Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

GERMANIYA DELEGATSIYASI MUZEYIMIZDA

Bugun Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida Germaniyadan tashrif buyurgan delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonlarni muzey direktori Baxtiyor Hasanov kutib oldi.
Delegatsiyaga Germaniyadagi SED diktaturasi oqibatlarini o‘rganish va qayta baholash bo‘yicha Federal jamg‘arma direktori va boshqaruv a’zosi, doktor Anna Kaminski boshchilik qildi.
Delegatsiya tarkibida, shuningdek, Potsdam shahridagi Lindenstrasse totalitar diktaturalar qurbonlari memorial majmuasi direktori Maria Shults, Drezdendagi Bautsner Shtrasse memorial majmuasi rahbari Ulyana Ziber hamda Germaniya Federal arxivi vitse-prezidenti, Berlindagi «Shtazi» hujjatlari arxivi mas’ul rahbarlaridan biri Aleksandra Titse ishtirok etdi.
Tashrif davomida mehmonlarga O‘zbekistonda siyosiy qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, tarixiy hujjat va ashyolarni asrash, ilmiy o‘rganish hamda ushbu tarixiy merosni keng jamoatchilikka yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Delegatsiya a’zolari muzey ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishib, O‘zbekiston tarixining murakkab va fojeali davrlariga oid materiallar, arxiv hujjatlari hamda muzey ashyolarini ko‘zdan kechirdilar.
Uchrashuv davomida tarixiy xotirani asrash, siyosiy qatag‘on qurbonlari taqdirini o‘rganish, arxiv hujjatlarini tadqiq etish hamda muzey va memorial muassasalar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Bunday uchrashuvlar tarixiy xotirani asrash, o‘tmish saboqlarini chuqur o‘rganish va ularni kelajak avlodga yetkazish yo‘lidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Scroll to Top
Skip to content