Nosirxon to’ra Saidkamolxon to’ra o’g’li tavalludining 150 yilligiga bag’ishlangan Respublika ilmiy-amaliy anjumani o’tkazildi.

Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning tinch va farovon hayotini ta’minlash yo’lida mardona kurash olib borib aziz jonlarini fido qilgan, mustabid tuzum davrida qatag’on qilingan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini o’rganish hamda targ’ib etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu ezgu ishlarning davomi o’laroq, 2023-yil 8-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag’on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Musulmonlar idorasi hamda O’zbekiston Milliy media assosiasiyasi bilan hamkorlikda Nosirxon to’ra Saidkamolxon to’ra o’g’li tavalludining 150 yilligiga bag’ishlangan  “Nosirxon to’ra Saidkamolxon to’ra o’g’lining faoliyati va ilmiy merosining Milliy davlatchilik tarixidagi o’rni va ahamiyati” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumani o’tkazildi.

Mazkur anjumanda Nosirxon to’ra va din arboblarining erk va hurriyat uchun kurashga, Turkiston Muxtoriyatining konseptual masalalariga munosabati, Nosirxon to’raning Turkiston Muxtoriyatining maorif noziri sifatidagi faoliyati, shu bilan birga Yangi O’zbekiston davrida XX asrning 20-50-yillarda qatag’on qilingan davlat, jamoat, din arboblarining siyosiy qatag’onga uchrashi sabablarini ilmiy o’rganilishi masalalari muhokama qilindi.

Ushbu Respublika  ilmiy-amaliy anjumanida professor va tadqiqotchilar tomonidan ilmiy anjuman mehmonlariga taqdim etilgan ma’ruzalar ushbu siymoning hayoti va foliyatini xolis va birlamchi manbalar asosida o’rganish O’zbekiston xalqining uzoq yillar davom etgan milliy ozodlik harakatlari, erk va hurriyat yo’lida olib borgan kurash tarixining muhim sahifasi sifatida talqin etish imkoniyatini beradi.