O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabr sanali “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo’ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to’g’risida”gi qaroriga muvofiq jadidchilik harakatining taniqli namoyandalaridan biri, ma’rifatparvar Mahmudxo’ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlanmoqda.
2025-yil 17-yanvar kuni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi, O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi hamda Davlat xavfsizlik xizmati “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseyi bilan hamkorlikda Mahmudxo’ja Behbudiyning ibratli hayoti va merosining yosh avlodimiz intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirish, ularni Yangi O’zbekiston bunyodkorlari, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalash borasidagi o’rni va ahamiyatini inobatga olib uning bebaho merosini yanada kengroq o’rganish va targ’ib etish maqsadida “Mahmudxo’ja Behbudiy – Turkiston jadidchiligining asoschisi” nomli foto, yozma manbalar va ashyolar ko’rgazmasini tashkil etildi.
Mazkur ko’rgazmada “Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi”, “XX asr boshlaridagi tarixiy-madaniy sharoit”, “Yoshlik yillari”, “Balog’at yillari”, “Ma’rifatlik faoliyati”, “Muftiylik faoliyati”, “Haj safari”, “Milliy teatr va dramaturgiyaning asoschisi”, “Noshirlik va maqolanavislik faoliyati”, “Istanbulda ustoz bilan uchrashuv”, “Siyosiy kurashlar sahnasida”, “Milliy armiya orzusi”, “Abadiyati”, “Milliy armiya orzusi” nomli foto va hujjat nusxalaridan iborat stendlar, shuningdek, Behbudiy davrida nashr etilgan kitoblar, Turkiston milliy matbuoti (gazeta va jurnallar) namunalarining asl nusxalari, o’sha davrga oid turli ashyolar namoyish etilgan.
Shu bilan birga, keyingi yillarda O’zR VM Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi tomonidan M.Behbudiyning hayoti hamda ijodiga oid nashr qilingan 10 dan ziyod yangi kitoblar nusxalari ham alohida o’rin olgan.
Ko’rgazmaning tantanali ochilish marosimida Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman kengashi deputatlari, MTDP Toshkent shahar Kengashi xodimlari, partiya faollari, “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseyi o’quvchilari, O’zR MV Jamoatchilik kengashi a’zolari, talaba yoshlar hamda OAV vakillari ishtiroki etdi.
Ko’rgazmaning tantanali ochilish marosimida O’zR VM Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda Davlat xavfsizlik xizmati “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseyi, shuningdek, O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi o’rtasida o’zaro hamkorlik Memorandumlari imzolandi.
Ko’rgazma 24 yanvargacha davom etadi.