A+ A-

RASMIY UCHRASHUV

Joriy yilning 9-oktyabr kuni O’zR VM Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2019-yil 30-sentabrdagi 04-4/41838-sonli xati asosida Konrad Adenauer nomidagi Fondning Markaziy Osiyodagi hududiy vakolatxonasining yangi tayinlangan boshlig’i janob Ronni Xayne bilan istiqboldagi o’zaro hamkorlik masalalariga bag’ishlangan rasmiy uchrashuv o’tkazildi.

Germaniyaning mazkur fondining O’zbekistondagi vakolatxonasi bilan Muzey o’rtasida 2008-yildan buyon hamkorlik aloqalari o’rnatilgan. O’tgan davr mobaynida hamkorlikda 3 ta ilmiy-tadqiqot loyihasi amalga oshirilgan. «Ustnaya istoriya (oral histori) v otechestvennoy i zarubejnoy praktike: metod, istochnik, kulturno-obrazovatelnie texnologii» mavzusida xalqaro konferensiya o’tkazilgan (1-noyabr 2018-yil. Toshkent). Fond ko’magida ushbu konferensiya materiallari alohida to’plam tarzida nashr etilgan. (2019-yil. Toshkent).

R.Xayne va vakolatxona xodimlaridan tashkil topgan delegasiya a’zolarini Muzey direktori B.Hasanov hamda ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari M.Zikrullaevlar kutib oldilar.

Rasmiy uchrashuvning birinchi qismida tashrifchilar muzey ekspozitsiyasi bilan tanishtirildi. B.Hasanov tomonidan maxsus ekskursiya o’tkazildi.

Uchrashuvning muzokaralar qismida Konrad Adenauer nomidagi Fondning Markaziy Osiyodagi hududiy vakolatxonasi bilan o’zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, kelgusida hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo’lgan loyihalar xususida fikr almashinildi.

Fondning bevosita ko’magida “Mustabid tuzum davri qatag’onlarining Farg’ona vodiysidagi shohidlari: arxitektura va odamlar” (yo’lko’rsatkich)ni yaratish, Germaniyadagi turdosh muzeylar bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish, shuningdek, dolzarb tarixiy mavzularga bag’ishlangan xalqaro konferensiyalar o’tkazish borasida dastlabki kelishuvlar qilindi.