Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

Абдуллажон Каримов

Abdullajon Karimov

Farg‘ona muzofotidagi eng mas’ul lavozimlarda ishlagan, keyinchalik O‘zbekiston SSR Maorif xalq komissari, so‘ngra Xalq Komissarlari Soveti raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qilgan Abdullajon Karimov o‘ta bilimli, tashabbuskor inson edi. Ammo u ham o‘sha davrda esgan shamollar ta’sirida otib tashlandi.

Abdullajon Karimov 1896 yili Qo‘qon shahrining Qipchoq ariq mahallasida dunyoga kelgan. Otasi Karimjon el e’zozidagi halol inson, usta hunarmand kishi edi. U ikki shogirdi bilan mahalladagi kichik ustaxonasida pillakashlik qilar, bo‘sh vaqtida 5 tanoblik yerida dehqonchilik bilan shug‘ullanardi. Abdullajon ana shunday xonadonda o‘sib-ulg‘aydi.

Yosh Abdullajondastlab mahalladagi eski usul maktabida savod chiqardi. 1912 yili otasi vafotidan so‘ng, Zuhrabibi yagona farzandi Abdullajonni oq yuvib, oq tarab ulg‘aytirdi. U 1913 yildan 3 yil davomida Qo‘qondagi mashhur jadid muallimi Abduvahhob Ibodiyning “Irfon” maktabida o‘qiydi. Mazkur maktab o‘quvchilari orasidan keyinchalik Akbar Islomov, Usmon Nosir, Shokir Sulaymon, Abdulla Qahhor, Charxiy, Sobir Abdulla, Tesha Zohidov, G‘ofur Qodiriy, A’zam Xo‘jaev kabi ko‘plab siyosat va jamoat arboblari, shoir va adiblar, akademiklar yetishib chiqqandi.

Abdullajon Karimov 1915 yilda rus-tuzem maktabida o‘qib, rus tili hamda yevropa ilm-fani yutuqlari bilan tanishadi. Ayni paytda madrasa mudarrislariga qatnab, arab, fors tillarini o‘rgandi, Sharq adabiyoti daholarining adabiy merosi bilan tanishdi. Jadid matbuoti orqali turk va tatar tillarini o‘rgandi.

Abdullajonning Turkiston Muxtoriyati bilan bog‘liq faoliyati haqida ma’lumotlar yetarli emas. Biroq, Muxtoriyat qonga botirilgach, ko‘p o‘tmay Qo‘qonda tashkil etilgan “To‘qimachilar uyushmasiga” ga kirdi. 1918 yil bu uyushma tavsiyasi bilan Farg‘onadagi o‘qituvchilarni tayyorlash kursida o‘qib kelib, Qo‘qondagi “Istiqlol beshigi” deb nomlangan maktabda dars bera boshlaydi. Ayni paytda Qo‘qon to‘qimachilar ittifoqi raisi bo‘lib, jamoatchilik ishlarida ham faol qatnasha boshlaydi.

Abdullajon Karimov 1919 yildan Qo‘qon shahar Xalq xo‘jaligi boshqarmasida mahalliy sanoat bo‘limi mudiri, so‘ng Qo‘qon shahar Kasaba uyushmasi byurosi a’zosi va Farg‘ona viloyat Kasaba uyushmasi raisi vazifalarida ishlaydi. Farg‘ona muzofotida istiqlolchilik harakati avj olishi bilan militsiyaga ishga kirdi. Shundan so‘ng, sovet hukumati xizmatiga olindi. 1921 yilning yanvaridan – mayigacha Qo‘qon shahar ijroqo‘mi raisi, 1921 yil noyabrdan 1923 yil dekabr oyigacha Farg‘ona muzofot partiya qo‘mitasi mas’ul kotibi o‘rinbosari, ayni paytda 1922 yil iyunidan – 1923 yil may oyigacha muzofot inqilobiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘ldi.

