Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

Абдулхай Тожиев

Abdulhay Tojiev

Abdulhay Tojiev 1899 yil dekabr oyida Toshkent shahrida o‘qituvchi oilasida dunyoga kelgan. 1909 yil otasi Toji Xo‘jaev vafot etganida, akasi To‘xtaxo‘ja 15 yoshda, Abdulhay esa endigina 10 yoshga kirgan edi. Singillari 3 yoshli Sharifa va endigina tug‘ilgan Hamidalarning barchasi onasi Poshshaxon ayaning qaramog‘ida qoldilar. Hayotning achchiq-chuchugini erta totgan Abdulhay bolalik gashti nimaligini bilmay o‘sdi. Bizda uning yoshligi haqida ma’lumotlar ko‘p emas, ammo uning bolaligi yaqin qarindoshlarining ko‘magida azim Toshkentning ko‘hna go‘shalaridan Egarchi mahallasida o‘tgani aniq.

Abdulhay Tojiev dastlab mahalla masjidi qoshidagi eski maktabda, so‘ng Munavvar qori Abdurashidxonovning jadid maktabida tahsil oldi. Tengdoshlariga nisbatan ziyrak yigit bo‘lgan Abdulhay Tojiev o‘z atrofida kechayotgan jarayonlarga befarq qarab tura olmadi. U 1919 yildan toshkentlik jadid taraqqiyparvarlarining mafkuraviy rahbarligi ostida tuzilgan “Izchilar to‘dasi” to‘garagida faol ishtirok etdi. Bu to‘garak nafaqat yoshlar orasida ilm ma’rifatni targ‘ib etdi, balki ularning siyosiy bilimlarini o‘stirishga, vatan kelajagi oldidagi mas’uliyatlarini oshirishga, ishtirok­chilarning jismoniy faolliklarini rivojlantirishga intiladi.

“Izchilar to‘dasi” a’zolari soni kun sayin ortib bordi. Ular yoshlarga ta’lim berishda Abdulvahhob Murodiy singari yosh, iqtidorli muallimlar bilan birga ma’lum harbiy mahoratga ega bo‘lgan Birinchi jahon urush maydonlarida bo‘lgan harbiy asirlarni ham jalb etadilar.

Taraqqiyparvarlar mavjud vaziyatda vatan istiqboli yo‘lida kurashayotgan barcha kuchlarni birlashtirishga, Turkistondagi zulm va bosqinchilikka qarshi qurolli kurash harakati namoyondalari bilan ham aloqa bog‘lashga intildilar. Biroq, sovetlar hokimiyatining mustahkamlanishi jarayonida milliy istibdodga qarshi kurashchilar o‘z pozitsiyalarini yo‘qotib bordi. Muntazam ta’qib va ayovsiz qatag‘onlar natijasida qisqa muddatda sobiq istiqlolchilarning bir qismi yakson etildi, boshqa bir qismi esa real vaziyatdan kelib chiqib kompartiyaga kirdi va “sodiq” partiya xodimi bo‘lib qoldilar.

1920 yil Abdulhay Tojiev Turor Risqulov rahbarligidagi Musbyuro tarkibida Moskvada bo‘ldi. Bu tashrif uning siyosiy tafakkuri shakllanishida muhim o‘rin tutdi. Moskvadagi bir necha oylik sargardonliklarda hokimiyat qudrati, siyosiy kurash va hiylalar, sovet davlatining surati va siyratini ko‘rdi. U Toshkentga qaytgach jurnalistlik faoliyati bilan jiddiy shug‘ullandi. 1922-23 yillarda “Turkiston”, 1923 yildan Andijon shahrida nashr etila boshlagan “Darxon” gazetalarida mas’ul muharrir bo‘lib xizmat qildi. Shundan so‘ng uning siyosiy faoliyati sovet davlatining Markazi bo‘lgan Moskva shahriga bog‘landi. Abdulhay Tojiev 1923-25 yillarda Moskvadagi Sverdlov nomli Kommunistik universitetda o‘qiydi. 1925 yil Toshkentga kelib, Toshkent viloyati partiya kotibi bo‘ldi.

Biroq, u 1926 yil yana Moskvaga chaqirib olinib, 1927-29 yillarda sK KP(b) O‘zbekiston targ‘ibot-tashviqot bo‘limida o‘rinbosar, 1929-1935 yillarda Sovet Ittifoqi millatlar Kengashida kotib bo‘lib ishlaydi. A.Tojiev 1935 yildan yana Toshkentga kelib, to 1937 yil O‘zSSR NKVD tomonidan qamoqqa olinguniga qadar Toshkent shahar sovetining raisi, O‘zSSR MIK raisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.

Abdulhay Tojiev dunyoqarashining shakllanishida Toshkent jadid taraqqiyparvarlari, xususan, Munavar qorining roli katta bo‘lgan edi. Shuning uchun ham A.Tojiev publitsistikasining asosini maorif masalasi tashkil etadi.

