Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

Azam Ayub

A’zam Ayubov

Tariximizning ayanchli, hasratli, fojiali sahifalaridan biri sho‘rolarning mamlakatimizda olib borgan qatag‘on siyosati va uning fojiali oqibatlaridir. 1917 yildagi mudhish Oktabr to‘ntarishidan boshlab to SSSR parchalanib ketgunga qadar siyosiy qatag‘on sovet jamiyatining ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib keldi.

Jurnalist va tarjimon A’zam Ayubov 1904 yil 21 avgustda Toshkentning Rais ko‘cha mahallasida xizmatchi oilasida dunyoga kelgan. A’zam Ayub 1917 yil otasi vafot etgach maktabni tashlab, xonadonining ta’minoti uchun ro‘zg‘or ishlariga e’tibor qaratadi. Uning katta hayotdagi ilk qadamlari ana shu davrdan boshlanadi.

Yosh A’zam oila boquvchiligi bilan birga 1918 yildan Munavvarqori Abdurashidxonovning Xadradagi yetti yillik “Namuna” maktabida o‘qishini davom ettiradi. U yerda Fitrat va Qayyum Ramazonlardan saboq oladi. 1919 yili ustozlari tavsiyasi bilan “Turon” kutubxonasida kitob tashuvchi bo‘lib ishga joylashadi. Ish jarayonidagi bo‘sh vaqtida o‘zbek, rus, turk tillaridagi kitoblarni mutoala qiladi. Rossiya Telegraf agentligi Turkiston bo‘limi tomonidan nashr etiladigan “RosTA” devoriy gazetasini doimiy mutolaa qilib boradi.

“Ishtirokiyun” va “RosTA” devoriy gazetalari tahririyatiga borib, u yerda Mirmulla Shermuhammad, Cho‘lpon, G‘ozi Yunus kabi muharrirlar bilan tanishadi. Tez orada “Ishtirokiyun” gazetasiga musahhih yordamchisi bo‘lib ishga joylashadi. Shu bilan birga 1920 yil o‘rtalariga kelib A’zam Ayub “Yosh buxoroliklar”ning “Tong” jurnaliga maqolalarni oqqa ko‘chiruvchi kotib-mirza sifatida ishga qabul qilinadi. Ikki nashrdagi faoliyati jarayonida Vali Allomov, Abdulla Avloniy, Cho‘lpon, Fitrat kabi ma’rifatparvar ziyolilardan adabiyot, san’at, badiiy ijod sirlarini o‘rganadi.

1922 yil sentabridan “Qizil bayroq” gazetasi “Turkiston” nomi bilan chiqa boshladi. Bu paytga kelib A’zam Ayubning jurnalistika borasidagi tajribasi va jo‘shqin mehnat faoliyati inobatga olinib, dastlab bo‘lim mudiri, keyin esa mas’ul kotib o‘rinbosari lavozimlariga ko‘tariladi. 1925 yildan “Turkiston” gazetasi “Qizil O‘zbekiston” nomi bilan chiqa boshlaydi. A’zam Ayub 1937 yilga qadar mazkur gazetada mas’ul kotib o‘rinbosari vazifasida faoliyat ko‘rsatdi.

A’zam Ayub 1925 yilda “Kambag‘al dehqon” gazetasining shakllanishida faol ishtirok etib, 1925 yil iyuldan 1926 yil iyuligacha shu gazetada mas’ul kotib lavozimida ish yuritadi.

Ushbu gazeta tahririyati taniqli adiblar – Abdulla Qodiriy, Elbek, Oybek, Botu va boshqalar kelib turadigan, o‘zaro fikr almashadigan manzil edi. Gazetada qalamkash sifatida tanila boshlagan A’zam Ayub bu adiblar bilan tez-tez muloqotda bo‘ladi. Natijada uning matbuotga bo‘lgan qiziqishi ortib, matbuotda ishlash uchun faqat amaliy tajriba yetarli bo‘lmasligini anglaydi. Shu bois avval o‘rta maktabni tugatadi, so‘ng SAGUning ijtimoiy fanlar fakultetida o‘qiydi.

