A+ A-

Respublika ilmiy-amaliy anjumani

2019-yil 24-may kuni muzeyda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-fevraldagi 133-f-sonli farmoyishi asosida “Mahmudxo’ja Behbudiy va uning Turkistondagi milliy uyg’onish davri maorifi, adabiyoti va san’atining shakllanishi va rivojlanishidagi roli” mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani o’tkazildi.

Jadidchilik harakatining taniqli namoyandalaridan biri, ma’rifatparvar Mahmudxo’ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi munosabati bilan o’tkazilgan mazkur anjumanda Respublikamizning taniqli tarixshunos, adabiyotshunos, manbashunos olimlari, akademiklar, Behbudiyning Samarqanddagi avlodlari, shuningdek, O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat moliya instituti, TDShI qoshidagi akademik litseyprofessor-o’qituvchilari hamda talaba yoshlar ishtirok etdilar.

Anjuman an’anaga ko’ra “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasidagi mustabid tuzum qatag’on siyosati qurbonlarining ramziy qabri oldida, Vatan ozodligi, el-yurt ravnaqi yo’lida jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirishdan boshlandi.

Anjumanda muhokama etilgan muammolar, birinchidan, jadid ma’rifatparvarlarining sovet hokimiyati yillaridagi fojiali taqdiri, Turkistondagi milliy uyg’onish harakati tarixi va namoyandalari faoliyatining hozirgi kundagi ijtimoiy, madaniy va tarbiyaviy ahamiyatini o’rganish,ikkinchidan qatag’on qilingan ma’rifatparvar ajdodlarimizning merosini mustaqillik yillarida o’rganilishi, xalqqa qaytarilishi va ularning Milliy istiqlol g’oyasi targ’ibotidagi ahamiyati masalalarini tahlil qilish, uchinchidan, ular merosidagi ma’naviy-ma’rifiy masalalarning bugungi barkamol avlodni tarbiyalashdagi ahamiyatini aniqlash va ko’rsatish imkonini beradi.

Anjuman ishtirokchilarining ilmiy ma’ruzalari Behbudiy va u yashagan davrning siyosiy, ijtimoiy, adabiy va falsafiy masalalarini tadqiq qilish, tarixiy jihatdan to’g’ri xulosalar chiqarishga zamin yaratishi shubhasizdir.