhim aloqalarni qo‘lga kiritdi. U Pirmuhammad a’lam Tursunmuhammad o‘g‘li bilan hamkorlikda mahalliy aholi nomidan ishlab chiqqan talabnomasini Dumaga topshirgan. O‘zbek va tojik tillarida aholini o‘z haq-huquqi uchun kurashga chorlovchi “chaqiriq”larni yozib tarqatdi.

Abduvohid qori 1909 yilda Nikolay hukumatining Turkistondagi siyosatidan noroziligi uchun ayblanib, 5 yilga Tula viloyatiga surgun qilingan. Tula shahrida surgunda bo‘lib, u yerdagi xalqlarning urf-odatlari, turmush sharoitlari bilan tanishadi. Abduvohidning qarashlarida asta-sekin musulmonlarning siyosiy manfaatlari uchun kurashish g‘oyasi ortib bordi. Islom dini bilan qiziqqan mashhur rus adibi Lev Tolstoy bilan ham uchrashib, u bilan fikr almasha boshlaydi. Darhaqiqat, Tolstoy asarlari Turkistonda uning hayotlik paytlaridayoq o‘zbek tilida nashr etila boshlagan edi. Tolstoyning bolalar uchun yozgan hikoyalari Saidrasul Aziziy («Ustodi avval», 1902), Aliasqar Kalinin («Muallimi soniy», 1903), Abdulla Avloniy («Birinchi muallim», 1909; «Ikkinchi muallim», 1912) singari jadid ma’rifatparvarlarining darsliklarida e’lon qilingan hamda usuli savtiya maktablarida o‘qitilgan.

Birinchi o‘zbek advokati Ubaydulla Xo‘jaev 1909 yilda Tolstoyga uning yomonlikka yomonlik bilan javob bermaslik haqidagi ta’limoti yuzasidan xat yozib, o‘sha yilning 5 iyunida undan javob olgan. Islom dinining taniqli arboblaridan biri Abduvohid Qoriev esa 1910 yil Yasnaya Polyanaga maxsus borib, Tolstoy bilan bir necha marta muloqotda bo‘lgan. 1910 yilda Tolstoyning dafn marosimida ishtirok etgandi. Abduvohid qori 1912 yilda surgundan qaytadi.

Abduvohid Qoriev 1917 yil aprelgacha Toshkentda mudarrislik qildi. 1917 yil aprel oyidan “Sho‘royi islom” raisi bo‘lib, 1917 yilgi oktabr to‘ntarishidan so‘ng Qo‘qon shahrida e’lon qilingan Turkiston Muxtoriyatini “Fuqaho” jamiyati a’zosi sifatida qo‘llab-quvvatladi. Muxtoriyat qonga botirilgach, bolshevik rahbarlari katta ta’sirga ega bo‘lgan Abduvohid Qorievni Turkiston Avtonom Sovet jumhuriyati hukumat ishlariga jalb etadi. U 1918-1920 yillarda O‘rta Osiyo mahkamai shariya idorasining raisi sifatida faoliyat olib boradi.

Shariat qonunlarini yaxshi bilgan Abduvohid qori 1921-1922 yillarda Turkiston Respublikasi Oliy sudi kollegiya a’zosi bo‘lib ham ishladi. Toshkentdagi musulmonlar kengashini boshqargan Abduvohid qori 1923 yilda shu idora delegatsiyasi tarkibida Ufaga borib, xalifa Usmon Qur’onini olib kelishda ishtirok etdi. 1926 yilda boshqa sovet islom rahbarlari bilan birga Makkada bo‘lib o‘tgan Jahon musulmonlari Kongressi delegatsiyasining a’zosi bo‘ldi. Shundan keyin 1927 yilgacha shahardagi “Mahkamayi shar’iya” idorasida va turli masjidlarda imom-xatib vazifasida ishladi.

