Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

Ашурали Зохирий

ASHURALI ZOHIRIY

(1885-1937)

XIX asrningoxirlarida Muqimiy, Furqat, Zavqiylarning ona yurti Qo‘qonda tug‘ilgan, maorif sermahsul, lekin biroz mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan Ashurali Zohiriy hayotiga nazar tashlaymiz.

Ashurali Zohiriy 1885 yil Qo‘qon shahri yaqinidagi Oyim qishlog‘ida o‘rtahol o‘zbek dehqoni xonadonida tavallud topgan. Avval qishloq maktabida savod chiqardi. So‘ng Qo‘qondagi Muhammad Alixon madrasasida tahsil oldi. Madrasada arab, fors tillarini, islom huquqi, tarix va adabiyotni chuqur o‘rganadi. U olgan dastlabki bilim butun umr yo‘lini belgilab berdi, desak xato bo‘lmaydi.

Ashurali Zohiriy 1907 yildan 1917 yilgacha Qo‘qondagi 2-rus-tuzem maktabida o‘zbek tili va adabiyoti fanidan dars beradi. Bu vaqtda esa turk, ozarbayjon, tatar va rus tillarini o‘rganadi. 1910 yil jadid taraqqiyparvarlari safiga kirib, Qo‘qondagi jadid muallimlari bilan hamkorlikda “Taraqqiyparvarlar jamiyati” nomli uyushma tuzadilar.

Uyushmaning 5-6 moddadan iborat o‘ziga xos programmasi va ustavi bo‘lib, asosan xalq maorifini qo‘llab-quvvatlash va shu yo‘lda kuchlarni birlashtirishdan iborat edi. Ular Qo‘qon shahri va uning atrofida bir nechta yangi usuldagi maktablar ochadi. Jadid maktablari uchun 1912 yil Serikboy Oqoev bilan hamkorlikda “Turkiy xrestomatiya yoxud terma kitob” nomli darslik tuzadi.

Ashurali Zohiriy 1912 yil yosh tarixchi olim Zaki Validiy haqida eshitishi bilan bir guruh qo‘qonlik taraqqiyparvarlarni olib Qozonga boradi. 1913 yilda Zaki Validiyning o‘zi arxeologiya jamiyati vazifasi bilan Qo‘qonga kelib, 3 oylarcha A.Zohiriyning uyida yashab tadqiqot olib bordi. Ular Turkistonda xalq maorifi, ilm-fan, tarix, til va adabiyot masalalarida tinimsiz munozaralar olib bordi. Bu jarayon A.Zohiriyning olim sifatidagi faoliyatida muhim o‘rin tutadi.

U o‘zbek tilida birinchi bo‘lib boshlang‘ich sinflar uchun “Imlo” darsligini yaratib, 1916 yilda Qozon shahrida nashr etadi. Yetuk adabiyotshunos sifatida Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” va “Vaqfiya” asarlari ustida matnshunoslik tadqiqotlarini olib boradi. “Muhokamat ul-lug‘atayn”ni husnixatda ko‘chirib, 1917 yil Qo‘qon shahrida joylashgan Vayner kutubxonasida chop ettiradi. Ashurali Zohiriy tadbirkor tabiatli inson edi. 1912-17 yillarda Oyimdagi mayda kredit jamiyatida rais, 1918-19 yillar Qo‘qon kooperatsiya ittifoqida rahbar bo‘ldi.

Tabiatan dono, el dardiga oshno bo‘lgan A.Zohiriy atrofi hamisha tadbirkorlar yoshlar va davlatmand insonlar bilan to‘la edi. Ashurali Zohiriyning jurnalist sifatida tanilishida jadid vaqtli matbuotining o‘rni katta. 1914 yil Obidjon Mahmudov tomonidan chiqarilgan “Sadoyi Farg‘ona” (1914-1915) gazetasi sahifalarida o‘zining ma’rifatparvarlikni targ‘ib etuvchi maqolalari bilan faol ishtirok etdi.

1917 yil iyun oyida noshir va muharrir Ashurali Zohiriy “Yurt” nomli jurnal nashr etadi. Jurnaldagi uning ilk maqolasi “Maqsad va maslagimiz”dir. Mazkur kirish maqolada muallif jurnalning asl maqsadi haqida hikoya qiladi. Ashurali Zohiriy “Hukumat o‘zgarishi” maqolasida fevral inqilobidan so‘ng mamlakatda kechayotgan siyosiy jarayonlarni qalamga olsa, “Iste’molchilar jamiyati” maqolasida jamiyat faoliyati haqida o‘quvchilarga axborot beradi. Shuningdek, jurnaldan Ahmad Zaki Validiyning “Milliy ruhoniy boyligimiz”, Abdullabekning “Jadidchilik” feletoni va Shokir Muxtoriyning she’rlariga o‘rin berildi. “Yurt”ning ikkinchi va uchinchi sonlari 1917 yil 15 iyun hamda 18 avgust sanalari bilan bosilgan. Jurnalning mazkur sonlarida A.Zohiriydan tashqari yetuk ulamo Abdullabekning “Mashohiri Turkiston tarjimai hollari. Marg‘inoniy sohibi hidoya”, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponning “Qalandar” imzosi bilan yozgan “O‘zbeklar ham Turkiston”, Ahmad Sardorning “Uchreditelniy sobranie va yangi saylov tartiblari”, muallim Shokir Muxtoriyning “Xo‘qand majlislari munosabati bilan”, “Va’z va voiz”, Mirmuhsin Shermuhammedovning “Istiqbolda bizning hayot” va boshqa maqolalar berilgan.

