2026-yil 30-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondining Toshkent shahar bo‘limi hamda “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi hamkorligida “Yurt va millat fidoyilari doimo yodda va ardoqda” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda yurtimiz tarixining murakkab davrlarida qatag‘on siyosati qurboniga aylangan vatandoshlarimizning hayoti va faoliyati, ularning xalq va millat ravnaqi yo‘lidagi fidokorona xizmatlari, shuningdek, ularning xotirasini abadiylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirni Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi raisi, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Hasanov, O’zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Ismailova Jannat Xamidovna hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limi boshqaruvi raisi Soqijon Karimov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Tadbir davomida muzeyning yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Muslimbek Alijonovning “Munavvar insonlar yodi”, muzey ekspozitsiya bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Aziza Axrarovaning “Qatag‘onning achchiq qismati: ayollar va bolalar” mavzularidagi ma’ruzalari tinglandi.
Tadbirning alohida e’tiborli jihati shundaki, Toshkent shahri bo‘yicha qatag‘on qurboni bo‘lgan insonlarning 30 ga yaqin avlodi tadbirga taklif etildi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo‘limi tomonidan qatag‘on qurbonlari avlodlari, muzey xodimlari, tarixchi olimlar va ustozlarning bir guruhiga esdalik sovg‘alari topshirildi.

