Faoliyati davomida “Qizil O‘zbekiston” gazetasining ilovasi bo‘lgan “Yer yuzi” nomli suratli jurnalga (1926-1928 yillarda) mas’ul kotiblik qiladi. Dunyo madaniyati, ijtimoiy hayoti, jahon adiblari faoliyati va asarlari bilan o‘zbek o‘quvchilarini ilk bor tanishtirgan bu jurnalning sermazmun chiqishida A’zam Ayubning xizmati katta bo‘lgan. Keyinchalik bu jurnal “Mash’ala”, “Guliston” nomi bilan chiqa boshlaganda ham, u muharrir o‘rinbosari edi (1931-1937yy.). Uning faoliyati faqatgina matbuot bilan kifoyalanmay, o‘sha davr adabiy harakatiga faol aralashishga intilgan. Davriy nashrlarda san’at va adabiy hayotga doir qator taqrizlar e’lon qilgan. U o‘z maqolalariga “A’zam Ayub”, “Chig‘atoy”, “A’zam”, “ Ayub”, “Jimit”, “Gazetchi” “Tomoshachi”, “Toshkentli”, “A. A.” taxalluslari bilan imzo chekkan.

Afsuski, mustamlakachi tuzum matbuotchi sifatida endigina elga tanilgan hamda tarjima sohasida izchil faoliyat boshlagan A’zam Ayubning hayot va ijod yo‘liga nuqta qo‘ydi. Ijodkor 1937 yil 12 oktabr kuni NKVD tomonidan burjua millatchi, 1929 yildan O‘zbekistonni sovet hukumatidan ayirib olishni maqsad qilgan maxfiy tashkilot a’zosi degan tuhmat asosida aybdor deb topiladi.

1937 yil 13 oktabrda jurnalistni qamoqqa olish bo‘yicha order beriladi. 1937 yil 15 oktabr kuni uning Toshkent shahri, Abdulla To‘qay ko‘chasi 19-uyda tintuv o‘tkaziladi va u qamoqqa olinadi. Turmush o‘rtog‘i Sojida Nosirova, ukasi Orif Ayubov, singlisi Muborak va Musharraflar akasini ilojsiz kuzatib qoldilar.

O‘zSSR NKVDning 4 bo‘lim boshlig‘i Agabekov 1937 yil 2 noyabrda Ayubov ishi bilan tanishib, uni panturkizmda ayblaydi. 1937 yil 4 noyabrda A. Ayubovning barcha qarshiliklarini sindirish maqsadida SSSR NKVD General komissari Yejov nomiga yozilgan arizaga imzo qo‘ydirildi. Unda o‘zining oilada milliy tarbiya olgani va bu uni A. Ikromovga yaqinlashtirgani, yoshlikdan sovetlar hokimiyatiga qarshi kurash olib borgani, 1929 yil Qosim Sorokin bilan millatchi tashkilotga kirgani yozilgan edi.

1937 yil 5 noyabrda A’zam Ayubga ilk so‘roq bayonnomasi imzolatildi. Unda: “A’zam Ayub 1918 yil Xadradagi maktabda Haydar Afandi, Fitrat, Qayum Ramazonlardan ta’lim olgan. Maktabda tashkil etilgan “Yosh yuraklar” tashkilotiga qabul qilingan. 1919 yildan “Turon”da ishlab, Avloniy, M. Uyg‘ur, F. Xo‘jaev, Abduvohidqori va boshqalar bilan tanishadi. 1920 yil oxirlaridan “Tong”da ishlab Fitrat, N. To‘raqulov, B. Soliev, A. Qodiriy, Botular bilan tanishadi. So‘ng A. Ikromov muharrir bo‘lgan “Turkiston”ga ishga keladi. Bu paytda Q. Sorokin gazetada texnik muharrir bo‘lib ishlagan. U yerda G‘ozi Olim Yunusov, S. Siddiq, Cho‘lponlar bor edi. 1924 yil A. Ikromov Turkiston Kompartiyasi Markaziy Komitetiga ishga o‘tgach, A. Ayubov Q. Sorokin bilan “Turkiston”, “Qizil O‘zbekiston” gazetalarida ish olib bordilar” – deb yozilgan edi.