A.Zohiriy publitsistikasining mazmun mundarijasi ham xilma xil. Birgina “Farg‘ona” gazetasida nishr etilgan yuzdan ortiq maqolalarining hech biri o‘quvchining e’tiborini tortmay qolmaydi. Maorif masalasida “Turkistonda “Nashri madaniyat va maorif” jamiyatlari”, “Maorif nozirlarining o‘lka qurultoyi munosabati bilan”, “Maorif oyi. Eski va yangi maktab”, “Farg‘ona muzofoti o‘zbek bilim yurti tarixi” maqolalari , matbuot mavzusidagi “Yangi gap yozg‘uchiga”, “Tushunish kerak (gazetani sotmang tarqating)”, “Matbuot kuni munosabati bilan”, “Olti yilda matbuot” maqolalari , diniy mavzudagi “Turkistonda vaqf ishlarining holi” “Qozilar saylovi munosabati bilan”, “O‘ylash kerak edi (vaqflar haqida)” maqolalari , shuningdek, ijtimoiy va xo‘jalik hayoti bilan bog‘liq maqolalarini, jumladan, “Turkistonda suv ishlari”, “Osti ustiga kelar”, “Milliyat masalasi”, “Naloglar to‘g‘risida”, “Ot bilanmi o‘t bilan (traktor haqida)”, “Butunrus qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi va Turkiston” kabi maqolalarini  keltirib o‘tish mumkin.

1917 yili A.Zohiriy mahalliy taraqqiyparvarlar bilan Qo‘qon shahrida “G‘ayrat” nomli xususiy nashriyot tashkil etib, Farg‘ona vodiysi taraqqiyparvarlarining haqiqiy yetakchisiga aylandi. O‘sha yilning noyabrida Qo‘qon shahrida Turkiston Muxtoriyatining e’lon qilinishida katta xizmat qildi. Muxtoriyatning nashri afkori “El bayrog‘i” gazetasida Bo‘lot Soliev bilan birga muharrirlik qildi. Turkiston Muxtoriyati qonga botirilgach, Ashurali Zohiriy faqat ilm-ma’rifat va matbuotchilik ishi bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Ashurali Zohiriyning publitsistik merosi nihoyatda keng va rang-barangdir. U 1919 yil “Xalq gazetasi”da ishladi.1922 – 28 yillarda ham jurnalistlik faoliyatini davom ettiradi. Jumladan, “Farg‘ona”, “Yangi Farg‘ona” gazetalarida adabiy xodim bo‘lib ishlaydi…

Ma’lumki, 1923 yil aprel oyida bo‘lgan RKP(b)ning XII s’ezdida tubjoylashtirish, ya’ni davlat idoralari ishiga mahalliy millat vakillarini tortish siyosati jiddiy masala sifatida muhokama etiladi. Ashurali Zohiriy bu mavzuni qalamga olar ekan masalaning eng nozik jihatlarigacha kirib boradi. Muallif muzofot doirasida mahalliy yoshlarni ish o‘rinlariga qo‘yishda yo‘l qo‘yilayotgan nohaqliklar, qing‘irliklarni bor bo‘yi bilan ochib beradi.

Ashurali Zohiriy Qo‘qonda “Dorulmuallimin” maktabini tashkil etib, 1919-22 yillar shu yerda ishlagan. Keyinchalik Qori-Niyoziy rahbarlik qilgan Farg‘ona pedagogika bilim yurtida, Qo‘qon pedagogika bilim yurtida, neftchilik bilim yurtida, savodsizlikni tugatish kurslari va maktablarda muallimlik qildi. A.Zohiriy muallim sifatida yoshlarni til o‘rganishga, ilmli bo‘lishga da’vat etdi. Olim sifatida “Vaqfiya”ni ham nashrga tayyorlaydi, lekin noma’lum sabablarga ko‘ra nashr etilmay qolgan. 1925 yil “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at” tuzadi. 1926 yil Cho‘lpon bilan hamkorlikda “Adabiyot parchalari” to‘plamini nashr ettirgan.