Abduvohid Qori sho‘ro hukumati tomonidan qanchalik ishonch bildirilmasin, taraqqiyparvar musulmonligicha qoldi. Jiyani Akmal Ikromov ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Kommunistik partiyasini boshqarsa ham, farzandlari turli sovet, partiya idoralarida mas’ul lavozimlarda ishlasa ham Abduvohid Qori hech qachon sho‘ro siyosati tomoniga o‘tmadi. Jadid taraqqiyparvarlarining bolsheviklar bilan siyosiy hamkorligi ma’lum shartlar asosiga qurilgan edi. Bolsheviklar mintaqadagi mavqelarini mustahkamlash uchun mahalliy faollardan foydalangan bo‘lsa, jadid taraqqiyparvarlari o‘zlarining mahalliy raqiblariga hamda mustamlakachilikka qarshi kurashlarida, madaniy, ma’rifiy islohotlarida bolsheviklardan foydalanishga umid qilishgan edilar. Biroq, bolsheviklar mintaqada mustahkamlanib borishi bilan barcha hamkorlarini ma’nan va jismonan yo‘q qilishga kirishadi.

Abduvohid Qori 1933 yilda siyosiy shubha ostida Qozog‘istonda qamoqqa olindi. Besh yarim oy tergov qiynoqlari, qamoq azoblaridan qutulib, ona shahri Toshkentga qaytdi. Bu vaqtda endi u yetmishdan o‘tib, kuch-quvvatdan qolgan edi. Shuning uchun endi u davlat idoralaridagi ishlardan uzilib, o‘zining Shirinquduq mahallasidagi masjidda imom-xatib bo‘lib ishlab yurdi. Ammo uning bu faqirona hayoti ham kimlargadir yoqmay qoladi. 1937 yilda qayta hibsga olinganida Abduvohid qori 80 dan oshgan edi.

O‘sha yili uning jiyani Akmal Ikromov ham hibsga olingan va keyin otib tashlangan. 1937 yil 9 avgustda O‘zbekiston ichki ishlar xalq komissari Leonovning imzosi bilan Abduvohid Qorievni hibsga olish haqidagi qaror chiqarildi. Mazkur qarorda: «1937 yil 6 avgust kuni Toshkent shahrida, O‘zSSR ichki ishlar Xalq komissarligi davlat xavfsizligi 4-bo‘limi operativ vakili, davlat xavfsizligi xizmati leytenanti Musin Mulla Abduvohid qori Abduraufqorievga oid materiallar bilan tanishganida aniqladiki, Abduraufqoriev Abduvohid qori Toshkentda tug‘ilgan va shu yerda yashaydi. Ijtimoiy kelib chiqishi jihatidan Toshkentning mashhur ruhoniysi, u shahardagi “Shirinquduq” mahallasidagi masjidning xatib imomidir. “Sho‘roi islomiya” va “Mahkamayi shar’iya” kabi inqilobga qarshi tashkilotlarning faol a’zosi bo‘lganlikda ayblanadi…

1927 yilda Abduvohid qori Abduraufqoriev Hindistonda Angliya hukumati tashabbusi bilan o‘tkazilgan Butundunyo musulmonlari kongressida Turkiston musulmonlari nomidan vakil sifatida qatnashgan. Kongressdan qaytgach, atrofiga inqilobga qarshi reaksion ruhoniylarni to‘plagan va turli diniy yo‘llar bilan hukumatning kolxozlashtirish siyosatiga qarshi targ‘ibot va tashviqot ishlari olib bora boshlagan”. Shu qarordan so‘ng, ertasigayoq O‘zbekiston Ichki ishlar xalq komissarligi davlat xavfsizlik xizmati xodimi Yalishev uning uyida tintuv o‘tkazadi, o‘zini esa Toshkent qamoqxonasiga olib ketadi. Oradan uch kun o‘tgach (1937 yil 13 avgustda) Toshkent qamoqxonasida uning qamoq anketasi to‘ldirilib, tarjimai holi va ijtimoiy ahvoli, oila a’zolari haqida ma’lumotlar to‘planadi. Tergov ishlari boshlab yuboriladi. Dastlabki tergovda 4-bo‘limning operativ vakili, kichik leytenant Musinga o‘ziga qo‘yilayotgan tuhmatkorona ayblarning asossizligini rad etuvchi javoblar bera boshlaydi.

