A+ A-

Xudoybergan Devonovga bag’ishlangan kitob-albom taqdimoti

Joriy yilning 22-yanvar kuni Toshkent Fotosuratlar uyida ilk o’zbek fotosuratchisi hamda milliy kino asoschisi Xudoybergan Devonovga bag’ishlangan kitob-albom taqdimoti bo’lib o’tdi.

Atoqli olim, akademik Naim Karimov tomonidan yaratilgan noyob tarixiy fotosuratlari bilan bezatilgan mazkur kitob-albom rus va o’zbek tillarida Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoatchilik fondi tomonidan nashr etilgan. Nashr Mustaqil O’zbekiston asoschisi Prezident Islom Karimov tavalludining 82 yilligiga bag’ishlangan turkum tadbirlar doirasida chop etildi.

Taqdimot marosimida ijodiy va jamoat tashkilotlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdilar.

Xudoybergan Devonov (1878, Xiva — 1940, Toshkent) — birinchi o’zbek kinooperatori. 1907-08 yillar Moskva, Peterburgdan teleskop, grammofon, foto va kino asboblari olib kelib fotolaboratoriya tashkil etgan. Bu laboratoriya Xorazmda fotokinostudiya vazifasini o’tagan.

Xudoybergan Devonov ijodi rus kinosan’atkorlari faoliyati bilan deyarli bir vaqtda boshlangan. U «O’rta Osiyo me’moriy yodgorliklari», «Turkiston ko’rinishlari», «Xiva va xivaliklar» kabi qisqa filmlarni ishlagan. O’z filmlarida vatanparvarlik, ma’rifatparvarlik g’oyalarini ilgari surgan. Xorazm xalqi urf-odatlari ifodalangan mingga yaqin fotosurat yaratdi.

XXSR davrida maktab, internatlar ochib, unda foto-kino ishlarini olib bordi. «Uzbekistanskaya pravda» («O’zbekistan haqiqati»), «Inqilob quyoshi» gazetalarida fotomuxbirlik qilib, Xorazm dalalarida birinchi traktorning paydo bo’lishi, dehqonlarga yer taqsimlanishi va ommaviy yig’ilishlarga oid ko’p fotosurat va kinolavhalar yaratdi.

O’zbek kinostudiyasi tashkil etilgach (1925), Xudoybergan Devonovga Xorazmda kino ishlarini olib borish topshirildi. Keyinroq «Sovkino»ning muxbiri etib tayinlandi va Moskvaga «Sho’r ko’l», «Ishchi ayollar» singari syujet va lavhalarini yuborib turdi. Xudoybergan Devonov suratga olgan kinolentalarning ko’pi haligacha topilgani yo’q. Urganch shahridagi kinoteatr, Xiva shahridagi Xudoybergan Devonov yashagan ko’cha uning nomi bilan yuritiladi.

22.01.2020


22.01.2020


22.01.2020


22.01.2020


22.01.2020


22.01.2020


22.01.2020