1919 yil Ishtrokiyun gazetasida uning “Haqsiz mudofaa” maqolasi bosilgan. Maqolada o‘zbek teatrida qo‘yilgan “To‘kma” (Gap) p’esasiga “Ishchi” (G‘ozi Yunus)ning asosli tanqidi muhokama etiladi. Bahrom Haydariy “Ishchi”ga qarshi o‘z maqolasida “To‘kma”ni mudofaa etib, teatrdagi yangiliklarni tanqid etish emas, aksincha qo‘llab-quvvatlash kerak, degan edi. Endigina 20 yoshga kirgan Abdulhay Tojiev B.Haydariyning fikriga qarshi chiqib, teatrning xalq madaniyati va ma’naviy tafakkuri rivojidagi o‘rniga alohida to‘xtalib o‘tadi. Maqolada tanqid masalasiga, tanqidning inson va ijodkorning, umuman jamiyatning takomilidagi o‘rniga o‘ta xassoslik bilan ta’rif beradi. Ayniqsa, yosh o‘zbek teatrining kamolotida bunday xolis tanqidlar nafaqat o‘rinli, balki zaruriy shart ekanligini uqtiradi. Sahnada bachkana kulgular yoxud mayda illatlardan ko‘ra millatimiz fojialarining sababchisi bo‘lgan ma’rifatni ko‘proq targ‘ib etishga chaqiradi.

Xalq maorifi masalasi uning 1922-23 yillarda Turkiston gazetasida mas’ul muharrirligi davrida yozgan maqolalarida yanada kengroq o‘z aksini topdi. Abdulhay Tojiev o‘z maqolalarida sovetlarning balandparvoz shiorlar ostida boshlagan xalq maorifini rivojlantirishga qaratilgan siyosatining kamchilik­larini tahlil etadi. Hech qanday moddiy asossiz tashkil etilgan sovet maktablarida darslik va o‘qituvchilarning yo‘qligi, qabul qilingan qarorlarning qog‘ozda qolayotganini yozadi. U xalq maorifidek murakkab va katta ahamiyatlik masalani endilikda mahalliy budjetga tashlab qo‘yilayotganini tanqid qiladi.

A.Tojievning o‘tkir istehzolar bilan yozilgan “O‘zing uchun o‘l yetim!” maqolasi esa mahalliy mahkamalarning xarajatini mahalliy mablag‘lar hisobidan amalga oshirish haqidagi dekretni tanqid etishga bag‘ishlangan. “Endi Markaz mahalliy idoralar uchun bir tiyin ham bermaydi. Bu esa mahalliy soliq va to‘lovlarning oshib borishiga, xalqni talashga olib keladi”, deydi. Hatto, mahalliy qizil askarlar va temir yo‘l tashkilotlari xarajatlarining ham mahalliy budjet hisobiga o‘tkazilishini aytib, “…mahalla sog‘iladigan sigir, O‘zing uchun o‘l yetim!” deb maqolani yakunlaydi. Maorifga bag‘ishlangan boshqa maqolasida esa “…hayot mamotimiz maktabga bog‘liq. Har qanday sharoitda maorifga xizmat qilish har bir insonning millat oldidagi burchidir”, deb bunda mahalliy hukumatni eskidan maorifga xizmat qilgan tajribali ustozlarning xizmatidan foydalanishga chaqiradi. A.Tojiev o‘zining “Yangi kuch kerak” deb nomlangan maqolasida ham sovet boshqaruvining qisqa tarixidagi xatolarini yozib, “…hukumatga har doim bilimdon, ishbilarmon kishilar kerak bo‘ladi”, deydi. Shu maqsadda hukumatni mahalliy yoshlardan yanada ko‘proq malakali kadrlarni tayyorlashga da’vat etadi.

Uning davlat arbobi sifatidagi faoliyati yanada samarali kechdi. U Toshkent viloyati partiya kotibi bo‘lgan vaqtida ham Toshkent shahar sovetining raisi yohud O‘zSSR Markaziy Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lovozimlarida ishlagan vaqtida ham matbuotdan uzoqlashmadi. El-yurt dardi, mamlakat ravnaqi yo‘lida tinim bilmadi. Jumladan, Toshkent viloyati partiya kotibi vazifasida ishlagan kezlarda matbuotda e’lon qilingan ma’ruzasida viloyatdagi asosiy muammolar sifatida ishchilar o‘rtasida milliy kadrlarni kengaytirish, mahalliy mayda hunarmandlarga ma’lum imtiyozlar tizimini yaratish, o‘rtahol dehqonlarni himoyalash, savodsizlikka qarshi kurashishdek ustuvor masalalarni ko‘targan edi.

Abdulhay Tojiev endigina 38 yoshga qadam qo‘ygan onida, boshi aqlga, bilagi kuch-g‘ayratga to‘lgan vaqtida totalitar tuzumning qora girdobiga duch keldi. 1937 yil 3 avgustda O‘zSSR NKVD 4-bo‘limi boshlig‘i Agabekov O‘zSSR Markaziy Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Toshkent shahar sovetining raisi bo‘lgan Abdulhay Tojievni qamoqqa olish to‘g‘risida Qaror chiqaradi.

