2026-yil 15-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida Obidjon Mahmudov tavalludining 155 yilligiga bag‘ishlangan “Obidjon Mahmudov – saxiy tadbirkor, taraqqiyparvar jadid va publitsist” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi.
Mazkur anjuman Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi hamda Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida o‘tkazildi.
Anjumanni muzey direktori, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi raisi, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Hasanov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Tadbir davomida tarix fanlari doktori, professor Dilorom Alimova hamda Obidjon Mahmudov avlodi, CYBER universiteti prorektori Alisher Abidjanov tomonidan qutlov so‘zlari bildirildi.
Anjumanda jadidchilik harakati, Turkiston milliy matbuoti, milliy davlatchilik g‘oyalari hamda Obidjon Mahmudovning ilmiy-ma’rifiy merosi yuzasidan muhim ilmiy fikr va tahlillar ilgari surildi.
Tadbirda oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari, muzey va arxiv muassasalari vakillari, tarixchilar, tadqiqotchilar, talabalar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Anjuman milliy uyg‘onish davri merosini chuqur o‘rganish, jadidlar faoliyatini keng targ‘ib etish va tarixiy xotirani asrash yo‘lidagi muhim ilmiy maydon bo‘ldi.