1930 yil yanvar oyida OGPU tomonidan go‘yoki “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkilotining Farg‘ona bo‘limi “Botir gapchilar” tashkiloti fosh etiladi. A.Zohiriyni ham “Botir gapchilar” tashkilotining a’zosi degan bahona bilan Qo‘qon shahri, Xo‘jand ko‘chasi 478-uydan qamoqqa oladilar. A.Zohiriyning anketasiga ko‘ra bu paytda uning oilasi turmush o‘rtog‘i Malika, qizi Mohira, o‘g‘illari Darxon va Najiblardan iborat deb bo‘lgan. Shu o‘rinda “Botir gapchilar” a’zosi sifatida qamoqqa olinganAshurali Zohiriyning ayrim shogirdlari haqida ham to‘xtalib o‘tsak. Yoqub Amonov avval 3 yil qorixonada o‘qib hofizi Qur’on bo‘lgan. So‘ng 1916 yilgacha rus-tuzem maktabida, 1917 yildan Namanganda real oliy maktabida o‘qigan. 1918-19 yillar Qo‘qonda A.Zohiriyga shogird tushadi.1922 yildan Farg‘ona muzofot ijroqo‘mida, 1923 yildan viloyat partiya qo‘mitasida tarjimonlik qilgan.1926 yil apreldan “Yangi Farg‘ona” gazetasi A.Zohiriy bilan birga ishlay boshlaydi…

Nosir Erkin 1899 yil Qo‘qonda o‘qituvchi oilasida dunyoga kelgan. Avval otasining qo‘lida, so‘ng mashhur Ibrohimjon domlaga qatnab, arab, fors tillarini o‘rgangan. Keyin A.Zohiriyning muallimlar tayyorlov kursida o‘qib, 1918-25 yillardavomida jadid maktabida dars beradi. 1925 yildan esa “Yangi Farg‘ona” gazetasiga ishga kiradi…

A.Zohiriy 1930 yil 28 fevral kuni so‘roqda: “Temur” degan aksilinqilobiy tashkilot bo‘htondan boshqa narsa emas. Lekin, uning o‘zagi deb ko‘rsatilayotgan zotlar avval Qo‘qon musulmon seminariyasida keyin Qo‘qon muallimlar bilim yurtining asosini tashkil etadigan ziyolilardir. Ular xalq maorifini rivojlantirish, jamiyatda madaniyat ma’naviyani o‘stirish, zamonaviy bilimdon kadrlarni tayyorlashni o‘z vazifasi deb biladigan insonlardir…

Farg‘ona pedtexnikumida “Ko‘rkalamush” degan maxfiy gazeta haqida eshitmaganman. Lekin, senlar keltirayotgan Toji Rahmon degan kimsani bilardim. Biz uni “almansibati” (GPUodami) deb, deyarli aloqa qilmas edik. Men senlar aytayotgan aksilinqilobchilardan bir ikkitasini ko‘rganman ham. Bosmachilik avj olgan pallalarda birIvan degani kelib, mendan nashr ishini rivojlantirishda yordam so‘radi. Ko‘raman, deb qo‘ydim. Keyin uni sovet tashkilotlarining rasmiy tadbirlarida ko‘rardim. Unga o‘xshagan yana bir ikkitasi bor. Odamlarning ichiga kirib turli fitnalarni topib yurishardi, ammo ularni hech kim tinglamagan. Ularga o‘tavering deganmiz, deydi.

Ashurali Zohiriy uzoq davom etgan so‘roqlardan aniq xulosaga keldiki, bu fitnaning ortida aynan sho‘ro davlatining o‘zi turibdi. Eng dahshatlisi, SSSR MIK Prezidiumining 1927 yil 9 iyundagi qarori bu qatli om uchun asos bo‘ldi. Go‘yoki, A.Zohiriy rahbarligidagi “Botir gapchilar” tashkiloti a’zosi deb farg‘onalik 15 nafar taraqqiyparvar yoshlar bir yildan ortiq vaqt davomida Farg‘ona turmasida og‘ir bir sharoitda saqlandi.

1930 yil 28 may kuni so‘roqda: “Botir gapchilar” degan tashkilot bo‘lsa, bu Abdulla Qahhorning uyida bo‘lgan yig‘ilishda tug‘ilgan bo‘lsa kerak. Men ham shu kun uning ro‘yxatiga kirib qolgandirman-da. O‘shanda u xuddi yoddan aytayotgandek qandaydir tashkilot va uning programmasi haqida so‘zlay boshlagan edi. Keyin Umar Homidnikida ham qandaydir programmani o‘qiy ketgan edi. Demak, “Botir gapchilar” bu A.Qahhorning miyasida tuzilgan va uning g‘oyalaridir. Shunday bo‘lsa, Lutfulla Olimiy, Abdulla Rahmatzoda, Muxtorlarni qamoqdan ozod qilishlaringga to‘g‘ri keladi. Axir ular bu tashkilot (gapni nazarda tutayapti)ga a’zo emasdi, deydi. Tabiiyki, GPU ularning birortasini ozod qilmadi.

