A+ A-

1937–1938-yillardagi siyosiy qatag’onlar

1937-1938-yillarda I.V.Stalin boshchiligida Sovet hokimiyati amalga oshirgan siyosiy qatag’onlar insoniyat tarixidagi eng dahshatli fojialardan biri edi. Bu davrda Sovet hokimiyatiga, uning mafkurasiga qarshi har qanday o’zgacha fikrlash, hatti-harakatga chek qo’yish, xalqni asoratda tutish, partiya va hukumat organlarini so’zsiz itoat etuvchi kadrlar armiyasiga aylantirish maqsadida misli ko’rilmagan ko’lamda qatag’on siyosatini avj oldirdi.

Bu qatag’on to’lqini eng avvalo davlat arboblari, partiya va hukumat organlari, muassasalardagi mas’ul kadrlarga qaratildi. O’zbekistonda bu jarayonda o’sha davrning eng ilg’or, faol, bilimli va tashkilotchi milliy kadrlari, ziyolilari, maorif va madaniyat xodimlari, olimlar, ziyolilar, yozuvchilar mash’um qatag’on qurboni bo’ldilar. Stalin hukumati nafaqat ularning o’zlarini, balki oila a’zolarini ham qatag’on girdobiga tortdi.

Bo’lim ekspozitsiyalarida taniqli davlat arbobi Fayzulla Xo’jayev bilan birga qatag’onga uchragan uning oila a’zolari, bundan tashqari shu yillarda qatag’on etilgan Cho’lpon, Fitrat, Akbar Rustamov, Abdulhay Tojiev singari jamoat aroblarining xotinlari, 1922-yili Germaniyaga o’qishga yuborilgan talabalarning suratlari, shu bilan birga bu davrda qatag’onga uchragan turli soha vakillari – davlat arboblari, adabiyot va san’at namoyandalari, fan va maorif xodimlari, xalq xo’jalikning turli soha vakillarining suratlari qo’yilgan.