A+ A-

Milliy uyg’onish harakati, uning namoyon bo’lishi va amaliy yo’nalishlari

Turkiston o’lkasi XIX asr oxiri – XX asr boshlarida mustamlakachilik siyosati oqibatida siyosiy, madaniy, iqtisodiy tanazzulga yuz tutdi. O’lkaning ilg’or ziyolilari Chor Rossiyasi istibdodidan qutulish, millatni uyg’otish, nafaqat iqtisodiy, balki madaniy taraqqiyot sari yo’l ochish, xalqqa ziyo tarqatish maqsadida ma’rifatparvarlik harakatiga asos soldilar. Muzeyning ikkinchi bo’limi ana shu jarayonlarga bag’ishlangan bo’lib, unda jadidlarning iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotni yangilash, jamiyatda islohotlar o’tkazishga qaratilgan faoliyatlari o’z aksini topgan.

Ma’rifatparvarlarning millat kelajagi yo’lidagi bu harakatlari mustamlakachi hukumat tomonidan qattiq tazyiqqa uchradi. Ammo ma’rifatparvarlik harakati tazyiq va ta’qiblarga qaramay, keng quloch yoya boshladi va ayrim jabhalarda yashirin tarzda davom etdi. Turkistonda bu harakat jadidchilik deb nom oldi.

Bo’limdagi ekspozitsiyalarda ma’rifatparvarlik harakatining eng faol namoyandalarining suratlari, yangi usul maktablari, o’sha davrda chop etilgan milliy matbuot namunalari aks ettirilgan, Qo’qon, Andijon teatr havaskorlari milliy teatr truppalari sahnalashtirgan teatr afishalari o’z aksini topgan.