Turkiy davlatlar mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilal Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, TURKSOY, Turkiyaning Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar boshqarmasi, Ahmad Javad instituti hamda 15-iyul Demokratiya muzeyi hamkorligida 2026-yil 4-7-iyun kunlari Anqara shahridagi 15-iyul Demokratiya muzeyida «Turkiy dunyodagi qatag’on davri» mavzusidagi xalqaro panel va ko‘rgazma tashkil etildi.
Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Xasanov «Yangi O‘zbekistonda mustabid sovet tuzumi davrida qatag‘onga uchragan ma’rifatparvar ziyolilarning xotirasini abadiylashtirishga doir islohotlar» mavzusida ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Ma’ruzada Yangi O‘zbekistonda tarixiy adolatni tiklash, qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mamlakatimizda qatag‘on qurbonlari xotirasini e’zozlash, arxiv hujjatlarini ilmiy muomalaga kiritish, muzey faoliyatini takomillashtirish hamda yosh avlodni milliy tarix va tarixiy xotiraga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, muzeyning ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Murod Zikrullayev «Sovet tuzumi davrida O‘zbekistonda diniy ulamolarga qarshi qatag‘onlar (1917-1930)» mavzusida ma’ruza qildi. Unda sovet hokimiyatining dastlabki yillarida diniy ulamolar va ma’rifat arboblariga nisbatan olib borilgan ta’qib siyosati, qatag‘onlarning sabablari va oqibatlari hamda mazkur jarayonlarning O‘zbekiston ijtimoiy-ma’naviy hayotiga ta’siri tarixiy manbalar asosida yoritib berildi.
Tadbir doirasida turkiy davlatlar vakillari qatag‘on davri tarixini o‘rganish, tarixiy xotirani asrash va kelajak avlodlarga yetkazish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.







