(1898-1938)
Davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston hukumati rahbarlaridan biri, O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Bosh kotibi Akmal Ikromov. Bu nomni eshitmagan vatandoshimiz bo‘lmasa kerak.
Akmal Ikromov 1898 yil Toshkent shahrining O‘qchi mahallasida dunyoga kelgan. Dastlabki ta’lim-tarbiyani o‘z oilasida, otasi mashhur maktabdor Ikromxon domladan olgan. So‘ng madrasada tahsil olib, fors va arab tillarini, Sharq adabiyotini chuqur o‘rgangan Akmal Ikromov 1917 yil avgustida Munavvar qori Abdurashidxonov tashabbusi bilan tashkil etilgan o‘qituvchilar tayyorlash kursida o‘qib, jadid maktabida muallimlik bilan shug‘ullana boshlaydi.
Akmal Ikromov Fitratning “Chig‘atoy gurungi” a’zosi sifatida “Elxon” taxallusi bilan she’rlar yozdi, jadid matbuotida Turkiston xalqlarini milliy birlikka chaqiruvchi maqolalari bilan chiqishlar qildi.
U 1918-1919 yillarda “Vatan” maktabi qoshida Turk harbiy asirlari yordamida “Izchillar to‘dasi”sini tashkil etib, uning rahbarlaridan biri bo‘ldi. O‘quvchilar bilan vatanparvarlik mavzusida qo‘shiqlar kuylab, Toshkent shahri bo‘ylab harbiy marshlar uyushtirdilar. “Izchillar to‘dasi” Buyuk rus shovinizmiga qarshi jiddiy kurash olib bordi. Vatanni “qizil mustamlakachi”lardan ozod etish va “Buyuk Turon”ni bunyod etishni o‘zining muqaddas vazifasi deb bildi.
1919 yil yanvarda Osipov isyoni vaqtida Sayid Ahroriy, Abduvahhob Murodiy, Shorasul Zunnun, Akmal Ikromovlar Eshonxo‘ja Xoniyning “Hayot” maktabida Turkiston taraqqiyparvarlarining yetakchisi Munavvar qori Abdurashidxonovni “Yashasin Munavvar qori, Yashasin millat!” deb qarshi oladilar. Isyon bostirilgach, bolsheviklar eserlar va boshqa siyosiy raqiblariga nisbatan ta’qibni yanada avj oldirdi. Shunday bir sharoitda mahalliy taraqqiyparvarlar ortga chekinishga majbur bo‘ldi. Eski shahar o‘qituvchilari tomonidan Murodxo‘ja domla raisligida “Muallimlar jamiyati” ta’sis etiladi. Akmal Ikromov 1919 yil uyushma xazinasidan 17 ming so‘m miqdorida pul olib, muallim Abduvahhob Murodiyga topshiradi. U Jamol poshsho bilan birga Avg‘onistonga o‘tib, Turkiya davlati orqali oliy ma’lumot olish maqsadida Germaniyaga yo‘l oladi.
Akmal Ikromov 1919 yil so‘ngida Namanganga kelib, o‘qituvchilar tayyorlash bilim yurtiga rahbarlik qildi. 1920-1921 yillar Namangan shahar maorif bo‘limi noziri, Farg‘ona shahar firqa musulmon byurosi raisi o‘rinbosari, Sirdaryo viloyat firqa kotibi lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, 1921-1922 yillarda Turkiston Kommunistlar partiyasi Markaziy Kengashining kotibi va tashkiliy instruktorlik bo‘limi mudiri hamda “Qizil bayroq” gazetasi mas’ul muharriri bo‘ldi.
U Turkiston Respublikasida yangi iqtisodiy siyosat (NEP) ni amalga oshirilishida tashabbuskorlik qildi. Ayni paytda “Ko‘mak” tashkilotidan Ahmadjon Ibrohim, Sulton Matqul, To‘lagan Mo‘min, Azimbek Berimjon, Abduvahhob Is’hoq, Solih Muhammad, Tohir Shokir, Temur Kazbekov, Xayriniso Majidxonova, Sobir Ibragimov, Saida, Nasriddin va Fuzayl Sherahmedovlar kabi o‘nlab talabalarni oliy ma’lumot olish maqsadida Germaniyaga yo‘llaydi.
