Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

Акбар Ахмедов

Akbar Ahmedov

Qisqa muddat O‘zbekiston hukumatining mas’ul lavozimlarida faoliyat yuritgan qo‘qonlik Akbar Ahmedov ham rag‘bat o‘rniga tuhmat va ta’na toshlari ostida qolib ketdi. Unga “xalq dushmani”, degan tamg‘a yopishtirildi. Umri xazon bo‘ldi.

Akbar Ahmedov 1901 yil Qo‘qon shahrida dunyoga kelgan. Akbarxo‘ja jadid va rus-tuzem maktablarida o‘qib, tengqurlari orasida ilg‘or fikrli inson sifatida tanildi. Biroq, Turkiston Muxtoriyati qizil armiya tomonidan qonga botirilgach, Qo‘qon vayronaga aylantirildi. Uning ko‘plab mo‘tabar xonadonlari vakillari o‘ldirildi, mulklari talon-taroj qilindi.

Akbarxo‘ja Ahmedov Qo‘qonning nomdor eshonlari xonadonidan bo‘lgani uchun bir muddat bolsheviklarning ta’qibida o‘zini yashirib yurishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng, u mahalliy qurilish tashkilotiga ishga kirib, 1921 yil 4 yanvardan o‘nboshi bo‘ldi.1927 yil kompartiyaga kirib, keyinroq bir qator sovet partiya tashkilotlarida mas’ul lavozimlarda ishladi. Akbarxo‘ja 1927 yildan 1932 yilgacha O‘zSSR Kasaba uyushmasida, 1932 yildan bir yarim yildan ortiq O‘zSSR kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining ta’minot bo‘yicha kotibi vazifasida faoliyat yuritdi.

U 1934-35 yillarda Moskvada Marksizm-leninizm kursida o‘qigan. 1936 yildan O‘zSSR KP (b) Markaziy qo‘mitasi savdo bo‘limi mudiri, 1937 yil yanvaridan 15 iyulgacha O‘zSSR Sovxoz Xalq komissari bo‘ldi. Akbar Ahmedov 1937 yil avgust oyidan to qamoqqa olingunigacha O‘zSSR Ichki savdo xalq komissari lavozimida ishlaydi.

1937 yil 28 sentabr kuni O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi davlat xavfsizligi mayori Apresyan Akbar Ahmedovni millatchi, o‘ng troskiychi, aksilinqilobiy maxfiy tashkilot a’zosi kabi ayblovlar bilan O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 60-, 67-moddalarini qo‘llab, qamoqqa olishga qaror chiqaradi. 1937 yil 29 sentabr kuni order berilib, uni ish joyidan olib ketishadi.

Uning shaxsiy anketasiga ko‘ra, kasbi suvoqchi, ma’lumoti quyi deb ko‘rsatilgan. Oila a’zolari sifatida ayasi Onabibi (50 yosh), 17 yoshli ukasi O‘rin, turmush o‘rtog‘i 25 yoshli Adolatxon, 6 yoshlik qizi Lyuba (Jo‘raxon) hamda 4 yosh o‘g‘li Marat bir yana bir bir yarim yoshlik o‘g‘li haqida ma’lumotlar keltirilgan. 1937 yil 30 oktabr kuni unga tegishli Toshkent shahri Chicherin ko‘chasi 12-xonadonida tintuv o‘tkaziladi. Tintuvda uning pasporti, qurollari, hujjatlari, oilaga tegishli rasmlar hamda xo‘jalikka oid 27 nomdagi ashyolar xatlab olib ketiladi.

Akbar Ahmedov bir necha kun davomida dahshatli qiynoqlar ostida so‘roq qilinadi. Natijada 1937 yil 6 oktabr kuni uni aqldan ozar holiga keltirib, bir necha qog‘ozlarga imzo chektirishga erishadilar. Mazkur so‘roq bayonnomasida u o‘zining go‘yoki 1928 yil G‘ulom Yakubov tomonidan maxfiy aksilinqilobiy tashkilotga tortilganini tan oladi. Tashkilotga Akmal Ikromov yo‘lboshchilik qilib, uning asosiy vazifasi tashkilot ko‘lamini kengaytirish, o‘z tarafdorlarini yig‘ishda partiya tadbirlaridan foydalanish, mahalliy yoshlar orasida milliylik ruhi kuchli bo‘lgan kadrlarni tanlash va natijada sho‘rolarning iqtisodiy siyosatini izdan chiqarish bo‘lgan.