Abdullajon Karimov Farg‘ona muzofotida milliy qarshilik harakati tufayli xonavayron bo‘lgan xalq xo‘jaligini oyoqqa qo‘yish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi, savdo va sanoatni tiklash, maktab va maorifni rivojlantirish borasida ulkan ishlarni amalga oshirdi. U o‘z faoliyatini yuritishda, jumladan, xalq orasida osoyishtalikni ta’minlash, dehqonchilik ishlarini samarali uyushtirish, maorif haftaliklarini tashkil etishda matbuot sahifalaridan unumli foydalandi.

1922-23 yillar Turkistonda “so‘l kommunistlar” degan guruh shakllandi. Unda Akmal Ikrom, Usmonxon Eshonxo‘jaevlar bilan birga Abdullajon Karimov ham faol ishtirok etgan. Ular Oktabr inqilobi Turkiston mehnatkashlariga hech qanday ozodlik bermadi. Aksincha, biz hamon Rossiya koloniyasi holida yashamoqdamiz. Asosiy aholisi dehqonlardan iborat bo‘lgan Turkiston ma’lum yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan bo‘lsa, ular proletariyat inqilobi hisobiga emas, aksincha milliy ziyolilarning ko‘magida erishdilar. Turkiston dehqonlarini ziyolilar tarbiyalashi kerak, degan g‘oyani hatto Markazdagi yig‘ilishlarda ham ilgari suradilar.

1922 yil aprelida Turkiston Markaziy ijroiya qo‘mitasi yotoqxonasida Xidir Aliev majlis o‘tkazadi. Unda Abdullajon Karimov, N…. Mavlonbekov, B…. Dadaboev, Shokir Sulaymon va boshqalar bor edi. Unda “Ko‘mak” tashkiloti va Berlinga talabalar yo‘llash haqida gap bordi. Shuningdek, “Ko‘mak”ning Berlin, Moskva, Turkiya, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona shaharlarida doimiy filiallarini ochish masalasi ko‘tarildi. 1923 yil yanvarda Munavvar qori Abdurashidxonovning tashabbusi bilan ochilgan “Nashri maorif” jamiyatining Qo‘qondagi yig‘inlariga Abdullajon Karimov shaxsan rahbarlik qildi.

“Nashri maorif”ning Qo‘qondagi tadbirlariga Ashurali Zohiriy, Abdulla Rahmatzoda, Andijonda Usmonxo‘ja Eshonxo‘jaev, Burhon Mashrab, Nabi Rasuliy, Namanganda Rafiq Mo‘min, Lutfulla Olimiylar faol ishtirok etdilar. Shundan so‘ng, bir muddat Toshkentda TASSR maorif xalq komissari o‘rinbosari vazifasida ishlaydi.

Abdullajon Karimov 1925-27 yillarda Farg‘ona viloyati partiya qo‘mitasi kotibi bo‘ldi. 1924-26 yillarda Moskvadagi Ya.M.Sverdlov nomidagi Kommunistik universitetda sirtdan tahsil oldi. 1927-29 yillarda O‘zKP MK Markaziy nazorat komiteti raisi, 1928 yildan O‘zSSR Maorif xalq komissari bo‘ldi.

A.Karimov bu vaqtda Maorif xalq komissarligi huzurida GUSni tashkil etib, unda Shohid Eson Musaevning shogirdi Mahmud Hakimov, Bokuda oliy ta’lim olgan Rizqi Yusupov va boshqa ko‘plab mutaxassislar O‘zbekiston kelajagi uchun muhim tadqiqotlarni amalga oshirdi. Tashqaridan qaraganda, GUS ko‘proq paxtachilik masalasini rivojlantirish va shu yo‘nalishga yordam berishga qaratilgandek ko‘rinadi. Aslida bu dastur ko‘proq milliy ta’lim va milliy kadrlar yetishtirishning uzviy tizimini yuzaga chiqarishga qaratilgan edi. A.Karimov professorlar Fitrat, G‘ozi Olim Yunusov va Bo‘lot Solievlar, dotsentlar Botu, Oltoy, Qayum Ramazon, Mannon Ramzlarning faoliyatiga keng yo‘l ochib berdi. O‘zbek ilmiy-tekshirish instituti va Samarqanddagi O‘zbekiston pedakademiyasi faoliyatini har jihatdan qo‘llab-quvvatladi.