Akmal Ikromov 1919-1924-yillarda imkoniyati doirasida o‘zbek xalqi manfaatlari uchun Markaz siyosatiga qarshi kurashgan. U mohir publitsist sifatida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini, xususan paxtachilikni rivojlantirishga, madaniy qurulishga doir ko‘plab nazariy maqolalar, ilmiya asarlar yozgan. Ikromov o‘z faoliyati davomida O‘rta Osiyo byurosi va Markazning ko‘rsatmalariga amal qilishga majbur bo‘lgan. 1925-1927-yillarda o‘n sakkizlar guruhi, inog‘omovchilikka qarshi g‘oyaviy kurash olib borgan.
Akmal Ikromov 1922 -1924 yillar Turkiston KP(b) MK javobgar kotibi bo‘ldi. Ayni paytda Moskvadagi Ya.M.Sverdlov nomidagi Kommunistik universitetda tahsil oladi. 1923 yil Moskvada o‘tgan Milliy respublikalar va viloyatlar mas’ul xodimlarining milliy masaladagi IV qurultoyida ishtirok etib, unda dinga emas, balki bid’atga qarshi kurash olib borish kerakligi haqida ma’ruza qiladi. U 1924 yil O‘zbekiston kompartiyasi Tashkiliy Byurosi tarkibiga kiritiladi va 1925 yil yanvardan Toshkent viloyati partiya komiteti kotibi vazifasida ish boshlaydi. IX-Umumrusiya sho‘rolar s’ezdida BMIQ (VSIK) a’zoligiga saylanadi. Akmal Ikromov 1925 yil fevraldan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Kengashi mas’ul kotibi, 1929 yil dekabrdan 1937 yil sentabrgacha O‘zbekiston Kompartiyasi birinchi kotibi lavozimida ish olib bordi.
Akmal Ikromov faoliyati davomida Markaz oyoq-qo‘lini ko‘rinmas kishanlar bilan bog‘lab tashlaganiga qaramay, o‘zbek xalqining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy manfaatlarini himoya qildi. Sredazbyuroning mahalliy sharoitga to‘g‘ri kelmaydigan qaror va ko‘rsatmalariga qarshi turdi. Respublikani sobiq ittifoqning paxta bazasiga aylantirish siyosatiga qarshi Stalindan respublikani g‘alla bilan ta’minlashni davlat siyosati darajasiga ko‘tarish va davlat reja qo‘mitasining zimmasiga yuklashni talab qildi.
Turli sohalarda milliy kadrlarni yetishtirishga, davlat tashkilotlarini mahalliy kadrlar bilan ta’minlashga harakat qildi. Respublika sanoati, qishloq xo‘jaligi, o‘rta va o‘rta maxsus, oliy ta’limni shakllantirish, madaniyatni taraqqiy ettirish, davlat idoralarini yerlilashtirish masalalarini kundalik siyosat darajasiga olib chiqdi. Respublikadan xorijda va ichki Rossiya shaharlarida tahsil olayotgan talabalarni himoya qildi hamda moddiy qo‘llab quvvatladi. Yosh milliy kadrlarni cho‘chimay yuksak lavozimlarga ko‘tarishga intildi.
Yer-suv islohoti bahonasida o‘lkadan begona yurtlarga surgun qilinayotgan xo‘jaliklarni saqlab qolish uchun bo‘z yerlarni o‘zlashtirish va paxtachilikni rivojlantirishga ahamiyat berdi. Respublikadan xorijga badarg‘a qilishga mo‘ljallangan xo‘jaliklarni iloji boricha vatandan tashqariga chiqarmaslikka harakat qildi. O‘zbekistonni har taraflama rivojlangan respublika darajasiga ko‘tarish uchun urindi. Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Elbek, G‘ulom Zafariy kabi adabiyot namoyandalarini, milliy moyalarni, milliy madaniyatni himoya qildi. Ularni yirik asarlar yoritishga ilhomlantirdi. Milliy akademik teatrni rivojlantirish uchun Mannon Uyg‘ur tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi. Markazdan oqib kelayotgan kadrlar oqimini kamaytirishga urindi.
