18-may – “Xalqaro muzeylar kuni” munosabati bilan O’zR VM huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida jadid taraqqiyparvari G’oziy Yunusning hayoti va ijodiga bag’ishlangan “Ko’z oching Turon eli” deb nomlangan foto, rangtasvir asarlar, yozma manbalar va buyumlardan iborat ko’rgazma tashkil etildi.
XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida Turkistonda vujudga kelgan jadidchilik harakatining asosiy bosh maqsadi – jamiyat taraqqiyoti uchun lozim bo’lgan barcha sohalarda innovasion g’oyalarni joriy qilish edi. Bu bilan jadidlar Turkiston xalqining yashash tarzini o’zgartirishni, ularning ma’naviy ongini rivojlantirishni shu bilan birga milliy davlatchilikka ega bo’lishlikni asosiy maqsadlaridan biriga aylantirgan. Shu boisdan ham “Bu ma’naviy xazinani qancha ko’p o’rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko’p savollarga to’g’ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ’ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.
Qolaversa, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 oktyabrdagi F-5598-sonli Farmoyishi hamda 2023 yil 31 avgust kuni “Shahidlar xotirasi” xiyobonida berilgan konseptual fikrlar va topshiriqlar asosida jadid taraqqiyparvarlarining xotirasini abadiylashtirish yo’lida bir qator vazifalar belgilab berilgan. Belgilangan vazifalarning ijrosi o’laroq, 2024-yil 17-mayda O’zR VM huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va Shahidlar xotirasi jamoat fondi o’zaro hamkorlikda G’oziy Yunusning hayoti va ijodiga bag’ishlangan “Ko’z oching Turon eli” deb nomlangan foto va buyumlar ko’rgazmasini o’tkazdi. Ushbu ko’rgazmada taraqqiyparvar G’oziy Yunusning hayoti va ijodiga doir foto va buyumlar ilk bor tashrif buyuruvchilar e’tiboriga havola etildi.
XX asr taraqqiyparvarlik harakatining yirik namoyondasi, shoir, jurnalist, mohir tarjimon va dramaturg G’oziy Yunusning hayoti va faoliyati, uning jadidchilik harakati hamda milliy-madaniy merosimizda tutgan o’rni va ahamiyatini yoritishga bag’ishlangan ushbu ko’rgazmada Respublikaning davlat va jamoat arboblari, taniqli tarixchi, adabiyotshunos olimlar, hamda talaba yoshlar ishtirok etdilar.
Ko’rgazmani Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Bahtiyor Xasanov o’zining qutlov so’zlari bilan ochib jumladan quyidagi fikrlarni bayon etdi: Jadid taraqqiyparvari bo’lmish G’oziy Yunus haqiqatdan ham o’zbek ziyolilari ichida eng peshqadamlardan biri edi. U bir paytning o’zida shoir, mohir jurnalist, dramaturg va jamoat arbobi sifatida Turkistonimiz tarixida beqiyos ahamiyatga ega ulug’ shaxsiyatlardan hisoblanadi. Bizning O’zR VM huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida ham bugungi kunda G’oziy Yunusning hayoti va ijodi borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, muzeyimiz yetakchi ilmiy xodimi Muslimbek Alijonov “XX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy va madaniy jarayonlarda G’oziy Yunusning tutgan o’rni” mavzusida tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori dissertasiyasini yoqlashga muvaffaq bo’ldi, ushbu ulug’ bobomiz to’g’risida 30 ga yaqin ilmiy maqolalar yozdi. Men yana bir jihatga siz aziz mehmonlarning diqqat-e’tiborlaringizni qaratmoqchiman. Bugun oramizda Abdulla Qodiriyning, Abdulhamid Sulaymon o’g’li Cho’lponning va G’oziy Yunusning avlodlari yonma-yon o’tirishibdi. Bu zotlar hayotlik paytlarida doimo millat va yurt taraqqiyoti uchun birgalikda bir tan va bir jon bo’lib xizmat qilishgan edi. Mana bugun guvoh bo’lib turibmizki, ularning avlodlari ham hozirgi kunda o’zaro do’stlik rishtalarini saqlab qolishgan. Bu esa menda g’oyatda chuqur taassurot qoldirdi. Bir so’z bilan aytganda, sovet hukumati chinorlardek bo’lmish bu ulug’ siymolarni vaxshiylarcha chopib tashladi, biroq ularning mustahkam ildizlari bo’lmish jadidlarimizning avlodlari ayni damda ushbu ko’rgazmamizning mehmonlari sifatida safimizda o’tiribdilar. Men ishonamanki, ayni damda yuqorida aziz nomlari zikr etilgan jadid bobolarimizning ham ruhlari shod bo’lmoqda.
Shu bilan birga minbarga Abdulla Qodiriyning nabirasi Sherkon Qodiriy va G’oziy Yunusning nabirasi Cho’lpon G’ozievlar ham taklif etilib, ular ham G’oziy Yunusga doir qimmatli xotiralari bilan yig’ilganlarda chuqur taassurot qoldirdilar.