Abdullajon Karimov 1929 yildan O‘rta Osiyo Iqtisodiy kengash raisi bo‘ldi. U Cho‘lponning ashaddiy muxlisi edi va uni doimiy ravishda moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab kelgan. 1930 yil mayidan 1937 yil iyungacha O‘z SSR Xalq Komissarlari Soveti raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Abdullajon Karimov bu lavozimda O‘zbekistonning har jihatdan ravnaq topishida tinimsiz mehnat qildi.

U hukumat rahbari Fayzulla Xo‘jaevning asosiy yordamchisi sifatida qisqa muddatda mamlakatni ulkan qurilish maydoniga aylantirdi. Bu davrda yuzlab sanoat korxonalari qad ko‘tardi, milliy ishchilar sinfi shakllandi. Qishloq xo‘jaligida ham misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishildi. Ko‘plab ilm-fan, ta’lim muassasalari, san’at va madaniyat o‘choqlari bunyod etildi. Shubhasiz, bu yaratuvchanlik ishlarida xalqimizning ajoyib farzandi Abdullajon Karimovning ham ulkan hissasi bor edi.

Fayzulla Xo‘jaev to‘satdan ishdan olingach, 1937 yil 26 iyunda A.Karimov O‘zSSR MIK raisi Y.Oxunboboev tavsiyasi bilan O‘zSSR XKS raisi lavozimida tasdiqlanadi. Biroq, A.Karimov bu vazifada uzoq vaqt ish olib bora olmadi. Aftidan u Stalin rahbarligidagi Markazning F.Xo‘jaev va boshqa mahalliy rahbarlarga nisbatan olib borayotgan qatag‘on siyosatiga jiddiy qarshilik ko‘rsatadi. Markaz esa maxfiy tarzda tayyorlab kelayotgan o‘z maqsadidan chekinmadi. Aksincha mahalliy hukumatlarga IIXK (NKVD) organlari qoshida “uchlik”lar tashkil etish yuzasidan qaror yuboradi. Bu “uchlik”lar respublika Ichki Ishlar Xalq Komissari, respublika KP MKning 1-kotibi va respublika XKS raisidan iborat bo‘lishi kerak edi. Lekin, 1937 yil 9 iyulda O‘zKP MK kotibi Akmal Ikromovga Stalin va Molotovlar tomonidan yo‘llangan telegrammada Abdullajon Karimov o‘rniga boshqa bir kishini “uchlik”ka kiritish taklif etildi. Bu esa uning ham allaqachon qatag‘on ro‘yxatidan o‘rin olganini anglatar edi…

1937 yil 5 sentabr kuni Abdullajon Karimov qamoqqa olindi. U dahshatli qiynoq va o‘lim tahdidi ostida o‘ziga nisbatan yetti uxlab tushida ko‘rmagan bo‘htonlar yozilgan qog‘ozlarni imzolashga majbur etildi. U 1937 yil 29 noyabrda Moskvaga olib ketildi. Shundan so‘ng, azob uqubatli so‘roqlar Moskvada davom ettirildi. 1938 yil 27 aprelda bo‘lib o‘tgan sud jarayonida A.Karimov o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etdi. Shunga qaramay, NKVD huzuridagi “uchlik” uni oliy jazoga hukm qildi va hukm o‘sha kunning o‘zida Moskvadagi Butovo qabristonida ijro etildi…

