Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

Ashurali Zohiriyning tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy anjumani bo‘lib o‘tdi

025-yil 17-noyabr kuni Farg‘ona davlat universitetining katta majlislar zalida ma’rifatparvar jadid, pedagog va adib Ashurali Zohiriyning tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi hamda FarDU tarkibidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Hasanov hamda Farg‘ona davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Bahodir Shermuhammadov ochib berdilar.

Tadbirning badiiy qismi sifatida FarDU san’atshunoslik fakulteti talabalari tomonidan Ashurali Zohiriy hayotiga oid sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Ushbu sahna ko‘rinishi S. Odilovning “Adovat va Adolat” asaridan olingan monolog asosida ijro etilib, anjumanga ma’naviy va badiiy ruh bag‘ishladi.

Ma’ruzalar davomida Ashurali Zohiriyning pedagogik faoliyati, jadid adabiyotini rivojlantirishdagi hissasi, milliy o‘zlikni anglashga qo‘shgan ulkan hissasi hamda merosining bugungi Yangi O‘zbekiston ta’limi va ma’naviy hayotidagi o‘rni atroflicha yoritildi.

Ilmiy anjuman yakunida ishtirokchilar o‘zaro fikr almashib, Ashurali Zohiriy merosining dolzarbligi bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirdilar. So‘ngra mehmonlar va ma’ruzachilar FarDU tarkibidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga tashrif buyurib, Farg‘ona vodiysi jadidlari hayoti, ularning ma’naviy merosi hamda qatag‘on davri tarixiga oid eksponatlar bilan yaqindan tanishdilar.

Scroll to Top
Skip to content