A+ A-

.


2019 yil 6 may kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 apreldagi “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-4298-sonli qarori asosida O’zR VM “O’zarxiv” agentligi, O’zbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda 9 may ­ Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat” shiori ostida “Toshkent Fotosuratlar uyi”da “Xotira muqaddasdir” nomli Ikkinchi jahon urushiga o’zbekistonliklarning qo’shgan ulkan hissasi haqida ma’lumot beruvchi tarixiy foto va hujjatlar ko’rgazmasi ochildi.

Tantanali ochilish marosimida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O’zarxiv” agentligi, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag’on qurbonlari xotirasi” muzeyi rahbar va xodimlari ishtirok etdilar.

Ko’rgazmada 70 dan ziyod arxiv fotohujjatlari hamda 40 dan ortiq alohida qimmatli arxiv hujjatlari, gazetalar va kitoblar namoyish etildi.

Mazkur ko’rgazma ekspozitsiyasini O’zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, O’zbekiston Respublikasi kinofotofono hujjatlar Markaziy davlat arxivi hamda Toshkent shahar arxivlarining Ikkinchi jahon urushi yillarda O’zbekiston mamlakati va xalqining hayoti aks etgan fotohujjatlar, gazetalar hamda fahriy medallar tashkil etadi.

Shuningdek, ko’rgazmada Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar instalyatsiyasi, ya’ni 1941-1945 yillarining qo’shiq va kuylari, ro’zg’or buyumlari, dasturxonlari namoyish etildi.

Ko’rgazma doirasida O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’lim vazirligi, Ikkinchi jahon urushi va mehnat veteranlari, O’zbekiston veteranlarini ijtimoiy qo’llab-quvatlash “Nuroniy” fondi vakillari, fan va madaniyat arboblari ishtirokida o’quvchi va talaba yoshlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.