(1905-1938)
Qismat. Kimgadir yaxshi taqdir, kimgadir achchiq hayot nasib etadi. Aka-uka Muhammedovlar oilasi boshidan kechirgan qismatni esa shunchaki hikoya qilib bo‘lmaydi. Quruq tuhmat ortidan sarson-sargardonchilik ziyoli aka-ukalarning nafaqat o‘zini, balki oila a’zolarini ham achchiq qismatga ro‘baro‘ qildi.
Jamiyat taraqqiyoti uchun bel bog‘lagan, o‘qib-o‘rgangan, butun bilimini shu yurt taqdiri uchun sarflashga tayyor Muhammedovlarning aybi nimada edi? Maqolada shu savolga javob izlaymiz.
Abduvosiq Muhammedov 1905 yil Toshkent shahrining ko‘hna Shayxontohur dahasi, birinchi Mergancha mahallasida tavallud topgan. Otasi Abdushukur Toshmuhammad o‘g‘libog‘bon oilasidan chiqqan. U 1900-05 yillar Farg‘onada Jamurzakov savdo idorasida, 1906-14 yillarda Toshkentda savdogar AbdurasulMavlonqorievning savdo manifakturasida, 1914-17 yillarda esa yana Farg‘ona shahrida Ahmedovning savdo idorasida ish yurituvchi bo‘lib ishlagan. Abdushukur Muhammedov qozoq, tatar, tojik, rus tillarida erkin gaplashib, savdoda shirin tili bilan hammaning ko‘nglini birday topar edi. Hatto, savdodagi yutuqlari uchun Polshaning Lozd kompaniyasi tomonidan oltin soat bilan ham taqdirlangandi.
Abdushukur Muhammedovning o‘zi madrasada ta’lim olgan, ayoli Oyimchabibi (1884) ham ziyoliinson edi. Bu ma’rifatli oilada Hofiz, Bedil, Fuzuliy, So‘fi Olloyor, Yassaviylar asarlari yoddan o‘qilardi. Ular ayni paytda o‘z farzandlarining zamonaviy ta’lim olishi uchun barcha sharoitlarni yaratib beradi. Katta o‘g‘li Abduvosiq Muhammedov 1917 yilgacha eski usul va jadid (yangi usul) maktablarida tahsil oladi. Shundan so‘ng, 1918-19 yillardaToshkentdagi Munavvar qori Abdurashidxonovning mashhur “Namuna” maktabida o‘qishni davom ettiradi. Maktabda u A’zam Ayub, Iskandar Ikrom, No‘monbek Dolimov, Sayid G‘ani kabi iqtidorli yoshlar bilan birga ta’lim oladi. Abduvosiqo‘zining intiluvchanligi va o‘quvchilarni uyushtirish qobiliyati bilan guruhda yetakchi edi. Abduvosiq hali juda yoshligiga qaramay, taraqqiyparvar yoshlarning “Turon” to‘dasiga a’zo bo‘lib, uning rahbarligida “Namuna”ning birinchi bosqich o‘quvchilari “Yasha Turon”ni kuylagan holda Toshkent ko‘chalarida marshlartashkil etar edilar.
Abduvosiq Muhammedov 1919 yil oxirida maktabni tugatib, 1920 yildan komsomol tashkilotiga kiradi. U Toshkentning eski shahar komsomolida tashkilotchi sifatida ish boshlaydi. Abduvosiq Muhammedov tahsilni davom ettirish maqsadida Toshkent shahridagi ishchi fakultetiga o‘qishga kiradi. Biroq, o‘qish sharoitidan ko‘ngli to‘lmaydi va o‘qishni tashlab, “Chig‘atoy gurungi”da faol harakat olib boradi. U ayni paytda Turkbyuroning nashriyot bo‘limida musahhih bo‘lib ishlaydi.
1921 yil oxirida Munavvar qori va Fitratlar tashabbusi bilan Toshkent ishchi fakulteti talabalari chet elda tahsilni davom ettirish uchun kurash harakatini boshlaydilar. Bunda Abduvosiq Muhammedov va Said Ahmad Naziriylar Moskva hamda Leningrad shaharlarida ta’limni davom ettirishga intiluvchi yoshlarni, To‘lagan Mo‘min esa Germaniyada tahsil olishni istovchi yoshlarni o‘z atrofiga to‘playdi.
