(1884-1938)
Fitrat XX asr o‘zbek adabiyoti, fani va madaniyatining yirik vakilidir. U qomusiy bilimga ega olim, adabiyot nazariyachisi, o‘tkir tilshunos, betakror dramaturg va shoir, jangovar publitsist, noshir va jurnalist, talantli davlat va jamoat arbobi edi.
Birinchi o‘zbek professoriFitrat Buxoro va Turkiston maorifining olg‘a siljishiga doir muhim ishlarni amalga oshirdi. Fitrat – Abduraufning taxallusi bo‘lib, “tug‘ma iste’dod” ma’nosini beradi. Abdurauf Fitrat o‘z tarjimai holida yozishicha, 1884 yilda Buxoroda tug‘ilgan.
Abdurauf boshlang‘ich tarbiyani diniy maktabda, so‘ng mashhur “Mir Arab” madrasasida oldi. Fors va o‘zbek tillarining mukammal bilimdoni bo‘lmish Fitrat arab tilini ham chuqur egallab, shaharda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealarga, ayniqsa, jadidchilik harakatlariga qiziqib qaradi. O‘zining aytishicha, avval jadidlar harakatiga qarshilik qildi, keyin uning mohiyatini anglab yetgach, bu harakatga qo‘shildi, hatto ashaddiy targ‘ibotchilaridan biriga aylandi. Jadidlar maslahati va yordami bilan bir guruh yoshlar, jumladan, Fitrat Istanbulga o‘qishga yuboriladi. U 1909–1913 yillarda Turkiyada tahsil oldi.
Otasi Abdurahimboy savdo bilan shug‘ullangani bois chet ellarga chiqar, dunyo ahvolidan boxabar, o‘qimishli va taniqli odam edi. Onasi Bibijon, adabiyotshunos edi. Fitrat oilaning to‘ng‘ich farzandi edi 1909 yili Istanbulda “Hindistonda bir farangi ila buxoroli bir mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadida xususida qilgan munozarasi” kitobi bosilib chiqdi. “Munozara…” Buxoroda bosilishiga amir ruxsat bermagach, Istanbulda nashr etilgan edi. Forscha yozilgan ushbu asarni Hoji Muin o‘zbekchaga aylantirdi va 1911 yilda “Turkiston viloyatining gazeti”da bostirdi. 1913 yilda esa asar alohida kitob holida chiqdi, unga Behbudiy kirish so‘zi yozdi. “Hibs qilish, o‘ldirish, sangsor qilish kundagi odatlardan edi, – deb yozadi Fitrat, – u zamonlarda kitob yozishning o‘zi “kofir”lik edi. Men shu vaqtlarda birinchi asarni yozdim. Buxoroning idora usulini, ta’lim-tarbiya usulini, bir kuy rasmiy idoralarni tanqid qildim. Bu kitob Buxoroda tarqalar edi. Uning noshirlari bo‘lg‘on Buxoro jadidlarini tahlikaga tushirmaslik uchun amirga qaratib bir so‘zboshi yozdim va shuning bilan go‘yo, tanqidning unga emas, ma’murlariga oid bo‘lg‘onini ko‘rsatdim”.
Kitob Buxoroda ijtimoiy ongning jonlanishiga katta turtki bo‘ldi, hatto hukumat tomonidan ta’qib qilinayotgan jadid maktablarining ko‘plab ochilishiga, maktab-ta’lim ishlarining jonlanishiga yordam berdi. Axir undagi “Islom mamlakatlari nega vayrona va xarobazor qolishi kerak. Buning sababi nimada?”, “Bu bechoralarning nega yeyishga noni yo‘q?” kabi jiddiy savol va mulohazalar xalq ongiga ta’sir etmasdan iloji yo‘q edi.
Fitrat adabiyotning hamma janrlarida qalam tebratdi va o‘z orzu-armonlari, ezgu tilaklarini targ‘ib eta boshladi. U 1910 yilda “Sayha” (“Bong”) degan she’rlar to‘plami bosildi. U ham fors tilida edi. “Hind sayyohining qissasi” ni ham forschada yozdi va 1912 yilda nashr ettirdi.
Fitrat yurtiga qaytgach, Buxoro va Samarqanddagi qizg‘in adabiy jarayon, madaniy, maorif ishlariga va siyosiy harakatlarga faol aralashib ketdi. Jadidchilarning bir guruhi maorif-ma’rifat orqali xalq ahvolini yaxshilashga intilishsa, ikkinchi guruhi davlat tizimini isloh etish, qayta qurish orqaligina xalq va yurt ahvolini o‘nglash mumkin, degan siyosiy yo‘ldan yurishga intildi. Shu maqsadda 1917 yil fevral inqilobidan keyin yosh buxoroliklarning inqilobiy partiyasi tuzildi.
