A+ A-

Sovet hokimiyatining “kollektivlashtirish” va “quloqlashtirish” siyosati, uning fojiali oqibatlari

Mazkur bo’lim Sovet hokimiyatining iqtisodiy sohada olib borgan qatag’on siyosatiga bag’ishlanadi. Sovet hokimiyati 20-yillar oxiri – 30-yillar boshida amalga oshirgan yer-suv islohoti, kollektivlashtirish, xususiy mulkni tugatish, sanoat va qishloq xo’jaligida davlat monopoliyasini o’rnatish siyosatini amalga oshirish jarayonida “quloqlashtirish” kampaniyasi o’tkazilib, bolsheviklar minglab xo’jaliklarning yer-suvini davlat ixtiyoriga tortib oldilar.

Ekspozitsiyada qayd etilgan ma’lumotlarning ko’rsatishicha, sovet hokimiyati nafaqat yirik yer egalari, balki xususiy ishlab chiqarish vositasiga ega bo’lgan hunarmandlar, savdogarlar, ijaraga mulk va vosita berganlar, yollanma mehnatdan foydalangan tadbirkorlar, o’rtahol dehqonlar, diniy ulamolar ham uy-joyi, mol-mulkidan mahrum etilib, “quloq” sifatida oila a’zolari bilan birga o’z yurtidan badarg’a qilindi.

Undan O’zbekistondan chetga va O’rta Osiyoga surgun qilingan “quloq”lar manzillari, surgun yo’nalishlari aks ettirilgan 5 ta xarita, “quloq” qilinganlar surgunga olib ketilgan poyezd vagoni va ular yashagan chayla-yerto’la maketlari o’rin olgan.

Ekspozitsiyaga joylangan videomateriallarda “quloq” qilingan oilalar farzandlarining xotiralari o’rin olgan bo’lib, ular qanday og’ir sharoitlarda yashab, mehnat qilganlari haqida ma’lumot beradi.