Abduvosiq 1922 yil yuzaga kelgan “Ko‘mak” uyushmasining faollaridan biri bo‘ldi. U “Ko‘mak” uyushmasining talabi bilan boshqa yoshlar qatori Piskent tumaniga borib, aholidan pul yig‘ib keladi. Bu pullar turkistonlik yoshlarning Moskva, Peterburg, Boku shaharlari va Germaniya davlatiga borib ta’lim olishlariga sarflanadi.
Sverdlov nomidagi komuniversitet talabasi Akmal Ikromov, hukumat universiteti iqtisodiyot fakulteti talabasi Botu, Moskva tekstil instituti talabasi Said Ahmad Naziriy kabi iqtidorli yoshlar bilan bir qatorda Abduvosiq Muhammedov Moskvada Sharq mehnatkashlari kommunistik universitetida ta’lim oladi. Ular sovetlar mamlakatining markazida bilim olish bilan bir paytda turkistonlik talabalarni uyushtirish, barchaga Turkistonni, uning madaniy qadriyatlarini tanishtirishda mislsiz ishlarni amalga oshirdilar.
Darhaqiqat, 1922-24 yillarda Moskvada o‘qigan talabalar nihoyatda og‘ir sharoitda tahsil oldilar. Ular ma’ishiy ta’minlanmagan holda sovuq xonalarda, yarim ochlikda yashadilar. Abduvosiq Muhammedovning singlisi Kimyoxon opaning yozishicha,onasi Oyimchabibi farzandi sog‘inchi bilan yig‘lab, non yopib, qopga joylab uni poezdda Moskvaga jo‘natar ekanlar. Talabalar esa bu nonlarni yeb darsga yugurisharkan.
1924 yil noyabrda Abduvosiq Muhammedov o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib, Toshkentga qaytadi. U 1925 yilning mart oyigacha Toshkent viloyati komsomolida tashkilotchi, so‘ng 1926 yil 15 iyunigacha mas’ul kotib lavozimida ish olib boradi. U tashkiliy ishlar bilan bir paytda bolalar gazeta va jurnallarida ham faol ishtirok etadi. Abduvosiq Muhammedov 1926-1927 yillarda O‘zSSR komsomol tashkilotida taqsimot bo‘limi mudiri va komsomol tashkilotining nashri afkori bo‘lgan “Yosh leninchi” gazetasining ham mas’ul muharriri bo‘lib ishladi. Bu davrda uning publitsistik iqtidori namoyon bo‘ldi. Uning mamlakatimiz xalq xo‘jaligini izga qo‘yishdagi o‘tkir muammolarga bag‘ishlangan qator maqolalari nashr etildi.
Abduvosiq Muhammedov 1927 yil iyul oyida partiya yo‘llanmasi bilan Andijon viloyatiga yuboriladi. U Oyim tumanida yer islohotlarini o‘tkazish ishiga jalb etildi. 1928 yil sentabrda Abduvosiq Muhammedov Leningrad Arxitektura institutining arxitektor-muhandis yo‘nalishiga o‘qishga kiradi. U to‘rt yillik tahsildan so‘ng Toshkentga qaytib, VKP (b) O‘rta Osiyo byurosi qarori bilan O‘zbekiston Davlat plan qo‘mitasi Prezidiumi a’zosi etib tayinlanadi.
Abduvosiq Muhammedov 1933-34 yillarda Xalq komissarlar soveti qurilish komissiyasiga rais bo‘ldi. Yosh kadr o‘zining iqtidori va salohiyati bilan qisqa muddatda barchaning ishonchini qozondi. Shu bois unga 1934 yil respublikaning o‘ta muhim inshooti bo‘lgan akademik teatr binosini qurish mas’uliyati topshiriladi.
Abduvosiq Muhammedov 1934-37 yillar davomida Toshkent akademik teatri qurilishiga boshchilik qildi. U 1937 yil 3 maydan O‘zbekiston Mahalliy ishlab chiqarish xalq komissari o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi. Biroq, endigina 32 yoshga kirgan Abduvosiq Muhammedov ham “Katta qirg‘in”ning mash’um qora ro‘yxatiga kiritilgan ekan…
1937 yil 21 oktabr kuni u hech bir kurakda turmaydigan ayblovlar bilan ishdan olinadi. 1937 yil 31 oktabr kuni esa Toshkent shahar Kuybishev tuman partiya qo‘mitasida uni partiyadan o‘chirishadi. Unga qo‘llash uchun aniq ayblov topilmadi-mi, yohud boshqa sababmi har qalay uni birdan qamoqqa olishga ham shoshilishmadi. Vosiq Muhammedov ishdan olinib, uydan chiqa olmay qolgan vaqtlarida uning oldiga do‘stlari kelib xabar olib turganlar. Bir kuni uning uyiga kelgan Shokir Sulaymon maktab darsini qilib o‘tirgan kichkina Kimyoxonning oldida do‘sti Abduvosiqqa qarab, “Biz xalqimizga, millatimizga xiyonat qilibmiz-mi, biz mana shularga xiyonat qilibmiz-mi, biza…” deb yig‘lab yuboradi.Kimyoxon opaning eslashicha, shu gaplarni aytgan Shokir Sulaymonning ko‘zlaridan yosh emas, olov chaqnab ketgan ekan.
