A+ A-

Ko'rgazma o'z ishini boshladi

“ABDULLA QODIRIY TOSHKENTI”

NOMLI BADIIY KO‘RGAZMA OCHILDI

16-aprel kuni “Toshkent Fotosuratlar uyi”da O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda ulug‘ o‘zbek adibi, o‘zbek romanchilik maktabining asoschisi Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligiga “Abdulla Qodiriy Toshkenti” mavzuidagi foto va tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi ochildi.

Ma’lumki, A.Qodiriy XIX asrning oxiridan XX asrning qariyb 30-yillarigacha Toshkentda yashab ijod etgan. Shu davrda Toshkent O‘rta Osiyoning yirik madaniy-ma’rifiy markazlaridan biri bo‘lib, A.Qodiriy ijodining shakllanishida g‘oyat katta rol o‘ynadi. Nafaqat Sharq, balki G‘arb madaniyatining yutuqlari ham kirib kela boshlagan Toshkentda Qodiriy madrasa ta’limini oldi, rus-tuzem maktabida o‘qidi, shu yerdagi adabiy-madaniy muhitdan bahramand bo‘ldi.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan Eski Toshkent manzaralarini aks ettiruvchi fotosuratlar shu haqida hikoya qiladi.

Ko‘rgazmaning 2-qismi tasviriy san’at asarlaridan iborat. Bu bo‘limda adib hayotini aks ettiruvchi rangtasvir asarlari bilan birga uning asarlariga ishlangan illustrasiyalar tashrifchilar e’tiboriga havola qilingan.

Abdulla Qodiriyning ijodi nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki milliy kino, teatr va tasviriy san’atning ham rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

Ko‘rgazmada Kamoliddin Bexzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professor-o‘qituvchilari va talabalarining Abdulla Qodiriy ijodiga bag‘ishlab ishlangan asarlari ham namoyish etiladi.

Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi rahbariyati va xodimlari, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi rahbariyati, Respublika ma’naviy va ma’rifat markazi rahbariyati, taniqli rassomlar, Abdulla Qodiriyning avlodlari, shuningdek, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Kamoliddin Bexzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti talaba yoshlari ishtirok etdilar.