1937 yil 15 noyabrda NKVD tergovchisi Trigulov tomonidan Matveevga tayyorlagan qarorida A’zam Ayubning “ishi”ni o‘rganish jarayonida uning 1929 yildan o‘ng troskiychi, millatchi ekani, uni tashkilotga Akmal Ikromov va Q. Sorokinlar tortgani “aniqlangan”. Ungacha “Yosh yuraklar”ning tashkilotchilaridan biri sifatida faoliyat olib borgan, deya ayblov qo‘yiladi.

A. Fitrat, O. Hoshim, Q. Ramazon bilan til va adabiyot institutida, M. Hasan bilan “Qizil O‘zbekiston”, “Pravda Vastoka”, “Mushtum”, “Turkiston” gazetalarida mafkuraviy frontda sovetlarga qarshi kurash olib borganliklarini “aniqlanib” O‘zSSR JK 57 moddasi I qismi bilan, vatanga xoinlik jinoyati ham tirkab qo‘yildi. Ayblov xulosasi 1937 dekabrda yozilgan bo‘sada, 1938 yil 3 oktabr deb qalamda to‘g‘rilandi. NKVD “uchligi”ning yopiq sudi 1938 yil 5 oktabr kuni soat 11.55 da boshlanib 12.05 gacha olib borildi. Ayblov xulosasi o‘qib eshittirildi va unda A. Ayubovga sovet hokimiyatiga qarshi millatchilik tashkiloti a’zosi, mustaqil burjua davlat tuzish tarafdori kabi soxta ayblovlar qo‘yildi va bu ayblovlar sudda to‘liq o‘z “isbotini” topdi. Unga ko‘ra A’zam Ayubov O‘zSSR JKning 58, 64, 67 moddalari bilan aybdor deb topiladi va oliy jazoga hukm qilindi. Hukm 1938 yil 4 oktabrda NKVD Harbiy Kollegiyasining shu haqidagi qarori chiqmasdan oldin ijro etilgan edi.

Shu tariqa yurtning asl farzandlaridan birining taqdiriga NKVD Harbiy Kollegiyasi tomonidan xulosa yasaldi. O‘limidan salkam 20 yil o‘tib A’zam Ayubov ishi qayta ko‘rib chiqiladi va 1957 yil 1 avgustda singlisi Muborak Ayubovaga akasining oqlangani ma’lum qilinadi.

A’zam Ayub o‘z ijodiy faoliyati davomida millat, xalq manfaatini himoya qilgan ko‘plab maqolalar, hikoyalar yozgan. Ularda ijodkor jamiyat hayotidagi ayrim illatlarni bartaraf etish maqsad etgan edi.

 “Yer yuzi”ning №3 sonida “Gazetchi” imzosi bilan oila, nikoh xususida “Chatoq muammo”, № 11 sonda “Ayubiy” imzosi bilan “Bo‘ydoqlar”, 27 yil №20 sonida ayollar huquqi masalasida “A’zam” imzosi bilan “Erkin yo‘ldoshlar maqolalarini yozdi. Shuningdek, “Xatlangan turmush” nomli maqolasida nikoh sho‘balari va ularning faoliyati yoritilgan. Muallif o‘zbek xalqi turmushdagi har xil salbiy holatlarni qalamga oladi. Maqolada qizlarni yosh nikohga berish, “qalin”, “to‘qqiz” kabi ochko‘zliklar natijasida yoshlarni baxtsiz qiladigan holatlar, ayollar huquqlari masalasi, yigitlarning ham to‘ydan oldin do‘xtir ko‘rigidan o‘tishi zaruriyati uqtiriladi. Shu yo‘nalishda yozilgan “Qiyomatlik uch taloq” hikoyasida ham o‘ta muhim bo‘lgan oilaviy munosabatlar qalamga olinadi.

Uning “Safar jabdug‘i” maqolasida insonlarning salomatliklari uchun yozgi ta’til vaqtida sayohatlar tashkil etishga chaqiradi. Yaxshi dam olishning foydalarini sanab o‘tadi. Shu yo‘nalishda jurnalning № 31 sonida “Gazetchi” imzosi bilan Qorachiroq yashagan joylarda, №32 sonida ““Qafqoziyoda bir javlon” kabi safar xotiralarini chop etadi.

