A+ A-

Yangi kitob taqdimoti

2018-yilning 12-yanvar kuni O’zbekiston Milliy matbuot markazida muzey katta ilmiy xodimi Bahrom Irzayevning “O'zbek musiqa madaniyati tarixi sahifalaridan” nomli kitobining taqdimoti bo’lib o’tdi. Tadbir O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi bilan hamkorlikda o’tkazildi. Unda O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Sarvar Otamuratov, akademiklar yuridik fanlari doktori Akmal Saidov, filologiya fanlari doktori Naim Karimov hamda maqom markazi direktori san’atshunoslik fanlari nomzodi Soibjon Begmatovlar so’zga chiqib kitob xususida o’z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Taqdimotda OAV vakillari, talaba yoshlar ishtirok etdilar.

Mazkur kitobda XX asrning 20-30-yillari milliy matbuot sahifalarida e’lon qilingan jumladan, Fitrat, G’ulom Zafariy, Cho’lpon, Muhiddin qori Yoqubiy, Niyoz Rajabzoda kabi milliy ziyoliylarning o’zbek musiqiy merosi va uni kelgusi avlodga bezavol yetkazish haqidagi fikr va mulohazalari bayon etilgan maqolalari keltirilgan.