Akmal IkromovO‘zbekistonda yer-suv islohoti, majburiy jamoatlashtirish, respublikada zamonaviy sanoat asoslarini qurish va boshqa tadbirlarga rahbarlik qilgan. Jadidlarni “burjua millatchiligi”da ayblagan. Ikromov garchi bolshevistik g‘oyadan chekinmagan bo‘lsa-sa, mustabid tuzum qatag‘onchilari uni ayab o‘tirmadilar.
O‘z davrida Akmal Ikromovning yuzlab maqolalari va 40 ga yaqin kitob, risola va ma’ruzalari chop etilgan. Uning asarlaridan ayrim iqtiboslarni keltiradigan bo‘lsak, A.Ikromov “Qosimovchilik” ishiga bag‘ishlangan Samarqanddagi ma’ruzasida: “…1930 yilning sentabr oyigacha idoralarning apparatlarini 100 foiz o‘zbeklashtirib, o‘zbek tilida ishlashlari to‘g‘risida Markaziy qo‘mita O‘rta Osiyo byurosi, O‘zbekiston KP(b) markaziy qo‘mitasining qarori va O‘zbekiston markaziy ijroqo‘mi bilan xalq kamissarlari sho‘rosining dekreti chiqqan edi. Bu qarorni chiqarganimizdan ikki yil o‘tkandan keyin: 1928 yilning mart oyida 23,5 foiz o‘zbeklashtirilgan bo‘lsa, 100 foiz o‘zbeklashtirilishi lozim bo‘lgan bir vaqtda 22,6 foiz o‘zbeklashtirilgan, ya’ni o‘zbeklashtirish 0,9 foizga kamaygan. Partiya va hukumat qaroriga muvofiq idora ishlarining ikki tilda olib borilishi lozim, men (yevropalik) mutaxassislar o‘ltirgan savdo xalq komissarligi, xalq xo‘jaligi oliy sho‘rosi va gosplan kabi idoralar to‘g‘risida gapirmay, omma bilan to‘g‘ridan – to‘g‘ri aloqada bo‘lgan idoralar haqida gapiraman. Masalan, Samarqand okrug ijroqo‘mi yozuv chizuv ishlarining 57 % ini faqat rus tilida olib borgan bo‘lsa, shahar sho‘rosi 90%ini ruscha olib borgan. Faqat o‘zbekcha kitoblar chiqarib tura turgan O‘zbekiston davlat nashriyotida ish va yozuv chizuvning 58% ruscha olib boriladi. Sud bilan aloqador bo‘lgan adliya xalq komissarligi, o‘z ishlarining 60% ruscha olib boradi. Faqat dehqonlar bilan muomalada bo‘lgan yer ishlari xalq komissarligidagi ishlar 80% ruscha olib boriladi. Siz bu idoralarda qanday kallavaramlar o‘tirganini ko‘rib kularsiz, haqiqatda esa bunda g‘oyat qiziq siyosat yashiringan… Masalan, mehnat birjasidan marhamat qilib mol do‘xtiri yuboringiz, lekin albatta rus tilini bilgan kishi bo‘lsin deb so‘raydilar” – deydi.