Markaziy Qo‘mita a’zolari orasida Fitrat sarkotib sifatida va Fayzulla Xo‘jaev a’zo sifatida ishtirok etishdi. Partiya Amirni islohga da’vat etdi va u qog‘ozda ko‘p xayrli ishlar qilishga va’da berdi, amalda o‘z bilganidan qolmadi. Fitrat matbuot orqali ham o‘z g‘oyalarini targ‘ib etishga intildi. Samarqandda 1917 yil aprelidan “Hurriyat” gazetasi chiqa boshlagan edi, avval unga Mardonqul Shohmuhammadzoda, keyin 27–28-sonlariga Fitrat muharrirlik qildi. 1917 yil Oktabr to‘ntarishi munosabati bilan shu “Hurriyat” gazetasida Fitratning “Rusiyada yangi balo bosh ko‘tardi – bolshevik balosi!” degan qaydi bosildi (o‘sha gazetaning 1917 yil 49-sonida).
1917 yil noyabrda Qo‘qon muxtoriyati tuzilganda, Fitrat Samarqandda edi. Shu yerdan unga vakil a’zo qilib saylandi. O‘zining “Hurriyat” gazetasida bu voqeani Fitrat yuraqdan quvvatlab maqola e’lon qildi: “Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik. Qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi. Og‘zimiz qoplandi. Yerimiz bosildi. Molimiz talandi, sharafimiz yemruldi. Nomusimiz g‘asb qilindi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi. To‘zimli turdik. Sabr etdik. Kuchga tayangan har buyruqqa bo‘ysundik. Butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik. Yolg‘iz bir fikrni bermaduk, yoshuntirduk, imonlarimizga o‘rab saqladuk. Bu – Turkiston muxtoriyati” deb yozadi. Bu maqola “Hurriyat” gazetasining 1917 yil 5 dekabr sonida bosilgan edi.
Fitrat 1921 yilda Buxoroga kelib, davlat ishlarida faol ishtirok edi. Bir qancha mas’ul vazifalarda ishlab, Buxoroning rivoji uchun qo‘lidan kelgan yordamini berdi. Ammo Fayzulla Xo‘jaev boshchiligidagi Buxoro hukumati rahbarlarining millatning taraqqiyoti uchun olib borayotgan keng ko‘lamdagi yaxshi ishlari Maskovga yoqmadi. 1923 yil 12 iyun Plenumida Maskov Buxoro hukumati tarkibi boy, savdogarlardan iborat bo‘lib qolgan, degan aybni qo‘yib, hukumat a’zoligidan besh kishini, jumladan, Fitratni ham chiqaradi. Fitrat Maskovga ketishga majbur bo‘ladi. U yerda 1923-1924 yillarda Sharq tillari institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlaydi. Shu yillar unga professorlik unvoni berildi.
Fitrat Maskovdan qaytib kelgach, Buxoro, Samarqand, Toshkent universitetlarida dars berdi, O‘zbekiston Davlat ilmiy-tadqiqot institutida til va adabiyot institutida, O‘zbekiston Fanlar qo‘mitasida ishladi. Bu yillari u she’rlar, pesalar bilan birga nihoyatda ko‘p va teran ilmiy asarlar yozdi. Ammo Fitratning millatparvarligi bolsheviklar va Sho‘ro hukumati rahbarlariga yoqmas edi. Uni A. Qodiriy, Cho‘lpon, Botu, U. Nosirlar bilan birgaliqda millatchiliqda ayblash tobora avj oldi. Fitrat “Men o‘zbek millatchisi bo‘lgan zamonlarda (millatparvari demoqchi. – S. M.) har vaqt Sho‘ro hukumatiga, kommunistik firqasiga xayrixoh bo‘lib turdim”, deb yozgan edi. Afsuski, xalq ideali va baxt-saodati, haqiqat, adolat, maorif, fan, madaniyat va millat taqdiri uchun tunu kun mehnat qilgan bu ulug‘ zotni shu partiya, shu Sho‘rolar hukumati aksilinqilobchi, millatchi, “xalq dushmani” deb aybladi, 1937 yil aprelda hibsga oldi va 1938 yil 4 oktabrda A. Qodiriy, Cho‘lponlar bilan birga vahshiylarcha otib tashladi. Ularni otish haqidagi hukm bir kun keyin, ya’ni 1938 yil 5 oktabrda chiqqan. 1957 yilda Sobiq Ittifoq Oliy sudining harbiy kollegiyasi 1938 yil 5 oktabrdagi hukmni bekor qildi va Fitratni aybsiz deb topdi.