1937 yil 7 dekabr kuni Akjigitovning Abduvosiq Muhammedovni o‘ng troskiychi, aksilinqilobiy tashkilot a’zosi deb, O‘zSSR JKning 60, 67 moddalarini qo‘llagan qarori O‘zSSR NKVD 4-bo‘limi boshlig‘i Lisitsin tomonidan tasdiqlandi. 1937 yil 17 dekabr kuni uni qamoqqa olish uchun order yozildi va shu kuni kechasi Toshkent shahri, Oktabr tumani, 1-Mergancha mahallasi, 54 uyda tintuv o‘tkazildi.
Uning anketasidan ma’lum bo‘lishicha, ukasi Rauf (1908) va Sobir (1912, Moskva kinoakademiyasida aspirant)lar bu vaqtda Toshkentda bo‘lmagan. OtasiAbdushukur Muhammedov va onasi Oyimchabibilar kichik ukasi G‘anijon(1919) va Kimyoxon (1926)lar bilan Yer ishlari xalq komissarligiga qarashli mutaxassislar uyida yashaganlar.
1937 yil 18 dekabr kuni o‘tkazilgan ilk so‘roqdayoq Abduvosiq Muhammedov o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblarni tan oladi. Boisi, undan oldinroq xalq xizmati yo‘lida tinim bilmay ishlagan ukasi Abdurauf Muhammedov ham qandaydir tuhmatlar asosida qamoqqa olingan edi. U allaqachon ma’nan sindirilgan va eng alamlisi hali oila qurib ham ulgurmagan ukasining taqdiriga ko‘proq qayg‘urayotgan edi. Shundan so‘ng bir necha oy uni ham o‘z holiga tashlab qo‘yishdi.
1938 yil 5 mart kuni Abduvosiq Muhammedovga teatr qurilishida katta miqdordagi davlat pulini o‘marish aybi qo‘yilgan qaror chiqariladi. Vaholanki, akademik teatr uchun qurilish rejasi va xarajatlari akademik Shusev tomonidan ishlab chiqilgan va 1934 yil 8 dekabr kuni tasdiqlangan edi. O‘zSSR Xalq Komissarlari Soveti va moliya xalq komissarliklari tomonidan tasdiqlangan barcha xarajatlar har bir tiyinigacha to‘g‘ri sarflanishiga qaramay, adolatsiz tuzum Abduvosiq Muhammedovni aybdor deb topdi.
1938 yil 10 mart kuni Abduvosiq Muhammedovga imzolatilgan so‘roq bayonnomasida, uning 1922 yilda A.Ikromov bilan tanishgani, Otajon Hoshim, Said Ahmad Naziriylar bilan birgalikda amalga oshirgan “aksilinqilobiy faoliyatlari” bayon etildi. 1938 yil 21 mart kuni so‘roqda esa xotini Matlubaning Moskvadagi faoliyati bilan qiziqadilar. Shundan so‘ng allaqachonlar tayyorlab qo‘yilgan ayblov bayonnomasi 1938 yil 21 yanvarda O‘zSSR NKVD Apresyan o‘rniga Leonov, 1938 yil 3 oktabr kuni SSSR genprokurori Vishinskiy o‘rniga uning ismi sharifi qayd etilmagan yordamchisi tomonidan imzolanadi. Abduvosiq Muhammedov ishi 1938 yil 4 oktabr kuni mash’um “uchlik” sudi ixtiyoriga topshirildi. 5 oktabr kuni soat 9:00dan 9:15 gacha Alekseev, Zaysev, Boldirevlar ishtirokida o‘tkazilgan sud Abduvosiq Muhammedovni oliy jazoga hukm qiladi. Hukm shu kunning o‘zida ijro etilgan.
