2026-yil 5-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi PQ-270-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-noyabrdagi 691-sonli qaroriga asosan belgilangan oktabr oyining birinchi haftasi “Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi” doirasida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan “Oqil ota” qabristonida xotira tadbirini o‘tkazdi.
Mazkur haftalikning aynan oktabr oyining birinchi haftasida o‘tkazilishi bejiz emas. Tarixdan ma’lumki, 1937–1938-yillardagi qatag‘onlar O‘zbekiston tarixining eng fojeali sahifalaridan biridir.
1938-yil 4–16-oktabr kunlari SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor yig‘ilishlarida 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm o‘qilgan. Ularning eng ko‘zga ko‘ringanlari jismonan mahv etilgan, qolganlariga esa turli muddatga surgun yoki qamoq jazosi belgilangan.
Umuman olganda, 1934–1938-yillarda O‘zbekistonda 40 mingdan ortiq inson qatag‘on qilingan. Shulardan 730 nafari “xalq dushmani” sifatida otib tashlangan. Ularning aksariyati 1938-yil 4-oktabrda shoshilinch qatl etilgan. Voqeaning eng dahshatli jihati shundaki, ularga hukm 5-oktabr sanasi bilan chiqarilgan.
Xotira tadbiri avvalo “Oqil ota” qabrini ziyorat qilishdan boshlandi. Ziyorat davomida muzey xodimlariga ushbu tarixiy maskan haqida ma’lumot berildi. “Oqil ota” qabristoni XVIII asrga mansub bo‘lib, 2008-yilda UNESCO tomonidan muhofaza qilinadigan tarixiy yodgorliklar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ziyorat davomida muzey jamoasi tomonidan qabriston hududida obodonlashtirish va tozalik ishlari amalga oshirildi. Shundan so‘ng 1937–1938-yillardagi “Katta qirg‘in” qurbonlari xotirasiga o‘rnatilgan ramziy qabr ziyorat qilinib, u yerda qatag‘on qurbonlarining xotirasi yodga olindi. Ularning ruhlariga bag‘ishlab Qur’on tilovat qilinib, duo va fotiha qilindi.





