“Jadidlar merosi – kelajagimiz poydevori” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi.

XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida Turkistonda vujudga kelgan jadidlik harakatining asosiy maqsadi jamiyat taraqqiyoti uchun lozim bo’lgan barcha sohalarda innovasion g’oyalarni joriy qilish bo’ldi. Bu jarayon jadidlar nazarida Turkiston xalqining yashash tarzini o’zgartirishga, ularning ijtimoiy-ma’naviy ongini shaklantirishga imkon beradigan asosiy omil edi.

Ma’lumki, so’ngi yillarda Uchinchi renessans uchun tamal toshi qo’yilayotgan Yangi O’zbekistonda chor Rossiyasi mustamlakachiligi va mustabid sovet tuzumi davrida millat ravnaqi, yurt ozodligi uchun kurashgan ma’rifatparvar jadidlarning hayoti, faoliyati, ulardan qolgan boy ilmiy, adabiy, publisistik merosni yanada chuqur o’rganishga alohida e’tibor berilmoqda. Bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Ma’rifatparvar ajdodlarimiz xotirasiga yuksak ehtirom ko’rsatish maqsadida 2024-yil 15-mart kuni O’zR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi hamda Vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi bilan hamkorlikda “Jadidlar merosi – kelajagimiz poydevori” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi.

Tadbirda ishtirok etgan Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Xasanov, muzey bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori Baxrom Irzaev, muzey yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori Muslim Alijonovning mavzuga oid ma’ruzalari, Qatag’on qurbonlariga bag’ishlangan “Hiyobon” qo’shig’i (musiqali klip) namoyishi harbiy xizmatchilarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir so’ngida O’zR VM Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda Mudofaa vazirligi o’rtasida o’zaro hamkorlik Memorandumini rasmiy imzolash marosimi bo’lib o’tdi.