A’zam Ayub maqolalari o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy hayotni o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz. Uning yaratgan asarlari, tarjima va maqolalari o‘quvchilar tomonidan qizg‘in kutib olingan. A’zam Ayub qalamiga mansub ishlar yuksak badiiy saviyasi, pishiqligi, tilining ravonligi va dozarb masalalarga qaratilgani bilan ajralib turadi.

Jamiyatdagi o‘zgarishlarga bag‘ishlab, № 5 sonda o‘qituvchilarning 1-qurultoy yuzasidan “Gazetchi” imzosi bilan “Bilimdonlar majlisi” maqolasi, “A’zam Ayub” imzosi bilan G‘amxonalardan koshonalarga, № 13 sonda yer islohotlariga bag‘ishlab “A’zam” imzosi bilan Kim kuldi, kim yig‘ladi maqolasi, № 23 sonda Rashidning qayg‘usi hikoyasi, № 30 sonda “U kun va bu kun” maqolalari chop etilgan.  “Choynakning yangi vazifasi” maqolasi sovetlarning yangi hayot qurish maskanlari bo‘lgan choyxona va klublar ichkilik targ‘ibotxonasiga aylanib qolayotganidan tashvishga tushadi. Hatto ma’naviy soha vakillari o‘qituvchilarning ham tadbirlari aroq (8×5)siz o‘tmay qolgan. Ota-onalar o‘z bolalariga qanday o‘rnak bo‘lmoqda deydi va fikrini “ul qirchinimizni qiyadi” deb yakunlaydi. A’zam Ayubning “So‘lak” hikoyasi kosib Solih aka tilidan aytiladi. Qalbaki chiroy ortidan quvuvchi qizlar hozirda ayoqqa batinka, amrikon etiklar kiyyadilar. “Bular moda desa tomdan tashlaydi” deydi kosib. Natijada mahalliy hunarmandlarning kasbi kasodga uchrayotganligidan noliydi. Vaholanki, kosiblar tayyorlagan maxsi kovushlar mahalliy, tabiiy maxsulotlar asosida tayyorlanishi, ularning inson salomatligi uchun foydali ekanligiga e’tibor qaratadi.

“Sahnadagi qahramon – omma” sarlavhali taqrizida esa Moskva teatrlaridagi yangiliklarni o‘zbek teatrlariga joriy etish haqida to‘xtaladi. U oshiqlar, dohiylar, inqilobchilar obrazlarining ko‘pchiligi tomoshabinning nazaridan qolayotganini yozadi. Tomoshabinlar uchun yangi, zamonaviy omma obrazini yaratishga chaqiradi.

Ayub tomonidan “Yer yuzi” o‘quvchilarining o‘yuni” tashkil etilib, unda 35 tagacha turi sohalarda ilmiy, siyosiy, jug‘rofiy, adabiyot va san’at yo‘nalishlaridagi savollar berilgan. A’zam Ayub tarjima sohasida ham o‘ziga xos iz qoldirdi. Chunonchi, u Goldonining “Mehmonxona bekasi”, Shillerning “Makr va muhabbat” asarlarini ruschadan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. U vaqtli matbuot sahifalarida ham bir qator kichik hikoyalarni tarjima qildi. Jumladan, P. Sumbottining “Adabsiz zanji”, Boris Pilnyakning Sultonning qahvasi hikoyalari fikrimiz dalilidir. Albatta, biz keltirgan misollar A’zam Ayubning ulkan ijodiy me’rosidan bir qatra holos.

O‘z ijodiy faoliyati davomida millat, xalq manfaatini himoya qilgan ko‘plab maqolalar, hikoyalar yozgan A’zam Ayub jamiyat hayotidagi ayrim illatlarni bartaraf etish maqsad etgan edi. Ammo uning maqsad sari eltuvchi yo‘llari shafqatsizlarcha yopildi, o‘zi qurbon qilindi. Ammo minnatdor xalq o‘z ma’rifatparvarlarini unutmadi. Ular hamon oramizda, pok nomi avlodlar qalbida yashayveradi.

Scroll to Top
Skip to content