Oliy sud 240 nafar Qatag’on qurbonini reabilitasiya qildi

Oliy sudga Uchlik Kengashining maxsus yig‘ilish qarorlariga ko‘ra 1929-1931 yillarda hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududlarida bosmachilik harakati a’zolari bo‘la turib, qurolli to‘da tuzishib, sovet hukumatiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon yoki aksilinqilobiy maqsadlarda harakatlarni amalga oshirganlikda ayblangan O‘zbekiston SSR va Qozog‘iston SSR fuqarolari bo‘lgan 240 nafar shaxsga oid 5 ta jinoyat ishi kelib tushib, ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqildi.

Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya protestini berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomalar hamda apellyatsiya tartibida protestlar keltirildi.

2023 yil 24 avgust kuni ochiq sud majlislarida ushbu iltimosnomalar va protestlar ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 5 ta jinoyat ishi bo‘yicha 240 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi.

Shu asnoda adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi.

Mustaqillik yo‘lida fidokorona kurash olib borgan, hatto o‘z jonini fido qilgan qatag‘on qurbonlarining pok nomlari xalqimiz qalbida mangu yashaydi.