Shu kunning o‘zida Order olinib, u istiqomat qiladigan Toshkent shahri, Borodinskiy ko‘chasi, 57-uyda tintuv o‘tkaziladi. Tuzilgan Dalolatnomada A.Tojievga tegishli “Mauzer”, “Brauning” qurollari va 48 ta patron, № 2903 raqamli diplomatik pasporti, YuB № 088237 raqamli fuqarolik pasporti, partiya bileti, kitoblari va ma’ruzalari xatlanib olib ketildi.

1937 yil 11 avgust dastlabki tergov materiallari bilan tanishib chiqqan leytenant Furmanov o‘zining Ayblov Qarorini chiqaradi. Unda A.Tojievga aksilinqilobiy millatchi tashkilotning faol a’zosi, O‘zbekistonni SSSRdan ajratib olish yo‘lida milliy ziyolilarni targ‘ib etgani va shu yo‘lda milliy kadrlar tayyorlagan, begona unsurlarni qatag‘on qilishdan asragan, ularni yashirgan, degan ayblar qo‘yildi. Shuningdek, uni Troskiy, Zinovev va Mustafo Cho‘qaevlarning asarlarini uyida saqlagani uchun O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 66-moddasi I-qismi va 67-moddalari bilan aybli, deb topadi.

1937 yil 3 sentabr kuni o‘tkazilgan so‘roq A.Tojievning sobiq O‘zbekiston KP(b) MK kotibi A.Ikromovga qanchalik yaqin inson ekanligini isbotlashga qaratildi. Unda go‘yoki A.Tojiev va A.Ikromovlar 1918 yilda “Ittihodi taraqqiy” tashkilotini tuzganlar. Shundan so‘ng A.Ikromovning mafkuraviy rahbarligi ostida “Izchilar” to‘dasi to‘garagi tashkil etilgan. To‘garak azolari tezda 3000 dan ortib ketgan. Shundan so‘ng A.Ikromovning faoliyatiga to‘xtalib, “1923-24 yillarda Moskvada Sverdlov universitetida o‘qib yurgan Ikromov va xotini Ye.L.Zelkinalarning ashaddiy troskiychi bo‘lganini aytadi. Uning guruhida Muslim Shermuhamedov, Xanafiy Burnashev, Botu, Abdulla Rahimboev, Hamdam Tojievlar bor edi. Ikromov Sverdlov universitetining barcha talabalariga Stalin yolg‘on yo‘l bilan hukumatga kelgan. Stalinga qaraganda Troskiy Leninga ko‘proq yaqin edi, degan fikrlarni ilgari surgan. Zelkina Troskiyning xatlarini keltirib turgan va Ikromov Troskiyni yo‘q qilish kerak emas, deb targ‘ibot olib borgan. A.Ikromov bu paytda Antipov, Buxarinlar bilan yaxshi aloqa o‘rnatgan va ular keyin ham Toshkentga kelganda Ikromovning uyiga, dachasiga kelar edi. Ikromov 1924 yil Toshkentga qaytgach, troskiychiligini yashirgan, ammo Petrov va Sexer kabi troskiychilarni doimiy qo‘llab kelgan”, deyilgan edi. Ana shu qog‘ozlarni imzolatish orqali A.Tojievning A.Ikromovga qanchalik yaqin inson bo‘lganligi so‘zsiz “isbot” etildi.

Buter qamoqxonasida saqlangan Abdulhay Tojievni 1937 yil 28 oktabrda Akmal Ikromov bilan, 1937 yil 23 noyabr kuni Abdullajon Karimov va Muslim Shermuhammedovlar bilan yuzlashtirishlari “muvaffaqiyatli” o‘tkazildi.

1938 yil 3 aprelda Kuper, Mixeev, Glebovlar tomonidan Ayblov bayonnomasi e’lon qilindi va unda A.Tojiev RSFSR Jinoyat Kodeksining bir nechta moddalari bilan ayblandi. Ayblov 1938 yil 13 aprelda SSSR Prokurori Vishenskiy tomonidan, 1938 yil 26 aprelda Moskvada SSSR Prokurori o‘rinbosari Roginskiy tomonidan yana bir bor tasdiqlandi. Abdulhay Tojiev 1938 yil 27 aprelda “Uchlik” tomonidan otuvga hukm etildi va jazo xuddi shu kuni ijro etiladi.

1956 yil 20 noyabrda SSSR Oliy Sudining Harbiy kollegiyasi Abdulhay Tojievning ishini qayta ko‘rib, uning tuhmat va asossiz ayblovlar asosida mahv etilganligini tan oldi. 1957 yil 23 iyulda A.Tojiev to‘liq oqlandi va bu haqida 1957 yil 5 oktabrda Tojixon Ahmedovaga ma’lum qilindi.

Scroll to Top
Skip to content