Qatag'on qurbonlari xotirasi portali

Oliy sudda 205 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarildi

2024-yil 6-may kuni Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 1930-1938 yillarda sud hukmi bilan nohaq jazoga tortilgan 205 nafar shaxsga doir 11 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Nohaq jazoga tortilganlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Xorazm, Buxoro, Jizzax va Namangan viloyatlari hududlarida aksilinqilobiy maqsadlarda harakatlar va qurolli qo‘zg‘olonlar, terrorchilik, banditizm va shpionaj sodir etish, Farg‘ona viloyati hududida bosmachilik harakatida qatnashish, partiya tashkilotlarida aksilsho‘ro faoliyatini amalga oshirish kabi jinoyatlarda ayblangan.

Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan 11 ta jinoyat ishi bo‘yicha Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida protestlar keltirildi. Ochiq sud majlislarida ushbu protestlar ko‘rib chiqilib, qanoatlantirilgan hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan 205 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining oqlov hukmlari chiqarilgan.

Sud ishida oqlangan shaxslardan biri Sa’dulla Qosimov 1900 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, 1929 yil 3 martga qadar O‘zbekiston SSR Oliy sudining raisi lavozimida ishlagan. Sovet Sotsialistik Respublikalar Ittifoqi Oliy sudi jinoyat sudlov hay’atining 1930 yil 21 iyundagi hukmiga ko‘ra Sa’dulla Qosimov mol-mulki musodara qilinib, o‘lim jazosiga tortilgan. Mazkur ish doirasida o‘sha vaqtda Qosimov bilan birga yana 6 kishi O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 63-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

O‘tkazilgan sud majlisida S.Qosimovning nabirasi F.Sa’dullayev tomonidan ushbu hukm ustidan berilgan kassatsiya shikoyati ham ko‘rib chiqilgan. Natijada S.Qosimov va boshqalarga nisbatan chiqarilgan ayblov hukmi bekor qilinib, ularning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud emasligi hamda jinoiy hodisa yuz bermagani sababli aybsiz deb topildilar va oqlandilar.

Прокрутить вверх
Перейти к содержимому