Fitrat ko‘pqirrali va sermahsul ijodkordir. Bu – uning oz va soz lirikasi, ko‘pqirrali dramaturgiyasi, jangovar publitsistikasi va katta hajmdagi chuqur ilmiy tadqiqotlaridir. Uning ijodiy ishlari va ijtimoiy faoliyati xalqni jaholat, turg‘unlik, g‘aflatdan uyg‘otish, ilm-ma’rifatga chorlash, erkin, ozod, baxt-saodatli hayotga, birinchi navbatda milliy mustaqillikka chorlashga qaratilgan edi.
Firat o‘zbekning o‘zligini tanishi, ota-bobolari kabi ulug‘vor kashfiyotlar qilishga, birlashgan, kuchli, qudratli davlat tuzishga va dunyoning ilg‘or madaniy mamlakatlariga yetib olishga chaqirdi. Butun ijodining mohiyati xalqning qalb qo‘zini ochishga va mehnat, yaratish, o‘qish, unish, kurashga da’vatdan iboratdir. Uning ilk to‘plami “Sayha”ning kuchi Fayzulla Xo‘jaev ta’kidlaganidek, “Buxoro mustaqilligi g‘oyasi yorqin milliy shaklda birinchi bor ifodalab berilishida edi”. Vatanga muhabbat, xalqning g‘am-g‘ussasiga achinish va zulmdan qutulishga undash tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan.
Fitratning “Uchqun” degan to‘plamining chiqqanligi to‘g‘risida xabar bosilgan (1923 yil), lekin u topilmagan. Respublika matbuotida va “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamida (1922 yil), boshqa manbalarda uning talaygina she’rlari bosilgan. Garchand Fitrat fors, arab tillarini yaxshi bilsa-da, o‘z she’rlarida iloji boricha o‘sha tillarga mansub so‘zlarni ishlatmaslikka va sodda o‘zbek tilida yozishga intildi. Uning ustiga Fitrat o‘z badiiy ijodi va ilmiy maqolalari orqali barmoq vaznining qulayligi va keng imkoniyatlarini targ‘ib qildi. “Bir oz kul!”, “Ishqimning tarixi”, “Yana yondim…”, “Qor” kabi she’rlari soddaligi va tuyg‘u, kechinmalarni haqqoniy ifodalab berishi bilan jozibalidir. “O‘qituvchilar yurtiga” she’rida elni ma’rifat, haqiqat yo‘liga yo‘naltirish va jaholatga qarshi kurashga da’vat etadi.
Shu misollarning o‘ziyoq Fitrat she’riyatining milliy uyg‘onish va inqilobiy ruhdagi haqqoniy, mardona yo‘nalishda ekanligidan dalolat beradi. Fitratning “Sayyoh hindi” (“Hind sayyohining qissasi”) nasriy asari 1912 yilda bosildi. Asarda jahon xalqlari, ilg‘or mamlakatlar fuqarosi ko‘zi bilan Buxoro, umuman Turkistonning davlat tuzumiga, tartib-qoidasiga, maorifiga nazar tashlab, ulardagi ibratli jihatlarni qo‘llab-quvvatlab, illatlarini esa beayov fosh etadi. Asarni Buxoroni, umuman Turkistonni erk yo‘liga olib chiqish dasturi deyish mumkin. “Umaro” bobida Fitrat amaldorlar “hukmronlik otiga minib, bechorayu badbaxt xalqning mol, jon, arz, nomus va sharafini shafqatsizlarcha poymol etdilar”, “Hammaga ma’lumki, har bir millatning taraqqiyoti uchun ilm asosiy sababdir” deydi.
Fitrat tijorat va boy bo‘lishni targ‘ib etadi, ammo boylikka sajda qilish, iymon-e’tiqodni, insofni yo‘qotishni qoralaydi. Asarlarida xalqni birlashishga, zavod-fabrikalar qurishga, tijoratni rivojlantirishga chaqiradi.
Fitrat “Arslon” va yana bir nechta pesalar yozgan, afsuski ularning ko‘pchiligi o‘z vaqtida bosilmay yo‘qolib ketgan. U diniy mavzuda ilmiy risola, pesalar, hikoyalar yozdi. “Qiyomat”, “Shaytonning tangriga isyoni”, “Ro‘zalar”, “Me’roj”, “Zaynabning iymoni”, “Oq mozor”, “Qiyshiq eshon”, “Zayd va Zaynab” kabi asarlari shular jumlasidandir.