Tergovda og‘ir jismoniy va ruhiy tazyiq-qiynoqlar ostida uni “ayb”larini bo‘yniga olishga majbur qilishadi. Buning ustiga 1930 yilda qamalgan o‘g‘li shoir Bois Qoriev – Oltoy va 1937 yili qamalgan yana bir o‘g‘li – O‘zbekiston san’at ishlari boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Bosit Qoriev va boshqalarning g‘am-tashvishlari keksa otaning qamoqdagi ahvolini yanada og‘irlashtirdi. Buning oqibatida u 1938 yil boshlarida Toshkent qamoqxonasida vafot etadi.

Abduvohid Abdurauf qori o‘g‘li tuhmatlardan o‘lib ham qutulmadi. Uning vafotidan keyin ham sho‘rolarga qarshi aksilinqilobiy millatchilik tashkilotiga a’zo bo‘lganini isbotlash uchun qo‘shimcha guvohlarni chaqirib, tergov qilish davom etadi. 1938 yil 31 martda Abduvohid qorining qamoqdagi vafotidan ikki oycha vaqt o‘tganidan so‘ng, “Darxon” mahalla masjidi imomi Mullo Berdi Alievni tergovchilar chaqirib, Abduvohid qorining ayblari haqida ko‘rgazma berishni talab qila boshlashadi. Ammo Mulla Berdi Aliev tergovchilarning savollariga rad javobi beradi. Bugina emas, o‘sha davrda Abduvohid qori bilan ishlagan, hammaslak bo‘lgan yoki u bilan aloqa qilgan boshqa ko‘plab ulamolar ham “sovetlarga qarshi allaqanday millatchilik tashkilotining a’zolari” degan tuhmat bilan qamaladi, surgun va qatag‘on qilinadi.

Stalin vafotidan keyin bir necha yil o‘tgach, 1957 yil 30 martda O‘zbekiston SSR Prokuraturasining tergov ishlari bo‘yicha nazorat bo‘limi 1937-1938 yillarda Abduraufqoriev Abduvohid qori va u bilan bir davrda siyosiy qatliomga uchragan begunoh din arboblarining ishlarini qayta ko‘rib chiqdi. Va ularning barchasini begunoh bo‘lgani uchun tamomila oqlash haqida ajrim chiqardi. Oxiri haqiqat qaror topdi. Abduraufqoriev Abduvohid qori va uning maslakdoshlari bo‘lgan taniqli din arboblarining 30-yillarda sovet tuzumi tomonidan begunoh qatliomga uchragani rasman ajrim qilindi.

Shu bilan birga, Abduvohid qorining ikki o‘g‘li — shoir Oltoy, ya’ni Bois Qoriev va san’atimiz arboblaridan biri Bosit Qoriev ham oqlandi. Lekin ularning qamoq va surgundagi azob-uqubatlari, ularning keyingi avlodlari taqdiriga og‘ir ta’sirlari-chi? Abduvohid qori Toshkent qamoqxonasida tergov qiynoqlarida o‘ldi. Shoir Oltoy 30-yillarda qamalib, qariyb yigirma besh yildan so‘ng og‘ir xastalik bilan qaytdi hamda bir necha yil til va adabiyot institutida ishlab, vafot etdi. Bosit Qoriev 1937 yilda qamalib, 1938 yil 5 oktabrda Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat va boshqalar bilan Toshkentda otib tashlandi. Abduvohid qorining kelini, o‘zbek xalqining sevimli artisti Ma’suma Qorieva erining hijron dog‘i va ikki o‘g‘lining ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganini eshitgach, og‘ir xastalikka uchrab vafot etdi. O‘sha yillarda begunoh qatag‘onga uchragan Abduvohid qori kabi ulamolarning sovetlarning adolatsiz siyosati ostida chekkan aziyatlari, fojiali qismatlari yoshlarimizni mustaqillik qadriga yetishga o‘rgatadi. Shunday emasmi?

Scroll to Top
Skip to content