A+ A-

Respublika ilmiy amaliy anjumani

2014 yil 21 mayda O’zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi bilan hamkorlikda “Abdulla Qodiriy ijodining milliy g’oya targ’iboti va barkamol avlodni tarbiyalashdagi ahamiyati” mavzuida respublika ilmiy amaliy anjumani o’tkazildi. Anjumanida o’zbek adiblari asarlari, jumladan, A.Qodiriy asarlari asosida milliy g’oya targ’ibotini yangi bosqichga olib chiqish va barkamol avlodni tarbiyalash, Abdulla Qodiriy ijodining mustaqillik davridagi ahamiyati, adib asarlari qahramonlarining yosh avlod uchun ibrat namunasi ekanligi, adib asarlarining tarixiy o’tmish va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg’usi bilan yo’g’rilganligi kabi masallar muhokama etiladi.

Anjuman “Qatag’on qurbonlari xotirasi” muzeyi ilmiy xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan “1937-1938 yillardagi siyosiy qatag’on: “Katta qirg’in”ning kelib chiqish sabablari va fojiali oqibatlari” mavzuidagi ilmiy-amaliy Davlat dasturi bilan bog’liq bo’lib, unda muhokama etiladigan muammolar, birinchidan, qatag’on qilingan o’zbek yozuvchilari adabiy merosining mustaqillik yillarida o’rganilishi, xalqqa qaytarilishi va ularning Milliy istiqlol g’oyasi targ’ibotidagi ahamiyati masalalarini tahlil qilish, ikkinchidan, erk va hurriyat g’oyalari bilan sug’orilgan asarlarning hozirgi davrdagi badiiy qimmatini belgilash, uchinchidan, ular merosidagi ma’naviy-ma’rifiy masalalarning bugungi barkamol avlodni tarbiyalashdagi ahamiyatini aniqlash va ko’rsatish imkonini beradi.