A+ A-

O’tganlarni xotirlash, keksalarni e’zozlash bizning farzandlik burchimizdir

2019-yil 3-may kuni Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida Toshkent iqtisodiyot va biznes kolleji, “Yoshlar ittifoqi” Mirzo Ulug’bek tumani kengashi bilan hamkorlikda 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “O’tganlarni xotirlash, keksalarni e’zozlash bizning farzandlik burchimizdir” mavzuida ma’rifiy tadbir o’tkazildi.

Unda mehnat faxriylari, jamoatchilik vakillari, kollejning o’qituvchi va o’quvchilari ishtirok etdilar.

Tadbir “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasidagi mustabid tuzum qatag’on siyosati qurbonlarining ramziy qabri oldida, Vatan ozodligi, el-yurt ravnaqi yo’lida jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirishdan boshlandi. Bu yerda Muzey ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari M.Zikrullaev ishtirokchilarga majmuaning bunyod etilishi tarixi va uning ahamiyati xususida qisqa ma’lumot berdi, Qur’on tilovat qilindi, ramziy qabrga o’quvchilar tomonidan guldastalar qo’yildi.

Tadbirning ikkinchi qismi bevosita muzeyda davom ettirildi.

Ishtirokchilar Muzey direktori, t.f.d., prof. B.Hasanov, Toshkent iqtisodiyot va biznes kolleji direktori G’.Ergashev, Toshkent shahar Mirzo Ulug’bek tumani Yoshlar ittifoqi raisi Z.Sa’dullaevning ma’ruzalari va O’zbek milliy drama teatri jamoasi aktyorlari, shoir Anvar Eshnazarovlarning chiqishlarini tingladilar. Muzey faoliyatiga oid videorolik hamda “Hiyobon” nomli musiqali klip namoyish etildi.

Tadbir nihoyasida ishtirokchilar muzey ekspozisiyasi bilan tanishdilar.