Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

NAMANGAN QATAG‘ON TARIXINING YANGI SAHIFALARI: MUHIM ILMIY NASHR TAQDIMOTI


2026-yil 16-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida “Mustabid tuzum davri qatag‘onining Namangandagi shahidlari: arxitektura va odamlar” nomli yo‘lko‘rsatkich kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nashr O‘zbekiston tarixining murakkab va fojiali davrlarini o‘rganish, Namangan viloyatidagi siyosiy qatag‘on qurbonlari xotirasini tiklash hamda tarixiy obidalar va ular bilan bog‘liq insonlar taqdirini keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ilmiy-ma’rifiy ahamiyat kasb etadi.

Kitob Konrad Adenauer nomidagi fondning O‘zbekistondagi vakolatxonasi moliyaviy ko‘magida tayyorlandi. Ushbu hamkorlik tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyatini chuqur o‘rganish hamda xalqimizning tarixiy merosini kelajak avlodlarga yetkazishga qaratilgan ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlashning muhim namunasidir.

Nashrning yaratilishida Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi xodimlari tomonidan Namangan viloyatiga uyushtirilgan ilmiy ekspeditsiya alohida o‘rin tutadi. Ekspeditsiya davomida hududning tarixiy-madaniy merosi, qatag‘on davri bilan bog‘liq maskanlar va insonlar taqdirini o‘rganishga qaratilgan izlanishlar olib borildi. Tadbir davomida Namangan ekspeditsiyasiga bag‘ishlangan videorolik ham namoyish etildi.

Tadbirning yana bir e’tiborga molik jihati shundan iborat bo‘ldiki, yakunda viloyat muzeylari rahbarlaridan uch nafari Oliy ta’lim vazirligi tomonidan “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Ushbu e’tirof ularning ta’lim va ma’rifat sohasidagi faoliyati hamda madaniy merosni asrash yo‘lidagi xizmatlariga berilgan yuksak baho sifatida ahamiyatlidir.

Mazkur taqdimot ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, tarixiy haqiqatni tiklash va qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Tarixni anglash, o‘tmish saboqlarini unutmaslik va inson qadrini ulug‘lash kelajak oldidagi mas’uliyatimizdir.

Scroll to Top
Skip to content