1934 yil O‘zK(b)P qurultoyiga A.Ikromov o‘z chiqishida sho‘ro qatag‘onlariga qarshi keskin munosabat bildiradi: “Norin rayonida bir yilda 138 kolxoz raisi almashtirilgan… To‘da qishloq sho‘rosining rais muovini Saidov ma’lumot bermagani uchun “Qahramon” kolxozining raisi va hosilot raisini qamab qo‘ygan. Bir necha kolxozchi ishga chiqmagani uchun “Oktabr” kolxozining raisini ushlab qamagan. Paxta punktidan remontlangan asboblarni olmagani uchun kolxoz partiya yacheyka kotibi Berdiqulov qamoqqa olingan. Paxtani jo‘yak usuli bilan ekkani uchun “Qizil kuch” kolxozining raisi va hosilot sho‘ro raisi qamab qo‘yilgan. “Sabzavot” kolxozida ishga chiqmagani uchun 10 kishi qamoqqa olingan, 3 kolxozchi bunga norozilik bildirgandan keyin yana 10 kishi qamab qo‘yilgan va bu 3 kishi norozilik bildirgani uchun kolxozdan haydalgan. Juda yaxshi ko‘rinib turibdiki, rayonning rahbarlari Rizaev va Gutov o‘rtoqlar qishloq xo‘jaligini mana shu qamashlar orqali rivojlantirish kerak deb o‘ylaydilar shekilli. Bo‘lmasa mana bunday bo‘lmag‘ur qamashlar, noma’qul ma’muriyatchiliklar hech qachon bo‘lmas edi. Bunday qamashlarni ko‘p rayonlarda uchratasiz.
Biz ish jarayonida hech bir sababsiz bir yil, bir yarim yil qamalib yotib, keyin hech qanday jinoyat yo‘qligi uchun chiqirib yuborilganlarining faktlarini ko‘plab topdik… Bizda shunday tentaklar borki, ular sinfiy dushman bilan kurashning muvaffaqiyatini faqat siqilgan sinfiy yot unsurlarning soni bilan o‘lchaydilar… O‘tgan oyda rayon 100 kishini chiqarib tashlagan edik; bu oyda 50 kishini chiqarib tashladik demak sinfiy kurash bizda bo‘shashdi” deydilar… Bu to‘g‘rimi, bu albatta noto‘g‘ri” – deb, stalincha repressiya siyosatiga qarshi chiqadi.
1934 yil chop etilgan “Nafis adabiyot to‘g‘risida” nomli risolasida Akmal Ikromov: “1932 yilda men anketalar tarqatib yozuvchilarning nima o‘qiyotganliklari haqida maxsus ma’lumot to‘pladim. Ma’lum bo‘ldiki, 45 ta yozuvchidan faqat 20 tasi Gorkiyni, 13 tasi Tolstoyni,…4 tasi Demyan Bedniyni, 3 tasi Bayronni, 2 tasi Shekspirni o‘qiganlar. Umuman yozuvchilar jahon adabiyoti klassiklarini juda kam o‘qiganlar… 12 yozuvchi esa butunlay hech narsa o‘qimagan. Shuning uchun ham bularning asarlari shunchalik “go‘zal” bo‘lib chiqsa kerak. Shunga ko‘ra adabiy asarlar miya mahsuloti emas, balki jigar mahsuloti bo‘lib chiqadi…” deb yozadi.
Akmal Ikromov mard rahbar edi. U kim bilan muomalada bo‘lmasin avvalo o‘zini nihoyatda kamtar tutar, asosan uni eshitishga, ko‘nglini ko‘tarishga harakat harakat qilar edi. Uning nomiga kuniga respublikaning turli burchaklaridan ko‘plab maktublar kelar va ularni imkon qadar o‘qib o‘rganishga harakat qilar edi.
1932 yil 7 noyabr sanasi bilan A.Ikromov nomiga kelib tushgan bu yumoloq xat yuzasidan NKVD zudlik bilan Toshkentning Eski shahar qismi, 2-Koxotada yashovchi 33 yoshli Abdusalom Qayumovni qo‘lga oladi. Bu ishdan xabar topgan A.Ikromov voqe’likka aralashib, uni ozod qilishga erishadi. Shuningdek, 1935 yil NKVD tomonidan Nasimxon Qosimxonov, Soatali Maqsudovlar bo‘lgan bir guruh Namanganda go‘yoki A.Ikromovga suiqast qilgan deb jinoiy ish ochishganida ham ularning aybsizligini isbotlab ozod etishga erishadi.