Darhaqiqat, Abduvosiq Muhammedovning xotini, 1911 yilda tug‘ilgan Matluba Muhammedovaham ayanchli taqdir sohibalaridan. U farg‘onalik jadid muallimi Nurmuhammad Dadamuhammedovning qizi bo‘lib, 1926 yilgacha Qo‘qonda o‘qigan. So‘ngToshkentdagi ayollar bilim yurtiga va u yerdan opasi Mahbuba Dadamuhammedovaning izidan Moskvaga o‘qishga yo‘l oladi. Matluba Moskvadagi o‘zbek maorif institutiga o‘qishga kiradi va talabalar orasida vatanparvarlik mavzusidagi she’rlar o‘qishi, o‘zi ham shu mavzudagi she’rlar yozishi bilan mashhur bo‘lib ketadi. Biroq, uning bu ishi komsomol tomonidan ko‘rilib, millatchilik deb baholanadi va uni o‘qishdan haydashadilar.
Hatto, 1927 yil Moskvada “Komsomolskaya pravda” gazetasida unga qarshi maqola ham chiqadi. Ko‘p o‘tmay Matluba ariza yozib, o‘ziga qo‘yilgan ayblarning tuhmat ekanligini isbotlab, o‘qishiga tiklanadi. Biroq, bu paytda o‘zbek maorif institutini yopadilar. Matluba Moskvadagi musiqa texnikumiga kirib o‘qishni davom ettiradi.1929 yilda Said Ahmad uni Leningrad arxitektura instituti talabasi bo‘lgan do‘sti Abduvosiq Muhammedov bilan tanishtiradi.
1933 yil Toshkentga kelgan Abduvosiq Matlubaga uylanadi. U qamoqqa olinganida Matluba Toshkent tibbiyot institutining 3-bosqich talabasi edi. 1938 yil 17 yanvar kuni Matluba Muhammedovani ham qamoqqa oladilar. 19 yanvar kuni ilk so‘roqda u erining davlat va xalqning oldida hech qanday aybi yo‘qligini bayon qiladi. 1938 yil 21 fevralda ikkinchi so‘roqda opasi Mahbuba va uning eri Germaniyada tahsil olib qaytgan kimyogar olim Sattor Jabbor haqida so‘rab surishtiradilar. 1938 yil 17 may kuni Toshkent viloyat sudi Matluba Muhammedovani 10 yilga qamoqqa hukm etadi.
U sovuq Sibirning Usolskiy lagerida jazoni ijro etadi. Ular chidab bo‘lmas darajadagi og‘ir mehnat sharoiti, tahqir va azoblar ostida daraxt kesadilar. 1940 yil 26 fevralda uning arizasi qayta ko‘rilib, oqlanishga erishadi. U vatanga qaytgach, urush yillarida Tibbiyot institutini tugatadi. Urushdan so‘ng 1937 yil arxitektura institutida talabalik yillarida qamalib ketgan ukasi Fatxulla Vorkutadagi qamoqxonadan og‘ir ahvolda qaytadi. Matluba ukasi uchun Namanganga borib yashab, uni davolaydi. Faqat Stalin vafotidan so‘nggina ular Toshkentga keladilar.
Ikki qarog‘idan ajralgan onai zor bu baxtsizlikka aslo rozi bo‘la olmadi. Uning 1940 yil 29 iyun kuni SSSR NKVD raisi Beriyaga yozgan arizasiga hech qanday javob qaytarilmadi.
1955 yil 7 iyunda Toshkeng shahri, Kislovodsk ko‘chasi 34 uydan Oyimcha Muhammedova yana ikki farzandining taqdirini so‘rab SSSR Harbiy prokuroriga murojaat etadi. 1956 yil 11 iyul kuni mazkur ariza asosida SSSR Harbiy prokuraturasi tomonidan Turkiston harbiy okrugiga Vosiq Muhammedovning ishini qayta ko‘rib chiqishga topshiriladi. Bu jarayonda uning to‘liq tuhmatlar asosida mahv etilgani ma’lum bo‘ldi. Qayta so‘roqda Toshkent akademik teatrining qurilishi sobiq ishchilari Rostovskiy, Milovanov, sitovichlar uning hech bir zararli harakatini sezmaganini aytadilar. Sobiq NKVD mulozimlari Leonov, Lisitsin va Abramyans va ijro xodimlari tergov ishini soxtalashtirgani uchun javobgarlikka tortilgan edi. Natijada, sobiq SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi 1956 yil 28 noyabrda Abduvosiq Muhammedovni oqlab, 1938 yil 5 oktabrda chiqarilgan “uchlik” qarorini bekor qiladi. 1956 yil 14 dekabrda Abduvosiq Muhammedovning oqlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumot uning yaqinlariga yetkazildi.