O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan tashkil etilgan “Qatag’on tarixi yosh ijodkorlar nigohida” nomli yangi ko’rgazma ham aynan “Xalqaro muzeylar kuni”ga bag’ishlangandir.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan bevosita hamkorlikda tayyorlangan ushbu ko’rgazmadan institut talabalari orasida o’tkazilgan “Qatag’on davri yosh ijodkorlar nigohida” nomli tasviriy san’at, haykaltaroshlik, hunarmandchilik, milliy liboslar ko’rik tanlovi sovrindorlarining ijod namunalari o’rin olgan.
Bayram munosabati bilan tashkil etilgan mazkur ko’rgazmadan qatag’on qurbonlari bo’lgan millatparvar, taraqqiyoparvar ajdodlarimizning siymolari aks ettirilgan kartinalar, haykallar, shuningdek milliy zargarlik buyumlari o’rin olgan.
Tadbirda Muzey va Institut rahbariyati, Badiiy akademiya akademiklarining yosh ijodkorlarga tabrik so’zlari, ko’rgazmaning mohiyati xususidagi nutqlari tinglandi. Milliy rassomlik va dizayn instituti “Libos dizayni” yo’nalishi talabalari tomonidan yaratilgan liboslar taqdimoti bo’lib o’tdi.
Muzey hamda Institut tomonidan hamkorlikda o’tkazilgan ko’rik tanlov ishtirokchilari Diplom va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi. Ular o’z asarlarini beg’araz tarzda Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi fondiga topshirdilar.