1931 yil 25 aprel OGPU qarori bilan Ashurali Zohiriy, Lutfulla Olimiylarga nisbatan otuv hukmi 10 yillik konslager bilan almashtirildi. Yaqub Omon, Nosir Erkinlar 10 yillik Sevkrayga surgunga, Abdulla Qahhor 5 yil konslagerga buyurildi.Biroq… A.Zohiriy 1936 yil jazoni muddatidan oldin o‘tab qaytadi.

Oradan hech qancha o‘tmay 1937 yil 5 sentabr kuni O‘zSSR IIXK Zagvozdin qarori bilan Qo‘qon shahar maorif boshqarmasi o‘qituvchisi bo‘lgan A.Zohiriy panturkist, aksilinqilobiy “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi, 1930 yil “Botir gapchilar” tashkiloti a’zosi, qamoqdan qaytgach Abdulhamid Cho‘lpon, G‘ozi Yunus kabi ziyolilar bilan aksilinqilobiy tashkilot tuzgan deb yana qamoqqa olinadi. Shu kunning o‘zida uning Qo‘qon shahri, Stalin ko‘chasi, 193-xonadonida tintuv o‘tkaziladi.

1937 yil 7 sentabr kuni A.Zohiriy tomonidan tasdiqlangan so‘roq bayonnomasida u o‘zining “Milliy ittihod” tashkilotiga 1921 yilda kirgani, tashkilotda Abbosxo‘ja Kalonxo‘jaev (1934 yil vafot etgan), Obid chatoq, Miyon Qudrat, Abdullajon Karimovlarning a’zo bo‘lganini “tan oladi”. Shuningdek, 1929 yil “Botir gapchilar” aksilinqilobiy tashkiloti tuzilgani va u ham “Milliy ittihod” tipidagi tashkilot bo‘lganini yozadi. Unda Maxsumov (Qo‘qon okrujkomi), A.Karimov, Sulton Saydalin, L.Olimiy va boshqalar a’zo bo‘lib, ulardan o‘zi – A.Zohiriy, Mansur Erkin, Yaqub Omon, Umar Hamidov, Karim Ortiqboev, Nuriddin Ermatov, Muhiddin Husayinov, Abdulla Xolmatov, To‘lqin Parpiev, Mirza Abdulla Soliev, Muxtor Muhammedov, Abdulla Raxmatzoda, Lutfilla Olimiylar 1930 yil qamoqqa olindi. Shuningdek, 1934 yil qamoqdan qaytib kelgach, Abdulhamid Cho‘lpon, G‘ozi Yunuslarni qayta topganini aytadi. Albatta, keltirilgan bayonnoma A.Zohiriyning fikrimi yoki tergovchi Trig‘ulovning tasavvurlari maxsulimi bugun aniq fikr aytish qiyin.

1937 yil 20 oktabr kuni Matveev va Trig‘ulovlar tomonidan tayyorlangan qarorga muvofiq A.Zohiriyga yana bir necha ayblovlar bilan O‘zSSR JKning 60, 67-moddalarini qo‘llab qaror chiqaradi. Ashurali Zohiriyning ayblov bayonnomasi 1937 yil 21 dekabr kuni Leonov tomonidan tasdiqlandi va u O‘zSSR JKning 66-, 67- moddalari bilan ayblanadi.

1937 yil 4 dekabr kuni IIXK qoshidagi “Uchlik” sudi Ashurali Zohiriyni otuvga hukm qildi va noxolis hukm 1937 yil 28 dekabr kuni ijro qilindi.

Najib Ashuralievich Zahirov 1958 yil 28 aprel sanasi bilan Qo‘qon shahri, Stalin ko‘chasi, 207-xonadondan O‘zSSR KGB rahbariyati nomiga xat yozib, otasining qismati bilan qiziqadi. 1958 yil 15 sentabr kuni Ashurali Zohiriy O‘zSSR Oliy sudi tomonidan oqlangan…

BugunQo‘qon shahrida Zohiriylarning piru badavlat avlodlari istiqomat qiladi. Ular bobolari qoldirgan ma’naviy merosning haqiqiy egalari. Ularning zimmasida katta mas’uliyat bor – Zohiriylar nomiga munosib bo‘lish.

U millat mustaqilligi, uni saqlab qolinishi uchun kurashgan, O‘zbekiston xalq ta’limi uchun katta kuch sarflagan millat ziyolisi edi. Shu sabab uning xotirasi umrbod saqlanib qoladi.

Scroll to Top
Skip to content