2026-yil 5-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Duyshonkul Chotonov tashrif buyurdi.
Mehmonni muzey ma’muriy binosida muzey direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Hasanov samimiy kutib oldi.
Uchrashuv davomida tomonlar muzeyning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, so‘nggi yillarda erishilgan natijalar, xotira siyosati doirasida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Shuningdek, tarixiy xotirani asrab-avaylash, qatag‘on qurbonlari merosini chuqur o‘rganish va uni keng jamoatchilikka yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif yakunida elchi janoblari muzey ekspozitsiyasi bilan yaqindan tanishtirildi. U kishi O‘zbekistonda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, tarixiy adolatni tiklash hamda kelajak avlodga haqqoniy tarixni yetkazish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga yuksak baho berdi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda kelgusida samarali va barqaror hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.