Tashkilotning a’zolari sifatida AIkromov, F.Xo‘jaev, A.Karimov, M.Shermuhammedov, S.Boltaboev, Sexer, R.Islomov, K.Abdullaev kabi ko‘plab hukumat mulozimlarining nomlari keltiriladi. Shundan so‘ng, o‘zlarining jinoyatlarini sanab, 1932-33 yillarda g‘allakor tumanlarda ham aholining nonsiz qoldirilishi, 1933 yilda Oltiariqda sun’iy ocharchilikning vujudga keltirilishi va bundan qishloq dehqonlarining ommaviy noroziliklarini keltirib chiqarish hamda mahalliy rahbarlarning sovet hokimiyatini obro‘sizlashtirish uchun uyushtirgan fitnasi sifatida baholaydi.

1935 yil Akmal Ikromovning dachasida Abdullajon Karimov, Sodiq Boltaboev va Manjaralar ishtirokida bo‘lgan bir yig‘inda Akmal Ikromov: “… mana biz paxta rejasini bajardik. Bunda Sredazbyuro ham Moskva ham hech bir rol tutmadi. Bunga biz o‘z mahalliy kadrlarimiz orqali erishdik. Demak, endi o‘zimiznikilarni yanada ko‘proq ko‘tarishimiz zarur” degan ekan. Shuningdek, hosil mo‘l, aholi daromadi yuqori bo‘lgan rayonlarda tovarlarning narxini ko‘tardik. Masalan, kavush, poyafzal va kiyimlar turli viloyatlarda turli narxlarda sotildi. Muriddin Tursunxo‘jaev aybi bilan un joylarga vaqtida yetib bormagani uchun ham ayrim shaharlarda non chayqov bozoriga o‘tib ketdi. Bundan ham aholi noroziligi kelib chiqdi kabi so‘zlar yozilgan edi. Albatta, bu gaplarni tan olish o‘ziga o‘lim hukmini chiqarish bilan barobar edi. Faqat sho‘ro tergovchilarining vahshiyona qiynoqlari bu irodali insonni ham o‘ziga qarshi bunday dahshatli bo‘htonlarni tan olishga majbur etdi. Shundan so‘ng, bir muddat uni tinch qo‘yishdilar.

1937 yil 9 noyabr kuni Akbar Ahmedov sobiq O‘zSSR Yengil sanoat komissari G‘ulom Yaqubov bilan yuzlashtirildi. Allaqachon hayotdan umidini uzgan bu ikki o‘zbek o‘g‘loni o‘zlarining qandaydir millatchi tashkilot a’zosi bo‘lganligini tan oldilar. Sovet tergovchilari bu bilan ham cheklanishmadi.

Ishga yanada jiddiyroq tus berish maqsadida unga 1937 yil 15 sentabr kuni Davlat Rizaevga imzolatilgan, 1937 yil 2 oktabr kuni Yuldosh Irismetovga imzolatilgan, 1937 yil11 oktabr kuni Abbos Saidxonovga imzolatilgan, 1937 yil 20 oktabr kuni Rustam Islomovga imzolatilgan, 1937 yil 15 noyabr kuni Muhiddin Tursunxo‘jaevga imzolatilgan so‘roq bayonnomalaridan Akbar Ahmedov nomi ko‘rsatilgan ro‘yxatlar nusxasidan ko‘chirma olib tikib qo‘yishdilar. Bundan tashqari, tashkilotlardan Ichki savdo xalq komissarligi faoliyatiga oid kamchiliklar aks etgan ko‘plab ma’lumotnomalar olib tikildi.

Akjigitov 1937 yil 20 dekabrda hech bir dalillari ko‘rsatilmagan holda Akbar Ahmedovni maxfiy millatchilik tashkiloti a’zosiligidan tashqari, terrorist, josus, sovet hukumatiga qarshi qurolli hujumga tayyorgarlik ko‘rgan diversant sifatida ham ayblab, O‘zSSR JKning 57-moddasi 1-bandi va 63-moddalarini ham qo‘llab qaror chiqaradi.

1937 yil 22 dekabr kuni A.Ahmedovga o‘z ishini ko‘rib chiqish uchun beradilar. U o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan tuhmatlar haqida hech narsa demadi, aksincha, boshqa hech qanday qo‘shimcha ko‘rsatma bera olmasligini yozib, ishni yopishlarini so‘radi.