Stalin vafotidan so‘ng, boshlangan “iliqlik davri” ning dastlabki kunlaridan O‘zbekiston hukumatining beayb mahv etilgan boshqa rahbarlari qatorida Abdullajon Karimov ishi ham qayta ko‘rib chiqishga topshiriladi. 1956 yil 11 oktabr kuni A.Karimovni yaxshi tanigan qo‘qonlik insonlar qatorida Mirmahmud Mirhamidov (1883 yil tug‘ilgan) va Meliboy Shukurov (1895 yil tug‘ilgan) lar ham qayta so‘roqqa chaqirildi. Ular Abdullajonning otasi ham elning e’zozidagi halol inson bo‘lganini, yagona farzand bo‘lgan Abdullajon ham bolaligidan ilm fanga qiziqqan, faqat xalq dardi bilan yashagan behad g‘ayratli inson edi, deb eslaydilar.

1956 yil 24 dekabr kuni yana bir qatag‘on jabrdiydasi Tojixon Shodieva ham qayta so‘roqda Abdullajon Karimovni vatanparvar inson sifatida eslaydi. Jumladan, 1924 yil Farg‘ona viloyatida xotin-qizlarbo‘limi kotibi bo‘lib ishlaganida A.Karimov ustozdek g‘amxo‘rlik qilganini eslaydi.1957 yil 21 fevral kuni Jahon Obidova (1900 y.t.) o‘zining A.Karimov bilan O‘zSSRMaorif xalq komissarligida ham XKSda birga ishlaganini yozadi. A.Karimovni O‘zbekiston hukumatidagi juda tafakkuri keng, bilimdon va obro‘si yuqori insonlardanedi deydi. Yana ko‘plab safdoshlari ham A.Karimov haqida faqat va faqat iliq fikrlar aytishadi. Ma’lum bo‘ldiki, bu vatanparvar inson ham hech bir aybsiz bo‘htonlar asosida mahv etilgan ekan.

1957 yil 1 avgust kuni SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan Abdullajon Karimov oqlandi. Biroq, bu xushxabarni yo‘llash uchun A.Karimov oilasiga tegishli biror odam topilmadi. Turmush o‘rtog‘i Antonina bu kunlarga yetib kelmagandi. U so‘roq vaqtida qiynoqlarga chiday olmadi. Ayniqsa, beayb insonlarga bo‘hton yozilgan qog‘ozlarni imzolagandan ko‘ra, o‘zini o‘ldirishni ma’qul topdi.

Turmush o‘rtog‘i Antonina navbatdagi tergovdan olib chiqilganida, u kutilmaganda nazoratchini chalg‘itib, o‘zini oyna orqali uchinchi qavatdan tashlashga muvaffaq bo‘lgandi. 1924 yil tug‘ilgan o‘g‘li Farid avval bolalar uyida yashadi. Ko‘p o‘tmay, u ham bolalar uyidan qochishga muvaffaq bo‘ldi. So‘ng ko‘p yillar uning yashash joyi noma’lum qoldi. Farid 1970 yillarning ikkinchi yarmida Qo‘qonga keldi. Bolaligi kechgan har bir ko‘chada, dahada tentiradi. Hech kimga o‘zini ko‘rsatmadi. Toshkentga kelib, ayrim sobiq o‘zbek hukumati arboblarining farzandlarini topdi, mehmonlashdi. Eng achinarlisi, ular bir-birlarini ko‘rganida, kamroq gaplashib, ko‘proq quchoqlab yig‘lashar edilar. Farid ham o‘zining o‘tmishi haqida ko‘p gapirmadi. Faqat Uzoq Sharqda oilasi bilan yashashini aytdi. Boshqa ma’lumot bermadi. Qaytib ham kelmadi…

Insonning peshonasiga bitilgan taqdiri azali bo‘ladi. Uni o‘zgartirishning hech ham iloji yo‘q. Ammo jinoyatchi va ma’rifatparvarni farqlay olmasdan, birovning hayotini mahv etishga hech kimning haqqi yo‘q. Abdullajon Karimov ham tuzumning nopok o‘yinlari qurboniga bo‘ldi. Uning achchiq qismatini faqat afsus va nadomat bilan eslaymiz.

Scroll to Top
Skip to content