Xullas SSSRning taniqli davlat arboblaridan biri, 1925-1937 yillarda SSSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi Prezidiumi a’zoligiga nomzod, 1931-1934 yillarda Butun ittifoq kommunistlar partiyasi markaziy kengashining O‘rta Osiyo byurosi kotibi, Butun Rossiya Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi a’zosi kabi ulug‘vor lavozimlar sohibi Akmal Ikromov 1937 yil 5 sentabr kuni ishga ketganicha qaytib kelmadi.
Shu kunning o‘zida uning shaxsiy anketasi to‘ldirilib, unda oila a’zolari sifatida turmush o‘rtog‘i Zelkina Yevgeniya Lvovna, to‘ng‘ich o‘g‘li Urgut hamda 10 yoshli Komillarning nomlari aks ettirildi. Stalin qatag‘oni dahshat ichida qolgan biror inson Akmal Ikromov qani deb izini so‘rashga botina olmadi. Aksincha, turli adreslardan O‘zSSR NKVDga qandaydir kimsalar tomonidan A.Ikromovga qarshi ko‘plab chaquv xatlari kela boshladi. Jumladan, Toshkentning Surat mahallasidan Sodiq Sulaymonov nomli kimsa “Qonxo‘r Ikromovlarning Qum qishloqda 15 gektar yeri bo‘lardi. U yerda juvozlari, choyxonalarida ishlagan odamlar hali tirik. Otasi Ikromcha domlani “moxov zuluk” deyishardi.
Uning bolalari “Akmal zahar” va “Karim zolim” laqablarini olishgan edi. Akmalning o‘zi Turkiston Narkompros tomonidan Namanganga o‘qituvchi bo‘lib borib, “Tajvid” dan o‘qitar edi. Lekin, bir yumalab partiyaga kirgan Akmal boyvachcha hammasini unutib haqiqiy kommunistga aylanib qoldi…” deb yozadi.
A.Ikromov 1937 yil noyabr oyida Maskovga olib ketildi va davlat tuzumini ag‘darish, O‘rta Osiyo respublikalarini ajratib olish, burjuaziya hokimiyatini tiklash kabi jinoyatlarda ayblanadi. 1938 yilda 7 oktabr sovetlarga qarshi “O‘ng troskiychi blok” a’zosi sifatida sud qilib, oliy jazoga hukm qilindi.
Stalin vafotidan so‘ng sho‘rolar mamlakatida boshlangan “iliqlik” davrining dastlabki kunlaridanoq Akmal Ikromov ishi ham qayta ko‘rib chiqishga topshirildi. 1955 yil 14 sentabr kuni qayta so‘roqda sobiq NKVD xodimi Ya.M. Yakovlev: men A.Ikromovni Apresyanning xonasida ko‘rgandim. Uning mislsiz qiynoqqa solingani yuzidan ko‘rinib turardi. Akmalning rang ro‘yi oppoq bo‘lib ketgan va tinimsiz titrardi. Men Apresyan chiqib ketganida, nega muncha titraysan desam xonam juda sovuq dedi. So‘ng Moskvaga yuborildi uni qaytib ko‘rmadim” deydi. So‘roqlar davomida A. Ikromovning biror aybi isbotlanmasdan otib tashlanganligi ma’lum bo‘ldi. 1957 yil 3 iyunda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlandi…
Oqlanganidan so‘ng, Akmal Ikromov xotirasi abadiylashtirilib, Toshkent shahridagi yirik ko‘chaga, mahallalar va maktablarga uning nomi berildi, Toshkent va Samarqandda haykali o‘rnatildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda Vatan ozodligi uchun kurashgan fidoyi insonlar xotirasini abadiylashtirish yo‘lida odilona siyosat olib borilmoqda. Ular orasida Akmal Ikromov nomi ham bor.