Akbar Ahmedovning ayblov bayonnomasi 1937 yil 26 dekabr kuni dastlabki yozilgan Apresyan nomi qalam bilan o‘chirilgan holda Leonov tomonidan imzolandi. Darhaqiqat, shundan keyin ham tergov yana deyarli bir yil davom etdi. Biroq, uni qamoqqa olib kelgan tuhmatlar o‘zgarmadi. Unga qo‘yilgan eng katta ayblovlarning 90 foizi savdo sohasi bilan bog‘liq jinoyatlar edi. Vaholanki, u bu vazifada ikki hafta ham ishlagan emas. Unga biror jo‘yali asoslar keltirilmagani holda O‘zSSR JKning 58-, 63-, 64-, 67-moddalari qo‘llandi.

Shuncha kamchiliklariga qaramay, qariyb bir yil avval imzolangan mazkur qog‘oz 1938 yil 3 oktabr kuni SSSR general prokurori Vishinskiy o‘rniga uning yordamchisi tomonidan imzo chekildi. Shu kunning o‘zida ish SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi huzurida tuzilgan mash’um “uchlik” sudiga chiqarildi

A.Ahmedov sudi 1938 yil 4 oktabr kuni soat 15:05 dan 15:15 gacha davom etdi. Sud uni otuvga hukm etdi va o‘sha kuniyoq ijro etildi…

1957 yil 8 fevralda A.Ahmedovning turmush o‘rtog‘i Adolatxon Abdullabekova Qo‘qon shahar, Mikoyan ko‘chasi 1-uydan O‘zSSR KP MK birinchi kotibi N.A.Muhiddinovga ariza yozadi. Unda turmush o‘rtog‘ining 1937 yil 29 sentabr kuni Toshkentda qamoqqa olingani va haligacha hech bir xabar yo‘qligini aytadi. A.Ahmedovning onasi Onabibi Ahmedovaning tinimsiz xatlaridan so‘ng, Qo‘qonga 1938 yil 5 aprelda bir xat kelib, unda o‘g‘lining MTLga hukm qilingani va uning Smolenskiy viloyati, Vyazma shahridagi NKVDga qarashli VyazmLagda ekani haqida xabar berilgan edi. Biroq, keyin hech bir xabar bo‘lmadi, deydi. U O‘zbekiston rahbaridan turmush o‘rtog‘ining keyingi taqdiri haqida va uch farzandi kelajagi uchun uning nomini oqlab berishini so‘raydi.

Shundan so‘ng, A.Ahmedov ishi ham qayta ko‘rib chiqishga topshiriladi. 1957 yil 30 may kuni qayta so‘roqqa chaqirilgan Fozil Qo‘qonboev A.Ahmedovni bolaligidan bilishi va uning halol inson bo‘lganligini aytadi.

1956 yil 12 iyun sanasi bilan Adolatxon yana O‘zSSR prokuroturasiga ariza yozadi. Akbar Ahmedov1957 yil 21 sentabr kuni SSSR Oliy Sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlandi va bu haqida uning oila a’zolariga xabar yo‘llandi.

1957 yil 4 dekabr kuni A.Ahmedovning turmush o‘rtog‘i Adolatxon Abdullabekova bu paytda O‘rta Osiyo davlat universiteti talabasi bo‘lgan qizi Jo‘raxon Ahmedova bilan O‘zbekiston hukumati mas’ullari oldiga shikoyat bilan chiqadi. U o‘zining turmush o‘rtog‘i qamoqqa olingach, uyi qandaydir o‘zini O‘zSSR XKS xodimiman, deb tanishtirgan kishi tomonidan tambalab ketilgani, keyinroq esa ulardan uyni bo‘shatishlarini talab qilganini yozadi. Uydagi jihozlari va erining 500 dan ortiq kitoblarining keyingi taqdiri bilan qiziqadi. O‘zining yolg‘iz ayol holida farzandlari bilan Toshkentning eski shahar qismida kechgan azobli hayotini hikoya qiladi. Hatto bu fikrlarini isbotlashi mumkin bo‘lgan guvohlar va ularning turarjoy manzillarini ham ko‘rsatib o‘tadi. Biroq, na uy, na jihozlar va na kitoblar taqdiri biz uchun noma’lum qoldi…

1938 yilning o‘sha mash’um 4 oktabr sanasi qatl etilganlar orasida Akbar Ahmedov nomini ham uchratamiz. Sho‘ro tuzumi hukumat tepasida bo‘lgan qanday mahalliy mulozim bo‘lsa, ulardan ayovsiz voz kechdi, qatl etdi. Ammo minnatdor avlod bu insonlar nomini aslo unutmaydi. Millat uchun yoniq qalb bilan yashagan ajdodlar nomi mudom qalblarda barhayot yashaydi.

Scroll to Top
Skip to content