Fitrat zo‘r adabiyotshunos, kuchli nazariyachi va o‘tkir tilshunos. Uning “O‘zbek tili grammatikasi” (“Sarf”, “Nahv”, 1924-30 yillarda olti marotaba nashr etildi), “Tojik tili grammatikasi” (1930 y.) va til haqidagi o‘nlab maqolalari ulkan olimligidan guvohdir. “Adabiyot qoidalari”, “Aruz haqida” kitoblari hozir ham ilmiy-nazariy qimmatini yo‘qotmagan. Fitratning “Eski o‘zbek adabiyoti namunalari”, “XVI asrdan so‘nggi o‘zbek adabiyotiga umumiy bir qarash”, “Chig‘atoy adabiyoti” kabi yirik tadqiqotlari va Umar Hayyom, Firdavsiy, Yassaviy, Navoiy, Muhammad Solih, Bedil, Mashrab, Turdi, Furqat, Muqimiy, Nodira to‘g‘risidagi kitob va maqolalari shu davr o‘zbek adabiyotshunosligida bir voqea, bir davr bo‘lib tarixga kirdi. Uning o‘zbek musiqasi tarixi, shaxmat to‘g‘risidagi maqola, kitoblari qomusiy ilm egasi ekanligini tasdiqlaydi. “Tilimiz” maqolasida bitta “bil” o‘zagidan 98 ta so‘z yasash mumkinligini va turkiy tilning so‘z boyligi fors, arab tillariga nisbatan ko‘proq ekanligini isbotlab, lekin hozir o‘z mavqeiga ega emasligini, “eng baxtsizligini” ta’kidlaydi. Fitrat ulug‘, betakror ijodkor edi.
Fitrat zullisonayn yozuvchi bo‘lib, adabiy faoliyatining dastlabki davrida asosan fors tilida ijod qilgan («Sayha»). Fitratning bizga yetib kelgan o‘zbek tilidagi she’rlari 1917 yil va undan keyingi davrga oid. Ma’lumki, Fevral inqilobidan keyin Turkiston xalkdarining mustaqillikka erishishlari uchun birdan-bir tarixiy imkoniyat tug‘ilgan. Fitrat shu davrda xalqni mustamlakachilik kishanlarini parchalab, istiklol uchun kurashga da’vat etuvchi she’rlar yozishga kirishgan. Ammo an’anaviy aruz vazni, uning nazarida, bunday zamonaviy g‘oyani ifodalash, xalkni oyoqqa qalqtirish va safarbar etish kuchiga ega emas edi. Shuning uchun ham Fitrat turk va tatar she’riyatlarida shakllangan, o‘zbek xalq og‘zaki she’riyatida ayrim unsurlari bo‘lgan sochmani milliy adabiyotimizga olib kirdi.
Shoir «Yurt qayg‘usi» deb nomlangan bir she’r va 4 ta sochma yozib, ularda hurriyat uchun kurash g‘oyasini baralla kuyladi. Fitrat mazkur sochmalarida Turkistonni xo‘rlangan va xorlangan Ona obrazida tasvirlab, bu jabrdiyda Onani zulm asoratidan xalos etish uchun Amir Temur singari jahongirlarga murojaat etdi, xalqni erk va hurriyat uchun kurash maydoniga da’vat etdi. U shu yillarda «Mirrix yulduziga», «Sharq», «Shoir» singari she’rlarini yaratib, ularda Turkistonni endi «qizil» mustamlakaga aylantira boshlagan bolsheviklarga va ular barpo etayotgan tuzumga nafrat tuyg‘usini ifodaladi. Fitrat barmoq vaznida yozilgan shu she’rlari bilan xalq og‘zaki she’riyatining mulki bo‘lgan barmoqni isloh etib, Cho‘lpon bilan birga uni yozma adabiyotga olib kirdi va unga yangi hayot bag‘ishladi. «O‘zbek yosh shoirlari» (1922) she’riy majmuasining tuzuvchisi va asosiy muallifi. Afsuski, Fitrat bu she’rlaridan keyin she’riyat sohasida qariyb ijod qilmadi.
O‘tgan asrning 10-yillarida sahna asari sifatida namoyish etilgan “Munozara” Fitratning nasrdagi ilk asaridir. “Munozara” ham, “Sayyohi hindi” ham Fitrat publitsistikasining yorqin namunalaridan. Fitrat keyinchalik ham ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy hamda estetik qarashlarini ifodalashda publitsistikadan samarali foydalandi. Fitrat 1916 yildan boshlab teatr uchun ko‘plab asarlar yaratdi. Ammo uning nafaqat 1916-18 yillarda yozgan “Begijon”, “Qon”, “Abo Muslim”, “Temur sag‘anasi”, “O‘g‘izxon” singari pesalari, hatto 1934 yilda yozgan “To‘lqin” opera librettosi ham bizga yetib kelmagan.
So‘nggi yillarda Fitrat ijodi juda ko‘p tadqiq etildi, nomi abadiylashtirildi, uning nomida bog‘ va uy-muzey tashkil qilindi, haykallar o‘rnatildi. Fitratga vafotidan keyin Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti berildi. Bir so‘z bilan aytganda, umri davomida qilgan mehnatlari qadrlandi. U orzu qilgan jamiyat barpo etildi.