A+ A-

.

2019-yil 30-may kuni Qarshi davlat universitetida Qarshi davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag’on qurbonlari xotirasi muzeyi hamda “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondi bilan hamkorlikda Abdulla Qodiriy – Tanburiy tavalludining 123 yilligiga bag’ishlangan Respublika ilmiy-amaliy anjumani o’tkazildi.

Anjumanda, Qashqadaryo viloyatidagi turli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qarshi davlat universiteti professor o’qituvchilari, talaba yoshlari, shuningdek, sovet davri qatag’oni jabrdiydalaridan biri – ma’rifatparvar, mohir san’atkor, o’zbek milliy musiqa asboblarini yasash bo’yicha o’ziga xos maktab yaratgan vatandoshimiz Abdulla Qodiriy (Tanburiy)ning avlodlari, shogirdlari ishtirok etdilar.

Unda universitet rahbariyatining tabrik so’zi, O’zR VM Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi raisi, t.f.d., professor B.Hasanov, O’zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi vakili D.Chorieva, “Oltin meros” fondining Qashqadaryo viloyat bo’limi rahbari Sh.Ashurova, QarDU tuzilmasidagi Qatag’on qurbonlari muzeyi direktori D.Raxmatovaning ma’ruzalari tinglandi.

Qarshi san’at kolleji jamoasi tomonidan ilk bora namoyish etilgan “Abdulla Qodiriy – Tanburiy hayoti sarchashmasi” spektakli, ayniqsa, yig’ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Ishtirokchilarga Tanburiy yaratgan o’zbek rubobi hamda uning surgunda bo’lgan yillarida yasagan noyob yig’ma tanburi namoyish etildi va tarixi xususida ma’lumotlar berildi. Tanburiyning chevarasi tomonidan aynan shu tanburda mumtoz kuy ijro etildi.