A+ A-

Turkiston Muxtoriyat hukumatining tugatilishi va sovet davlati qatag’on siyosatining boshlanishi

1917-yil fevral oyida Rossiyada amalga oshirilgan inqilob natijasida Imperatorning taxtdan ag’darilishi Turkistonda ham keskin siyosiy o’zgarishlarga turtki bo’ldi. O’lkada chor hukmronligiga barham berildi, ammo yangi tashkil topgan Muvaqqat hukumat Turkistonga Rossiya mustamlakasi sifatida qarab, bu yerda ham Rossiyadagi siyosiy o’zgarishlarni to’g’ridan-to’g’ri amalga oshirdi. Rossiyadagi inqilobiy kayfiyat milliy ma’rifatparvarlarga jiddiy ta’sir o’tkazdi. Shu paytdan boshlab ularning siyosiy faoliyati jonlanib, ilk milliy ijtimoiy tashkilotlar tashkil etila boshlandi. “Sho’royi islom”, “Ulamo” singari o’z siyosiy tashkilotlarini tashkil qildilar.

1917-yil oktabirda Rossiyada bolsheviklar tomonidan davlat to’ntarilishi amalga oshirildi, shu kunlarda ular Turkistonda ham hokimiyatni zo’rlik bilan egalladilar. Bolsheviklar tomonidan Toshkentda 1-noyabrda Muvaqqat hukumatning Turkiston qo’mitasi a’zolari qamoqqa olinib, Turkistonda sovet hokimiyati o’rnatilgani e’lon qilindi.

Turkistondagi milliy taraqqiyparvar kuchlar Sovet hukumatining har bir xalq o’z taqdirini belgilashi haqidagi dekretiga binoan 1917-yil 26–28-noyabr kunlarida Qo’qon shahrida Turkiston o’lka musulmonlarining favqulodda IV-qurultoyini chaqirdilar. Qurultoyda muhim masalalar yuzasidan munozaralar bo’lib o’tdi. Ko’pchilik Turkiston Muxtoriyatini e’lon qilish g’oyasini qo’llab-quvvatladi. Demokratik asosda yangi hukumat – Turkiston Muxtoriyati e’lon qilindi.

Ammo bolsheviklar Turkiston Muxtoriyatini tan olishni istamadilar. 1918-yilning 19-fevralida Qo’qon shahrida faoliyat ko’rsatayotgan Turkiston Muxtoriyati hukumatiga qarshi bolsheviklar hukumati qo’shini – qizil armiya hujum boshladi. Bo’lim ekspozitsiyalari mazkur jarayonlarga bag’ishlangan bo’lib, undagi eksponatlarda Qo’qon shahrida Turkiston Muxtoriyatiga qarshi bolsheviklar uyushtirgan qatag’on siyosati va uning fojiali oqibatlari aks ettirilgan.